Jamiyat | 21:40 / 01.10.2018
10356
10 daqiqa o‘qiladi

Ustoz qachon yig‘laydi?

SURTMA AQL

Hech kim ona qornidan avliyo bo‘lib tug‘ilmaydi! Chunki bilim misqollab, tajriba vaqtni xarjlab yig‘iladi. Biz buni yaxshi bilamiz!

Esimizni tanibmizki, tezroq katta bo‘lsak, deymiz. Yuksaklikka talpinamiz. Ammo yuksala-yuksala bir kun nogoh kiftimiz bulutlarga tekkanda ilkis oyog‘imiz yerdan uziladi... va... Yer-u osmon aro muallaq qolamiz...

Muallaq narsa omonat bo‘ladi.

Omonat narsa, shaksiz, shamollarga ermak bo‘ladi.

Biz buniyam bilamiz!

Biz baloniyam bilamiz!

Gursillab yerga yiqilamiz-u shundayam past kelmaymiz: «Xom sut emgan bandamiz-da!» deymiz. Xom sut – zo‘r bahona! To‘g‘rimi?!

Modomiki, sut haqida so‘z ochilgan ekan, xonasi kelganda, bir gapni aytib qo‘yay: ona sutida gap ko‘p! Chindanam, gap ko‘p! Chunki ona suti bilan kirmagan aql tana suti bilan kirmaydi.

Kir-may-di!   

Shuning uchun nimaiki yaxshi xislatimiz, nimaiki yaxshi tug‘ma instinkt – ko‘nikmamiz bo‘lsa, eng avvalo, onalarimizdan minnatdor bo‘lishimiz kerak! Zotan, siz-u bizni turtma aqlga muhtoj qilmagan, surtma aqlni jon tomirlarimizga quygan ilk ustozimiz – onalarimizdir!

Donoga – ishora. Mana, gapimning kashtasi qay tomonga «o‘rmalayotgani»ni ham ilg‘ab oldingiz. Men bugun ustozlarimiz haqida so‘z ochmoqchiman.

USTA KO‘RGAN ShOGIRD HAR MAQOMGA YO‘RG‘ALAR

Sezib turibman, shunday maqolni buzdi-ya, deb o‘ylayapsiz. «Usta ko‘rmagan shogird har maqomga yo‘rg‘alar emasmi?!» deb e'tiroz qilasiz. Ammo ishoning, biroz shoshyapsiz. To‘g‘ri, siz haqsiz. Qaysi ma'nodaki, asil ustozning qadru qimmati haqidagi maqol bu! Ustozning qo‘lida zuvalasi pishmagan xom-g‘o‘ra shogirdning ahvoli voy ekani haqidagi maqol bu! Ammo aslida ham shundaymi?!

Eshiting!

O‘tmishda nog‘orachi va doirachilar yosh raqqos va raqqosalarni nog‘oraning «taka-tum»i, doiraning «gij-bangi»ga o‘rgatganlar. Tabiiyki, oradan ma'lum vaqt o‘tgach, shogirdlar nog‘ora va doiraning har bir maqomini nozik ilg‘ab, unga monand ravishda raqs tushish ko‘nikmasini egallay borishgan. Bora-bora bu ishning hadisini olishgan. Bundan chiqdiki, har maqomga yo‘rg‘alash hammaning ham qo‘lidan kelavermas ekan!

Nafsilamrini aytganda, hayot atalmish kuyning har bir notasini to‘g‘ri farqlab, har bir maqomga to‘g‘ri yo‘rg‘alashni o‘rgatgan zot ham – ustozlarimizdir!

BIZ AYIQMIZMI YoXUD QANOTSIZ UChISh DARSI?

Biz o‘z aybimizni bilmaymiz. Bilsak, valiy bo‘lardik. Ustoz – aybimizni biladigan va uni to‘g‘rilashni o‘rgatadigan zot!

Biz ayiqmiz! Qancha kuchga to‘lsak, shu qadar bilagimizga ko‘p ishona boshlaymiz. Ustoz – bilakka emas, yurakka ishonish kerakligini o‘rgatadigan zot!

Ustoz – har qanday og‘ir sharoitda ham jur'atga undaydigan zot!

Biz yo‘nilmagan tayoqmiz. Turgan gapki, qo‘pol va beo‘xshov tayoq omad eshigiga sig‘maydi. Ustoz – bizga sayqal beradigan va omad kalitlarini qo‘limizga tutqazadigan zot!

Demishlarki, tog‘ archasi qandaydir «hayot suvi»dan ichib turarmish. Shu sabab ham ming yil yasharmish. Archaning «hayot suvi»dan bahramand bo‘lgan odam ham uzoq umrguzaronlik qilarmish. Ustoz anov-manov odam emas. Ustoz – necha-necha shogirdlarga ana shunday abadiyat suvini ichirgan zotdir!

Hech kuzatganmisiz, ba'zan endi uchirma bo‘layotgan polapon uchishga harakat qilaman deydi-da, inidan yiqilib, o‘z boshiga yetadi. Bu kabi shoshqaloqlik turumtoy degan qushgayam tekkan. U o‘z kuchi yetmaydigan o‘ljaga chopadi. Chopadi-yu to‘shini unga oborib uradi, alaloqibat, o‘zini shikastlaydi. «Polapon boshiga, turumtoy to‘shiga» deyilgani shundan.

