Jamiyat | 14:22 / 12.09.2018
131927
5 daqiqa o‘qiladi

​Poraxo‘r hokimlarni bog‘lab turgan omillar nima edi?

Toshkent shahrining Yunusobod tumani hokimi Baxtiyor Abdusamatov yirik miqdorda - 400 ming AQSh dollarini pora tariqasida olayotgan vaqtida ushlandi. Bu sizga boshqa holatni ham eslatyaptimi? Samarqandda viloyati hokimi lavozimida ishlagan Turob Jo‘rayev katta miqdordagi korrupsiya mojarosiga aralashib qolgandi. Keyinchalik, u ishdan olindi, Senat Kengashi Jo‘rayevni daxlsizlik huquqidan mahrum qildi.

Avvallari O‘zbekistonda yuqori mansabdor shaxsning korrupsiyada ayblanib, jinoiy javobgarlikka tortilgani kam kuzatilgan. Balki ular bo‘lgandir, lekin jamoatchilikka ma'lum qilinmagan. Shunga qaramay 2017-2018 yillarga mo‘ljallangan Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha Davlat dasturi amalda o‘z natijasini beryapti, buning isbotini esa matbuotda ko‘ryapmiz. 

International Financial Corporation hamda Jahon Banki 2013 yil taqdim etgan ijtimoiy so‘rovnoma natijalariga ko‘ra, 16 foiz aholi u yoki bu hujjatlarni rasmiylashtirishda, ayrim turdagi faoliyatni litsenziyalash uchun vakolatli shaxslarga pora berishini tan olgan. 2017 yilda esa o‘zbekistonliklarning 57 foizi mamlakatda korrupsiya bor, deb hisoblagan. 

Ular adashmagan, joriy yilning 24 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasining sobiq Bosh prokurori Rashidjon Qodirov O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksi 221-moddasi tartibida ushlangani haqida xabar bergandi. Qodirovga nisbatan «Tovlamachilik», «Hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste'mol qilish», «Pora olish» moddalari bo‘yicha jinoyat ishi ochilgan. U Bosh prokuraturani 15 yil davomida boshqargan va 2015 yil aprel oyida ishdan bo‘shatilgan. Qodirov ishi doirasida jami 24 shaxsga nisbatan ayblov e'lon qilingan va ulardan 21 nafari hibsga olingan.

Demak, poraxo‘rlik «yuqorida» mavjud va uning tomiri chuqur ildiz otganki, haligacha poraxo‘rlarning qo‘lga olinganidan xabar topmoqdamiz. E'tiborli jihati shundaki, korrupsiyada ayblangan har ikki hokim ham investorga yer-maydon ajratib berishni va'da qilib, pul olgan. Turob Jo‘rayev ham, Baxtiyor Abdusamatov tansiq yerlarni pullash orqali, mo‘may daromadga erishishni o‘ylagandi. Bundan kelib chiqadiki, O‘zbekistonda yer va mulk huquqi juda chalkash, yerga egalik qilish qiyin, uni saqlab qolish esa undan ham murakkab vazifaga aylanadi. 

Masalan, Qorako‘l tumanida «Do‘rmon omad nuri» ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligiga qarashli yer noqonuniy yo‘l bilan olib qo‘yildi. Ishtixonda esa prokuratura aralashuvi bilan fermerning haqiga chang solganlar javobgarlikka tortildi. Ammo, I guruh nogironi Feruza Qo‘ldosheva samarali mehnati uchun «Shuhrat» medali bilan mukofotlanishiga qaramay, tikuvchilik ustaxonasidan ayrildi. E'tibor qilsangiz, «dod-voy» qilganlarning ko‘pchiligi mol-mulkidan, aniqrog‘i yerdan ajrab qolgan yoxud o‘sha yer uchun kompensatsiya to‘lab berilmagan. Bo‘shab turgan yer esa ayrim hokimlarning mo‘may daromad topishi uchun oson yo‘l. 

Nima qilmoq kerak? Yer-maydonni tadbirkorlarga ajratib berish masalasini tartibga solish, uni soddalashtirish kerakmi? Shu o‘ylar bilan yangiliklarni ko‘zdan kechirarkanman, O‘zbekiston Prezidentining «Hududlarda tadbirkorlik tashabbuslari va loyihalarini jadal amalga oshirishni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilingani e'tiborni tortdi. Unda aytilishicha, 10 kunda kamida bir marta joylardagi davlat organlari va tashkilotlari darajasida hal qilinmagan muammoli masalalarni ko‘rib chiqish hamda tadbirkorlikni rivojlantirishga, tadbirkorlik tashabbuslari va loyihalarini amalga oshirishga to‘sqinlik qilayotgan mavjud byurokratik to‘siq va g‘ovlarni bartaraf etish komissiyaning asosiy vazifasi etib belgilandi.

Bo‘sh turgan davlat mulki obektlari va yer uchastkalarini o‘rganish va aniqlash ham asosiy vazifalardan biri bo‘ldi. Ammo, «ishbilarmon» hokimlar qarordan o‘z manfaati yo‘lida foydalanish imkoniyatini qidirib topmaydimi? Bu hali dargumon. Asosiy gap shuki, bo‘sh turgan yer uchastkalarini tadbirkorga berish, shaxsiy mol-mulkni himoya qilish, buzilishi belgilangan obektlarga faqat qonunda belgilangani kabi munosabatda bo‘lish talab etilishi lozim. Agar ayni mexanizmni soddalashtirib, elektron jadval ishga tushmas ekan, «qo‘lga tushgan» hokimlarning safi kengayishi, «ishni bilganlar»i esa mablag‘ni cho‘ntakka uraverishi mumkin.

Alisher Ro‘zioxunov

Mavzuga oid