O‘zbekiston | 15:31 / 29.08.2018
31525
2 daqiqa o‘qiladi

Prezident: «Bizning kamchiligimiz - qishloq xo‘jaligida ilmni ishlatmaymiz» 

Prezident Shavkat Mirziyoyev Bekobod tumanidagi «Yusupov G‘ofurjon fayz» fermer xo‘jaligi dalasida bo‘lib, paxta rivojini ko‘zdan kechirdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar bermoqda.

Toshkent viloyati fermerlari bilan muloqotda g‘o‘zani 60 santimetr oraliqda qo‘shqator ekish, agrotexnik tadbirlarni sifatli bajarish, suvdan tejab foydalanish, paxtani qayta ishlash masalalari haqida so‘z yuritildi.

«Bizning kamchiligimiz - qishloq xo‘jaligida ilmni ishlatmaymiz. Dunyo bozorida raqobat shafqatsiz. Unga munosib bo‘lish uchun avvalo ilm kerak. Yaxshi nav, yaxshi qarov, innovatsion texnologiyalar kerak. Dehqon dalaga kirdimi, daromad topishi zarur» dedi prezident.

«Yusupov G‘ofurjon fayz» fermer xo‘jaligi joriy yilda 31 gektar maydonga g‘alla ekib, 71 sentnerdan oshirib hosil oldi. Bugungi kunda 47 gektardan ortiq maydonda g‘o‘za parvarishlanmoqda. Undan 35 sentnerdan ziyod hosil olish mo‘ljallanmoqda, deyiladi xabarda.

Fermer eksportchi tashkilotlarga mosh, loviya, ichki bozorga kartoshka va sabzi sotish bo‘yicha shartnoma tuzgan.

«Qishloq xo‘jaligida klaster usuliga o‘tyapmiz, fermer xo‘jaliklarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlayapmiz. Bugun biz sizlarga ko‘mak bersak, ertaga sizlar xalqimizga ko‘mak bo‘lasizlar» dedi davlat rahbari.

 

Mavzuga oid