O‘zbekiston | 10:08 / 06.09.2018
6771
3 daqiqa o‘qiladi

YaST bo‘yicha hisobotda nimalar o‘zgardi?

Foto: 123RF

Moliya vazirligi va DSQning qarori bilan soliq hisobotining shakllariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi, deb yozmoqda Norma.
 
YaST hisob-kitobida 2018 yil 1 apreldan boshlab yuridik shaxsdan olinib, uning ustav fondiga (ustav kapitaliga) yo‘naltirilgan dividendlar bo‘yicha hamda eksport qiluvchi korxonalar uchun soliq stavkasiga tuzatish kiritish bo‘yicha imtiyozlar bekor qilingani aks ettirildi. Soliq solinadigan baza va soliq summasi ikkita summa bilan – 2018 yil I choragi uchun alohida va qolgan summa ko‘rsatiladi. YaST summasini kamaytiradigan QQS va O‘zbekistonning xalqaro shartnomalariga muvofiq hisobga olinadigan, O‘zbekistondan tashqarida to‘langan foyda solig‘i summalari ham xuddi shu tartibda aks ettiriladi.
 
YaST hisob-kitobiga 4-ilova «Soliq solinadigan yalpi tushumning kamaytirilishi» dividendlar bo‘yicha imtiyoz bekor qilinishiga oid izoh bilan to‘ldirildi. Bunday daromadlar aks ettiriladigan 0203-satr faqat 2018 yil I choragi yakunlari bo‘yicha to‘ldiriladi va hisobot soliq davri davomida o‘zgarishsiz qoladi.
 
YaST hisob-kitobiga 6-ilova «Eksport ulushidan kelib chiqib yagona soliq to‘lovi stavkasiga tuzatish kiritish» ham mazkur imtiyoz bekor qilinganligi munosabati bilan faqat 2018 yil I choragi yakunlari bo‘yicha to‘ldiriladi va hisobot soliq davri davomida o‘zgarishsiz qoladi.
 
YaST hisob-kitobiga yangi ilova – 9-son «Avtomobil transportida yuk tashish xizmatlari ko‘rsatish bo‘yicha yagona soliq to‘lovining qo‘shimcha hisoblangan summasining hisob-kitob-ma'lumotnomasi» qo‘shimcha qilindi. Uni asosiy faoliyat turi avtomobil transportida yuk tashish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish hisoblangan yuridik shaxslar to‘ldiradilar.
 
Eslatib o‘tamiz, 2018 yilning 1 yanvaridan boshlab soliq solish tizimidan qat'i nazar, bitta transport vositasiga hisoblaganda ushbu korxonalar tomonidan to‘lanayotgan soliqlar va davlat maqsadli jamg‘armalariga majburiy ajratmalarning jami miqdori yakka tartibdagi tadbirkorlar ushbu faoliyat turi bo‘yicha to‘layotgan qat'iy belgilangan soliq miqdoridan kam bo‘lmasligi kerak (29.12.2017 yildagi PQ–3454-son qarorning 8-bandi).
 
Hujjat 20.08.2018 yildan kuchga kirdi.

Mavzuga oid