Sport | 16:38 / 28.09.2018
10108
3 daqiqa o‘qiladi

Osiyo o‘yinlari g‘oliblarining murabbiylari taqdirlandi

Joriy yilning 21 sentabr kuni taqdirlash marosimi o‘tkazilib, XVIII yozgi Osiyo o‘yinlarida g‘olib va sovrindorlar bo‘lgan sportchilarmiz pul mukofotlari bilan taqdirlanishgan edi.

Foto: Jismoniy tarbiya va sport vazirligi

Bugun, 28 sentabr kuni, Olimpiya shon-shuhrati muzeyida tantanali marosim tashkil etilib, unda o‘yinlarining g‘olib va sovrindorlarini tayyorlagan trenerlarga pul mukofotlari topshirildi. Bu haqda Kun.uz'ga Jismoniy tarbiya va sport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: MOQ axborot xizmati

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi prezidentining maslahatchisi Abdujabbor Abduvohidov, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Milliy olimpiya qo‘mitasi mutasaddilari va boshqalar ishtirok etishdi.

Dastlab, prezidentning yoshlar, fan, ta'lim, sog‘liqni saqlash va sport masalalari bo‘yicha maslahatchisi Abdujabbor Abduvohidov tadbirni ochib berib, prezident tomonidan jismoniy tarbiya va sport masalalari bag‘ishlab o‘tkazilgan yig‘ilish o‘tkazilgani va sohadagi ishlarni yanada jadallashtirish bo‘yicha vazifalar belgilab berilgani  ta'kidladi. Shuningdek, barchani yaqinlashib kelayotgan 1 oktabr “O‘qituvchi va murabbiylar kuni” bayrami bilan tabriklab, sport murabbiylariga mas'uliyatli va mashaqqatli ishlarida muvaffaqiyatlar tiladi. 

Foto: Jismoniy tarbiya va sport vazirligi

Shundan so‘ng jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiyev O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining XVIII yozgi Osiyo o‘yinlari g‘olib va sovrindorlarini tayyorlagan trenerlarini taqdirlash bo‘yicha farmoyishini o‘qib eshittirdi. 

Unga ko‘ra, Osiyo o‘yinlarida shogirdlari oltin medalni qo‘lga kiritgan murabbiylar 2500, kumush medal 1500, bronza medalga ega chiqqan sportchilarimizning murabbiylari esa 1000 AQSh dollari miqdoridagi mukofot puli bilan birma-bir taqdirlanishdi.

Foto: MOQ axborot xizmati

Tantanali tadbirda kurash bo‘yicha murabbiy Rizamat Soliyev va boks bo‘yicha murabbiy O‘tkir Haydarovga so‘zga chiqib, davlatimiz rahbarning g‘amxo‘rligi va sohaga qaratilayotgan e'tiboridan mamnun ekanliklarini, kelgusida ham chempion shogirdlar yetishtirib chiqarish yo‘lida yanada ishtiyoq bilan mehnat qilishlarini bildirishdi. 

Foto: Jismoniy tarbiya va sport vazirligi

Eslatib o‘tamiz, Indoneziyaning Jakarta va Palembang shaharlarida o‘tkazilgan XVIII yozgi Osiyo o‘yinlarida sportchilarimiz 21 oltin, 24 kumush va 25 bronza, jami 70 ta medalni qo‘lga kiritib, davlatimizning mazkur o‘yinlar tarixidagi eng yaxshi natijasini qayd etishgan edi.

Mavzuga oid