Ustoz – polapon bo‘lsak boshimizni, turumtoy bo‘lsak to‘shimizni asraydigan zot. Bir so‘z bilan aytganda, ustoz – qanotsiz uchish darsidan saboq beradigan zot!   

USTOZ ROZI – XUDO ROZI

O‘shanda 11-sinfni tamomlayotgandik. Darslar oyoqlab qolgandi. Hamma imtihonlarga yeng shimarib tayyorgarlik ko‘rayotgan damlar. Tushlikdan so‘ng ona tili va adabiyot o‘qituvchimiz qo‘shimcha dars berayotgandi. Birdan eshik ochildiyu xonaga Furqat ismli sinfdoshimiz kirib keldi. Hamma unga qaradi. Diqqati bo‘lingan ustoz undan kech qolish sababini so‘radi. Furqat javob bermadi. Shundan so‘ng o‘qituvchimiz: «Kech qolishga-ku kech qolding, adabiyot majmuasini olib keldingmi?» dedi. (O‘tgan dars muallimamiz barchaga ushbu kitobni olib kelishni tayinlagan, majmua esa darsliklar ichida eng og‘iri va «semiz»i edi) Shundan so‘ng Furqat bizga: «Qarab turlaring, hozir ustozni mot qilaman» deganday qitmirona ser solib qaradi. Keyin namoyishkorona iljayib: «Oyim 2 kilodan ortiq yuk ko‘tarmagin deganlar, shuning uchun olib kelmadim», - dedi. Butun sinf gurr etib kulib yubordik...

Shu dam o‘qituvchimizning yuzida allanechuk o‘zgarish paydo bo‘ldi. Yuzi qizarindi. U nimadir deyishga og‘iz juftladi-yu bir zum taraddudlanib qoldi. So‘ng fikridan qaytdi chog‘i indamadi. Ha, shunchaki indamadi...

Sinfga o‘ng‘aysiz sukunat cho‘kdi. Sezdik – ustozning dili og‘ridi. Biz shu dam sinfdoshimizning juda xunuk ish qilganini va o‘zimiz ham bilib-bilmay uning aybiga sherik bo‘lib qolganimizni angladik...

Vaqt o‘tib bu voqea ko‘pchilikning yodidan ko‘tarilib ketdi. Maktabni ham tamomladik. Har kim o‘z tanlagan oliy o‘quv yurtiga hujjat topshirdi. Xoh ishoning, xoh ishonmang, 28 nafar bitiruvchidan naq 27 nafari talabalik baxtini qo‘lga kiritdi. Rekord natija, to‘g‘rimi?! Faqat bir kishi... imtihondan yiqildi. U – Furqat edi...

Bu xabarni eshitgach, negadir o‘sha noxush voqea miyamga yashin kabi kelib urildi:

Agar shogird shayxulislom, agar qozidur,

Agar ustoz rozi – Tangri rozidur.    


USTOZ QAChON YIG‘LAYDI?

Bizning mag‘lubiyatimizni ustoz o‘z mag‘lubiyatiday qabul qiladi. Ayni paytda biz qo‘lga kiritgan har qanday katta-kichik muvaffaqiyat u uchun ham juda-juda qadrli. Birgina misol.

Kamina tennisga uncha qiziqmayman. Qoidalarini ham uncha tushunmayman. Ammo yaqinda tasodifan bir musobaqani tomosha qilib qoldim. Bahs qizg‘in va asabiy tarzda kechardi. Ayniqsa, murabbiylar hayajon bilan o‘z shogirdlariga ko‘rsatma berishardi...

Xullas kalom, o‘yin juda kichik farq bilan o‘z yakuniga yetdi. Taomilga ko‘ra, sportchilar bir-birlariga do‘stona qo‘l berishdi.  

Shunda qiziq voqea ro‘y berdi. Ajabo, g‘olib bo‘lgan sportchining murabbiyi azbaroyi xursandligidan yig‘lab yubordi. U yig‘lar, yig‘laganda ham ochiq-oshkora yig‘lardi... Qizig‘i, translyatsiya rejissyorlari uni yirik planda namoyish etishganda ham u ko‘z yoshlarini tiyishga urinmasdi... Men to‘lqinlanib ketdim. Ichimda nimadir shuvilladi. Tanamda chumoli yugurdi...

Shu-shu qachon o‘z shogirdi yutuqlaridan sevingan ustozni ko‘rsam, o‘sha manzara ko‘z o‘ngimda gavdalanadigan bo‘ldi.

SIZNI YaXShI KO‘RAMIZ!

Xalqda «Ustoz ko‘ribsan – senga pir yo‘liqibdi» degan naql bor. Haq gap. Men ayni yoshga qadar juda ko‘p ulug‘ insonlar qo‘lida ta'lim oldim. Ularga ixlos qildim va ular sabab ko‘p narsaga erishdim. Shu ma'noda menga chindanam pir yo‘liqqani, pirlar yo‘liqqani rost!

Ko‘pdan beri meni bir savol qiynab keladi: men ustozlarim uchun nima qildim?! Afsuski, bu savolga o‘zimni qoniqtiradigan darajada tayin javobim yo‘q...

Yaxshiyam, bayramlar bor! Yaxshiyam, dil izhorlari aytilgich fursatlar bor!      

Aziz ustozim! Bilaman, gap bilan o‘roq o‘rish oson. Ammo shu narsa aniqki, men va mening timsolimdagi barcha shogirdlaringiz sizni yaxshi ko‘ramiz!

Chindanam yaxshi ko‘ramiz!

Otabek TILLAYeV

Mavzuga oid