O‘zbekiston | 18:32 / 14.09.2018
33811
7 daqiqa o‘qiladi

Aleksandr Lukashenko Minskka jo‘nab ketdi. Tashrifning asosiy voqealari

Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko O‘zbekistonga tashrifini yakunlab, Minskka jo‘nab ketdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar bermoqda.

Aleksandr Lukashenko 12 sentabr kuni rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonga keldi. Uni O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri Abdulla Aripov, tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov kutib oldi.

Lukashenko Toshkentga tashrifini Mustaqillik va ezgulik monumentiga tashrif buyurib, yodgorlik poyiga gul qo‘yishdan boshladi. U Oqsaroyda ham bo‘lib, O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov xotirasiga o‘rnatilgan haykal poyiga ham gul qo‘ydi.

Foto: BelTA
Foto: BelTA

Shundan so‘ng Ko‘ksaroy qarorgohida O‘zbekistonga davlat tashrifi bilan kelgan Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenkoni rasmiy kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi. Oliy martabali mehmon sharafiga faxriy qorovul saf tortdi.

Shavkat Mirziyoyev va Aleksandr Lukashenko avval tor doirada muzokara o‘tkazdi. Davlat rahbari oliy martabali mehmonni yurtimizga tashrifi bilan qutlab, O‘zbekiston bilan Belarus samimiy do‘st va ishonchli sherik ekanini ta'kidladi. Belarus Prezidenti taklif uchun davlat rahbariga minnatdorlik bildirdi.

Muzokarada O‘zbekiston bilan Belarus o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlikka doir keng ko‘lamli masalalar muhokama qilindi. O‘zbekiston Respublikasi bilan Belarus Respublikasi o‘rtasidagi siyosiy muloqotni mustahkamlashga, o‘zaro manfaatli sohalardagi aloqalarni izchil rivojlantirishga kelishib olindi. Aleksandr Lukashenko Shavkat Mirziyoyevni o‘zi uchun qulay vaqtda Belarusga tashrif bilan borishga taklif etdi.

O‘zbekiston va Belarus o‘rtasida o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi kelgusida 1 milliard dollarga yetkazilishi rejalashtirilgan. Bu haqda Ko‘ksaroyda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston va Belarus prezidentlarining keng doiradagi muzokaralari davomida aytib o‘tilgan. «Iqtisodiyot bugungi aloqalarimizning poydevori. Bugun O‘zbekiston dunyo uchun ochilmoqda, barcha bu imkoniyatlardan foydalanib, aloqalarni rivojlantirish kerak. Ayniqsa, iqtisodiy aloqalarni kuchaytirish bizning asosiy maqsadimiz», degan Belarus prezidenti.

Shuningdek, Aleksandr Lukashenkoning Shavkat Mirziyoyev bilan keng doiradagi muzokaralar chog‘ida ma'lum qilganidek, Belarus O‘zbekistonda harbiy texnikalarni modernizatsiyalash bo‘yicha zavodlar qurishga tayyor. Aleksandr Lukashenko Belarusda xavfsizlik sohasida O‘zbekistondan yashiradigan siri yo‘qligini ta'kidlab o‘tgan. 

Bundan tashqari, Belarus AES qurilishi bo‘yicha tajribalarini O‘zbekiston bilan o‘rtoqlashadi. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko bilan muzokaralar yakunida ma'lum qilgan. Qayd etish kerakki, Belarus Ostrovets shahrida o‘z Atom elektrostansiyasini barpo etmoqda. BelAES ikkita energoblokdan tashkil topgan. Birinchi energoblok ishga tushirilishi 2019 yilga mo‘ljallangan, ikkinchisi - 2020 yilga.

Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan tor doirada o‘tkazilgan muzokaralar davomida Minskdagi Mustaqillik saroyi qarshisida o‘zbekona uslubda elchixona qurishni ham taklif qildi. Shavkat Mirziyeyov ushbu taklif albatta ko‘rib chiqilishini aytdi.

Foto: BelTA

Belarus va O‘zbekiston birgalikda Afg‘oniston bozoriga kirishi mumkin. Bu haqda Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan o‘tkazilgan muzokaralar yakunida ma'lum qildi. Lukashenko Afg‘oniston bozorida superkombaynlar yoki oxirgi rusumdagi traktorlarga zarurat yo‘qligi, ularga oddiy texnikalar kerakligini qayd etib o‘tgan.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko bilan o‘tkazilgan muzokaralardan keyin belaruslar yetakchisiga shoir Yakub Kolasning o‘zbek tiliga o‘girilgan she'rlar to‘plamini sovg‘a qildi. «U xalqlarimizning do‘stligini, O‘zbekiston zaminini, tabiatini, o‘zbek xalqi fazilatlarini kuylagan», degan Shavkat Mirziyoyev.

Foto: BelTA

Samarali muzokaralardan so‘ng ikki tomonlama hujjatlarni imzolash marosimi bo‘ldi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko Qo‘shma bayonotni imzoladi.

Shuningdek, ikki mamlakat hukumat va vazirliklari o‘rtasida qator ikki tomonlama muhim hujjatlar imzolandi.

Belarus prezidenti O‘zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev bilan muzokaralar yakunida jurnalistlarga O‘zbekistonga tashrifga 2 yil davomida tayyorgarlik ko‘rilgani haqida aytdi. Ma'lum bo‘lishicha, Aleksandr Lukashenkoning tashrifi bo‘yicha u 2016 yil kuzida Samarqandga, O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimovning dafn marosimida ishtirok etish uchun kelganida kelishuvga erishilgan. O‘shanda Shavkat Mirziyoyev Belarus rahbarini O‘zbekistonga taklif etgandi.

Bundan tashqari, 13 sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko «O‘zekspomarkaz»da Belarus Respublikasida ishlab chiqarilgan mahsulotlar ko‘rgazmasini ochib berishdi. Shavkat Mirziyoyev belaruslik ishbilarmonlar bilan suhbatlashdi. Mutasaddilarga savdo aloqalarini kengaytirish, sanoat korxonalari va hududlar o‘rtasida kooperatsiyani rivojlantirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. 

 Shuningdek, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko Toshkent qishloq xo‘jaligi texnikasi zavodi hududida tashkil etilgan «Amkodor-Agrotexmash» qo‘shma korxonasini ochib berishdi. Shu yerda qo‘shma korxonada ishlab chiqarilgan dastlabki ekskavatorlar namoyish etilgan.

Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko xorijiy davlatlar rahbarlari orasidan birinchi bo‘lib O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning shahardan tashqaridagi qarorgohiga ham tashrif buyurdi.

Shu bilan Aleksandr Lukashenkoning O‘zbekistonga tashrifi yakunlandi. Belarus prezidenti Minskka jo‘nab ketdi.

Foto: BelTA

Ba'zi tahlilchilarning fikricha, Lukashenkoning O‘zbekistonga safari ikki davlat o‘rtasida bir qancha vaqt davomida kuzatilgan pasayishdan so‘ng, o‘zaro munosabatlarni yana faollashtirib yuboradi.

Mavzuga oid