O‘zbekiston | 16:29 / 17.09.2018
75184
2 daqiqa o‘qiladi

UzCard ishlay boshladi. Kompaniya rasmiy bayonot berdi

UzCard onlayn tizimi ishlash jarayoni tiklandi. Bu haqda kompaniya xabarida aytiladi.

Qayd etilishicha, tizimdagi nosozlik aniqlanganidan so‘ng, mutaxassislar tomonidan ularni bartaraf etish, protsessing markazi faoliyatini tiklash va kartochka ma'lumotlari saqlanib qolinishini ta'minlash bo‘yicha tegishli choralar ko‘rilgan, shuningdek, ro‘y bergan hodisa tekshiruvdan o‘tkazilgan.

Tizimni tiklash ishlariga qator mutaxassis-sheriklar ham jalb etildi. Natijada barcha texnik va dasturiy nosozliklar bartaraf qilindi. Ayni damda UzCard tizimi faoliyati to‘laqonli tiklanishini ta'minlash bo‘yicha butun jarayonni bosqichma-bosqich tiklash ishlari olib borilmoqda. Tizimdagi nosozliklar sababini aniqlash maqsadida dasturiy ta'minot batafsil yozuvlari olindi va dasturiy ta'minot hamda server qurilmalari ishlab chiqaruvchilarini texnik qo‘llab-quvvatlash xizmatiga yuborildi. Tizimning to‘liq ishlashini tiklash va sabablarini aniqlash ishlari yakunlangach, Markaz nosozlik sabablari to‘g‘risida batafsil ma'lumot beradi.

Kompaniya karta egalaridan, tadbirkorlardan va hamkorlaridan uzr so‘ragan. Shuningdek, kompaniya odamlarda paydo bo‘lgan e'tirozlarni tushunishi hamda masalaning mohiyatini va mas'uliyatini chuqur anglagan holda aholidan yuzaga kelgan vaziyatni tushunish bilan qabul qilishni so‘ragan.

UzCard istiqbolda bunday holatlar takrorlanmasligi yo‘lida barcha chora-tadbirlarni ko‘rishini bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq UzCard tizimidagi nosozliklar bugun, 17 sentabr kuni bartaraf etilishi mumkinligi haqida xabar berilgandi.

UzCard tizimi ishdan chiqishi O‘zbekistondagi 18 milliondan oshiq plastik karta muomalasiga ta'sir ko‘rsatdi. Markaziy bank ma'lumotlariga ko‘ra, 2018 yilning yanvar—avgust oylarida to‘lov terminallari orqali 39,2 trillion so‘m pul tushgan. Bu esa kuniga o‘rtacha 160 milliard, soatiga o‘rtacha 6,7 milliard so‘m degani.

Mavzuga oid