O‘zbekiston | 07:48 / 29.09.2018
16394
8 daqiqa o‘qiladi

Mirziyoyev MDHdagi hamkorlikning eng dolzarb va istiqbolli yo‘nalishlarini ma'lum qildi

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Dushanbe shahrida MDH davlat rahbarlari kengashi majlisida so‘zlagan nutqi O‘zA tomonidan e'lon qilindi. Quyida uning to‘liq matni keltiriladi.

Hurmatli Emomali Sharipovich! 

Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari! 

Bugungi uchrashuvimizning barcha ishtirokchilarini samimiy qutlash va Tojikiston Respublikasi Prezidenti, muhtaram Emomali Sharipovich Rahmonga an'anaviy samimiy mehmondo‘stlik va ushbu majlisni yuksak darajada tashkil etgani uchun minnatdorlik bildirishga ijozat bergaysiz. 

Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga raislik qilish davrida tojik birodarlarimiz tuzilmamiz doirasidagi ko‘p tomonlama hamkorlikni kengaytirish borasida samarali ishlarni amalga oshirganini alohida qayd etishni istardim. 

Hurmatli hamkasblar! 

Dunyoda ro‘y berayotgan jadal o‘zgarishlar, tobora avj olib borayotgan global tahdid va xatarlar sharoitida Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi ko‘p qirrali munosabatlarni mustahkamlash uchun muhim maydon bo‘lib xizmat qilmoqda va o‘zining zarur tuzilma ekanini tasdiqlamoqda. 

O‘tgan yil mamlakatimizning MDH doirasidagi faoliyatida mutlaqo yangi bosqichni boshlab berganini alohida qayd etishni muhim deb bilaman. 

O‘zbekiston iqtisodiyot, energetika, ilm-fan va innovatsiya, jinoyatchilikka qarshi kurash kabi sohalarni qamrab olgan o‘ndan ziyod tarmoq bo‘yicha hamkorlikka qo‘shildi. 

Tashkilotimizning 2020 yilda bo‘ladigan navbatdagi Sammitini O‘zbekistonda o‘tkazishga tayyor ekanimizni tasdiqlaymiz. 

Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari! 

Ko‘p tomonlama hamkorligimizning eng dolzarb va istiqbolli yo‘nalishlari haqida to‘xtalib o‘tmoqchiman. 

Birinchi. Jahon iqtisodiyotidagi murakkab jarayonlar, "savdo urushlari" keskinlashib, proteksionizm kuchayib borayotgan bugungi sharoitda MDH erkin savdo zonasining to‘laqonli faoliyat yuritishi va o‘zaro bozorlarni shakllantirish hal qiluvchi masalalarga aylanishi lozim. 

Faqat yilning boshidan buyon O‘zbekiston va Hamdo‘stlikning ko‘pchilik mamlakatlari o‘rtasidagi savdo hajmi sezilarli darajada o‘sdi. 

O‘zaro tovar ayirboshlash hajmining yuqori darajadagi o‘sish sur'atlarini ta'minlash maqsadida bojxona tartib-taomillarini imkon qadar soddalashtirish, savdo sohasidagi mavjud barcha to‘siq va cheklovlar, jumladan, texnik g‘ovlarga barham berish lozim, deb hisoblaymiz. 

Hamdo‘stlik makonida xizmatlar bo‘yicha erkin savdo zonasini tezroq yaratish muhim, deb hisoblaymiz. 

Ikkinchi. O‘zbekiston mashinasozlik, energetika, elektrotexnika, to‘qimachilik, farmatsevtika sanoati, qishloq xo‘jaligi sohalarida kooperatsiyani yanada kuchaytirish tarafdoridir. 

Biz bunday hamkorlikni Hamdo‘stlikning barcha mamlakatlari bilan faol rivojlantirmoqdamiz. 

Qo‘shma loyihalarni qo‘llab-quvvatlashning yangi mexanizmlarini shakllantirish maqsadida O‘zbekistonda MDH mamlakatlari ishtirokida Moliya-bank forumini o‘tkazishga tayyormiz. 

Uchinchi. Tariflar bo‘yicha o‘zaro imtiyozlar berishga doir yagona mexanizmni joriy etgan holda, xalqaro va mintaqaviy transport yo‘laklaridan samarali foydalanish, barcha turdagi transportlar bilan yuk tashishga oid talablarni birxillashtirish va turli to‘siqlarni bartaraf etish, logistika markazlarini rivojlantirishga qaratilgan ishlarni davom ettirish muhimdir. 

To‘rtinchi. Bizning fikrimizcha, o‘zaro mahsulot yetkazib berishda "yashil yo‘laklar"ni keng joriy etish qishloq xo‘jaligi sohasidagi samarali hamkorlikka xizmat qiladi. 

MDHning Agrosanoat kompleksi masalalari bo‘yicha kengashi va qishloq xo‘jaligi sohasidagi boshqa tuzilmalari faoliyatini faollashtirish zarur, deb hisoblaymiz. 

