O‘zbekiston | 07:30 / 06.09.2018
20755
3 daqiqa o‘qiladi

Xalq ta'limi tizimini isloh qilishning asosiy yo‘nalishlari belgilandi

Illyustrativ foto/ Sputnik

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti “Xalq ta'limini boshqarish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi. 

Hujjat bilan quyidagilar xalq ta'limi tizimini isloh qilishning asosiy yo‘nalishlari etib belgilandi:

umumiy o‘rta va maktabdan tashqari ta'limni sifat jihatidan yangi darajaga ko‘tarish, har tomonlama kamol topgan avlodni tarbiyalash, o‘quvchilarning ma'naviy-axloqiy va intellektual rivojlanishini ta'minlash;

ushbu sohada yagona davlat siyosatini amalga oshirishda O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligining muvofiqlashtiruvchi roli va mas'uliyatini kuchaytirish, shuningdek, vazirliklar, idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining mazkur yo‘nalishdagi vazifalari, funksiyalari va vakolatlarini aniq belgilash va tartibga solish;

rahbar va pedagog xodimlarni tanlash, tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishning ilg‘or va shaffof tashkiliy-huquqiy mexanizmlarini tatbiq etish yo‘li bilan xalq ta'limi tizimida kadrlar siyosatini shakllantirishning zamonaviy tamoyillarini joriy etish;

xalq ta'limi muassasalarini boshqarish tizimiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish, shaffof va samarali jamoatchilik nazoratiga erishish, shu jumladan, barcha muassasalarning telekommunikatsiya tarmoqlariga ulanishini ta'minlash, barcha foydalanishi mumkin bo‘lgan ma'lumotlar manbasini yaratish, ularning faoliyatini baholashning elektron reyting tizimini joriy etish;

xalq ta'limi muassasalari xodimlarini moddiy rag‘batlantirishni va ijtimoiy muhofaza qilishni yaxshilash, ularning samarali ishlashi uchun munosib sharoitlarni yaratish;

zarur tashkiliy-huquqiy va texnik-iqtisodiy sharoitlarni yaratish yo‘li bilan umumiy o‘rta va maktabdan tashqari ta'lim sohasida nodavlat xizmatlarni ko‘rsatishga oid faoliyat bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxslar tarmog‘ini yanada rivojlantirish, ushbu sohaga davlat-xususiy sheriklikning turli shakllarini samarali joriy etish;

xalq ta'limi tizimiga ilg‘or xorijiy tajribani, o‘quv-tarbiya jarayoniga zamonaviy pedagogik texnologiyalarni, shu jumladan, ta'lim berishning innovatsion usullarini joriy etish, o‘quv va o‘quv-uslubiy adabiyotlarning yangi avlodini yaratish, fundamental va amaliy ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish.

Mavzuga oid