O‘zbekiston | 16:49 / 04.09.2018
7106
4 daqiqa o‘qiladi

Xalqaro maqom san'ati anjumaniga tayyorgarlik yakuniy bosqichga kirdi

Yashil shahar deya e'tirof etiluvchi go‘zal va maftunkor Shahrisabzda 6-10 sentabr kunlari o‘tadigan Xalqaro maqom san'ati anjumaniga ham sanoqli kunlar qoldi. Ayni vaqtda ushbu nufuzli san'at anjumaniga tayyorgarlik yakuniy bosqichga kirgan.

O‘zA muxbiri mazkur san'at bayrami oldidan O‘zbekiston xalq hofizi Orolmirzo Safarov bilan suhbatlashdi.

– Maqomni his qilish, uning ma'nosini anglab tinglash barchaga ham nasib etmaydi. Maqom shunday kuchli ohanraboki, uni ijro etgan sari yangi-yangi ma'nosini anglaysiz. Qadimda ne-ne zotlar maqomga oshufta bo‘lmagan, uni sevib tinglamagan. Qomusiy olim Forobiydan tortib, ulug‘ mutafakkir Mir Alisher Navoiy, buyuk matematik va astronom Mirzo Ulug‘bek hamda shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Boburlar bo‘sh vaqtlarida musiqa ilmi bilan shug‘ullanishga kuch topgan, kuy bastalagan. Shunday ulug‘ zotlarni o‘ziga maftun etgan maqomni sevmaslik, uni maromiga yetkazib ijro etmaslik mumkinmi?!

Amaliyot bo‘lmasa nazariya paydo bo‘lmaydi. XV asrdan XVIII asrga qadar Sharq mamlakatlarida maqom ijrochiligi ancha rivojlangan. Orada biroz susaygan bu san'at turi XX asr boshlariga kelib yana yuksalgan.

Akademik Yunus Rajabiy tashkil etgan maqom ansambli o‘zbek maqomining saqlanib qolishi va rivojida katta ahamiyat kasb etdi. Shu bilan birga maqom nazariyasida o‘z zehni va tafakkuriga ega Ishoq Rajabiy, Otanazar Matyoqubov va Ilyos Akbarov tomonidan Sharq musiqasi tarixida ulkan boylik sanaluvchi tadqiqotlar olib borildi.

Yurtimizda asos solingan maqom nazariyasi juda kuchli. Uni nafaqat yosh ijrochilar, balki taniqli san'atkorlar ham hali chuqur anglab yetgani yo‘q. Maqomchilik amaliyotini rivojlantirish uchun biz maqom usullariga, musiqa ilmi durdonalariga murojaat etibgina qolmasdan, mumtoz adabiyotni, maqom paydo bo‘lgan davrlar ijtimoiy-iqtisodiy hayotini ham chuqur o‘rganishimiz lozim. Maqomning har bir so‘zida dard, iztirob, o‘y-kechinmalar yotadi. Buni anglash uchun hofiz ham filolog, ham tarixchi bo‘lishi zarur. Ayni paytda maqomni ijro etishda hofizdan mohir aktyorlik talab qilinadi. Shular uyg‘un bo‘lsagina maqomchilik amaliyotini rivojlantirgan bo‘lamiz.

Sharq musiqiy tamaddunining muhim boyligi bo‘lgan maqomni turkiy tilda so‘zlashuvchi barcha xalqlar tan oladi va sevib kuylaydi. Uning qanday atalishining farqi yo‘q. Muhimi, so‘zlarini aslicha saqlash, kelajak avlodga sof holicha yetkazish bizning burchimiz.

Tan olish kerak, oxirgi 15-20 yil ichida maqom san'atimiz biroz oqsagan paytlar bo‘ldi. Uni kim qanday xohlasa shunday ijro eta boshladi. Ammo bugun maqom san'at olamida yana o‘z mavqeini tikladi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan maqom san'atiga qaratilayotgan e'tibor uning jonlanishiga kuchli turtki bo‘ldi.

Shu kunlarda qadimiy Keshga Xalqaro maqom san'ati anjumanida ishtirok etish uchun xorijiy davlatlardan mashhur xonandalar, sozanda-yu maqom bilimdonlari, mehmonlar tashrif buyuradi. Ushbu anjuman o‘zbek mumtoz maqomining keng tarannum etilishiga xizmat qiladi.

Tajribali va yosh musiqashunos olimlar, xonanda va sozandalar ishtirokida tashkil etiladigan anjuman xalqimiz va turli mamlakatlardan keladigan san'at ustalari uchun haqiqiy bayramga aylanadi. Ishonamizki, xalqaro anjuman turli xalqlar vakillarini san'at vositasida birlashtiradi, maqom san'atini jahonda yanada yuksaltiradi.

Mavzuga oid