Sport | 21:50 / 27.08.2018
32750
5 daqiqa o‘qiladi

Osiyo o‘yinlarida to‘qqizinchi kun. Qozog‘iston O‘zbekistondan o‘zib ketdi

Bugun, 27 avgust kuni Indoneziyaning Jakarta hamda Palembang shaharlarida XVIII yozgi Osiyo o‘yinlarining to‘qqizinchi kun musobaqalari o‘tkazildi. Bugungi bahslarda 21 nafar o‘zbekistonlik sportchi 7 sport turi bo‘yicha musobaqalarda ishtirok etishdi. Shuningdek, Ravshan Haydarov boshchiligidagi O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi futbol musobaqasining chorak finalida Janubiy Koreyaga qarshi maydonga tushdi.

O‘zbekiston delegatsiyasi bugun 3ta medal bilan kifoyalandi - 2 kumush va 1 bronza.

Sinxron suzish
Saralash bahslarida ishtirok etgan Anastasiya Morozova va Anna Yeltisheva tandemi o‘z chiqishida 77,78 ball bilan beshinchi natijani qayd etdi va finalga yo‘llanma ololmadi.

Yengil atletika
Balandlikka sakrash bo‘yicha musobaqa finalida qatnashgan Dmirtiy Melsitov medal ololmadi - u 2,20 m natija ko‘rsatib, 9-o‘rinda qoldi. Birinchi o‘rinni 2,30 m natija qayd etgan xitoylik Vang Yu egalladi.

800 m masofaga yugurish bo‘yicha saralashda ishtirok etgan Xurshidjon Ahmadaliyev 1:51.49 daqiqa natija bilan 17-o‘rinni egalladi.

Karate. WKF
Bugungi bahslarda o‘zbekistonlik 4 nafar karatechi ishtirok etdi.

O‘zbekiston karate jamoasining -50 kg vazn toifasidagi vakili Bahriniso Babayeva Osiyo o‘yinlari kumush medaliga sazovor bo‘ldi.

Foto: Bahriniso Babayeva / Kun.uz

Bahriniso Babayeva finalga qadar filippinlik Junna Sukini, Birlashgan Arab amirliklari vakili Alajmi Havrani va tailandlik Raksachart Pavinani mag‘lubiyatga uchratgandi. Ammo oltin medal uchun Xitoy Taypeyi vakilasi Shiashuang Guga qarshi tatamiga chiqib, 2:3 hisobida yutqazib qo‘ydi.

-84 kg vazn toifasida O‘zbekiston sharafini himoya qilgan Shahboz Axatov bronza medali uchun jangda Xitoy Taypeyi vakili Vu Chunveyga imkoniyatni boy berdi.

-68 kg vazn toifasidagi Dildor Annadurdiyeva hamda -75 kg vazn toifasida O‘zbekiston sharafini himoya qilgan Dastonbek Otabolayev turnirdagi ishtirokini erta yakunladi.

Og‘ir atletika

Rustam Jangaboyev shohsupada
Foto: Kun.uz

Rustam Jangaboyev O‘zbekiston nomiga 12-bronzani yozib qo‘ydi. +105 kg vazn toifasidagi bahslarda qatnashgan Jangaboyev dast ko‘tarishda 203 kg, siltab ko‘tarishda 252 kg og‘irlikdagi toshni o‘ziga bo‘ysundirdi va 455 kg natija bilan uchinchi o‘rinni egalladi.

Futbol
Ravshan Haydarov boshchiligidagi futbol bo‘yicha O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi Osiyo o‘yinlarining yarim finaliga chiqish uchun Janubiy Koreya terma jamoasiga qarshi o‘ynab, qo‘shimcha bo‘limlar oxirida penaltidan o‘tkazilgan gol tufayli 3:4 hisobida alamli mag‘lubiyatga uchradi va turnirdan chiqib ketdi.

Foto: Hasan Pirmuhammedov

Ot sporti
O‘zbekistonlik chavandozlar birinchi bosqich bahslarida 17 jamoa ichida to‘qqizinchi natijani qayd etishdi.

Boks

Foto: Isroil Madrimov / Kun.uz

Bugungi janglarda ishtirok etgan o‘zbekistonlik bokschilarning barchasi keyingi bosqichga yo‘l oldi.

-49 kg vazn toifasida Hasanboy Do‘smatov, -56 kg vazn toifasida Miraziz Mirzahalilov, -64 kg vazn toifasida turnirga kelgan Iqboljon Xoldorov hamda O‘zbekiston delegatsiyasi bayroqdori, -75 kg vazn toifasidagi Isroil Madrimov chorak finalda ishtirok etadi.

Badiiy gimnastika

Foto: Sabina Toshkenboyeva / Milliy olimpiya qo‘mitasi

Badiiy gimnastika bo‘yicha bahslarda ishtirok etgan, Sabina Toshkenboyeva, Nuriniso Usmonova, Dildora Rahmatova va Asal Ikromovadan iborat O‘zbekiston jamoasi 155,300 ball to‘plab, kumush medal bilan kifoyalandi. Birinchi o‘rin Qozog‘iston jamoasiga nasib etdi (159,850), Janubiy Koreya uchinchi o‘rinni egalladi (151,100).

Badiiy gimnastikachilar kumush medal olishgan bo‘lishsada, oltin medalni Qozog‘istonga boy berishi, umumiy reytingda qo‘shni davlat delegatsiyasi O‘zbekistonni quvib o‘tishiga sabab bo‘ldi. Endilikda Qozog‘iston hisobidagi oltin medallar soni 7taga yetgan, O‘zbekiston 6 oltin bilan 11-o‘ringa tushib qolgan.

Mavzuga oid