Beshinchi. Hamdo‘stlik mamlakatlarida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasining roli tobora ortib borayotganini hisobga olgan holda, MDH doirasida raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish bo‘yicha uzoq istiqbolga mo‘ljallangan dasturni ishlab chiqish va qabul qilishni ma'qullaymiz. 

Shu tariqa sanoat va qishloq xo‘jaligi sohalari, moliya sektorida davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida ilg‘or raqamli texnologiyalarni joriy etish, shuningdek, aholi va biznes sub'yektlarining qulay elektron xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirgan bo‘lar edik.

Oltinchi. Hududlararo va chegaralarga yaqin mintaqalar o‘rtasida hamkorlikni kengaytirish muhim ahamiyatga ega. 

O‘zbekistonda 2020 yilda MDH mintaqalari forumini o‘tkazishni taklif etamiz. 

Yettinchi. Fashizm ustidan qozonilgan umumiy G‘alabamizning 75 yilligini keng nishonlash bo‘yicha birgalikda tadbirlar o‘tkazishga ustuvor e'tibor qaratamiz. 

Bu masala 2020 yilda O‘zbekistonning MDHga raisligi konsepsiyasida alohida aks ettiriladi. 

Sakkizinchi. Xavfsizlikni ta'minlash, yuzaga kelayotgan tahdidlarga o‘z vaqtida javob qaytarish mamlakatlarimiz barqaror taraqqiyotining hal qiluvchi shartidir. 

Afg‘onistonda hanuz davom etayotgan qurolli mojaro Hamdo‘stlikka a'zo mamlakatlarning aksariyati uchun umumiy tahdid bo‘lib qolmoqda. 

MDH Afg‘oniston muammosini siyosiy yo‘l bilan tezroq hal etishga qaratilgan xalqaro sa'y-harakatlarda muhim rol o‘ynashga qodir. 

Xalqaro terrorizm xavfining tobora ortib borayotgani jiddiy tashvish uyg‘otmoqda. 

Bugungi terrorchilik tuzilmalari katta moliyaviy resurslarga, eng yangi axborot va texnika vositalariga ega, yuqori darajada harakatchan va tezkordir. 

Hozirgi paytda ularning Yaqin Sharqdan Afg‘onistonga, MDH chegaralari yaqiniga ko‘chib o‘tish tendensiyasi kuchaymoqda. 

Mamlakatlarimiz terrorizm xavfini o‘z vaqtida va samarali qaytarish uchun o‘zaro kelishilgan, avvalo, oldindan zarba berishga qaratilgan harakatlarga tayyor turishi lozim. 

MDH makonida yuzaga kelayotgan xavfsizlikka qarshi tahdidlarning o‘z vaqtida oldini olish uchun tahliliy va tezkor axborot bilan muntazam almashishning amaldagi mexanizmlari doirasida samarali hamkorlikni ta'minlagan holda huquqni muhofaza qilish organlari va maxsus xizmatlar faoliyatini muvofiqlashtirishni kuchaytirish muhim, deb hisoblaymiz. 

Yoshlar o‘rtasida radikallashuv muammosi e'tiborimiz markazida bo‘lib qolishi lozim. Shu munosabat bilan ta'lim-tarbiya, ilm-ma'rifat, yosh avlodni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, uning huquq va manfaatlarini himoya qilish, hayotda o‘z o‘rnini topishi uchun zarur sharoitlar yaratish borasidagi hamkorlikni kengaytirish zarur. 

O‘zbekiston MDHga a'zo davlatlarning Yoshlar masalalari kengashi faoliyatiga qo‘shilmoqda va uning faoliyatida faol ishtirok etishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan. 

To‘qqizinchi. Madaniy-gumanitar aloqalar va ma'naviy qadriyatlar Hamdo‘stlik mamlakatlarini hamisha birlashtirib kelayotgan kuchdir. 

Aynan shuning uchun ham biz har yili mamlakatlarimizda navbati bilan turizm yarmarkalari va MDH madaniyati kunlarini, Hamdo‘stlikning ijodkor yoshlari o‘rtasida muntazam uchrashuvlarni, ularning har birini muayyan mavzuga bag‘ishlagan holda tashkil etishni, shuningdek, MDH Davlatlari madaniy merosi Virtual muzeyini yaratishni taklif etamiz. 

Hurmatli uchrashuv ishtirokchilari! 

So‘zimning yakunida turkmanistonlik do‘stlarimizni Hamdo‘stlikka raislikni qabul qilgani bilan tabriklash va ularga katta muvaffaqiyatlar tilashga ijozat bergaysiz. 

Muhtaram Emomali Sharipovich Rahmonga samimiy qabul va sammit yuksak darajada tashkil etilgani uchun yana bir bor minnatdorlik bildiraman. 

E'tiboringiz uchun rahmat. 

Mavzuga oid