Jamiyat | 21:41 / 02.10.2018
57269
6 daqiqa o‘qiladi

Mavzuga qaytib. Zomindagi maktab haqida yolg‘onga chiqarilgan haqiqatlar

Joriy yilning fevral oyida «Kun.uz» tahririyatiga Jizzax viloyati, Zomin tumanida joylashgan 40-sonli umumta'lim maktabi o‘quvchilarining ota-onalaridan shikoyat kelib tushgandi. Murojaatga videotasvirlar ham ilova qilingandi. Videotasvirlarda maktab o‘quvchilari o‘ta ayanchli ahvolda ta'lim olib kelayotgani aks etgandi.

Murojaatni o‘rganish asnosida Jizzax viloyati hokimi Ergash Soliyev bilan suhbat uyushtirib, muloqot davomida mazkur muammo ham o‘rtaga tashlangandi. Viloyat hokimi vaziyat nazoratga olinib, amaliy chora ko‘rilishiga va'da bergandi.

Shundan so‘ng, maktabga viloyatdan mutasaddilar kelishgan. Muammolar yechimi uchun amaliy choralar ko‘rish bo‘yicha navbatdagi va'dalar berilgan.

«Kun.uz» mazkur maktabning keyingi taqdiriga qiziqib, oradan deyarli 7 oy o‘tgach, murojaatchilar bilan bog‘landi. Ma'lum bo‘lishicha, berilgan va'dalar yig‘ilish bayonnomasida qolib ketgan. Mutasaddilar shu bo‘yi gumdon bo‘lishgan.

Tahririyatga kelgan videodagi tasvirlar eskirib ketgani, bugungi kunda maktab ta'mirlangani haqida aytilib, murojaatchilar yolg‘onchiga chiqarildi.

Ijodiy guruh vaziyatga oydinlik kiritish uchun Zomin tumaniga yo‘l oldi.

Youtube'da ko‘rish

Facebook'da ko‘rish

Jizzax viloyati xalq ta'limi boshqarmasi boshlig‘i G‘ayrat Qodirov maktab haqida taqdim etgan ma'lumotlarga e'tibor qaratamiz. 

«Jizzax viloyati, Zomin tumanidagi 40-sonli umumiy o‘rta ta'lim maktabi 2008 yilda umumta'lim dasturi asosida rekonstruksiya yo‘li bilan 210 o‘quvchi o‘rinli bino qurilib, foydalanishga topshirilgan. Maktabda 12x24 o‘lchamdagi sport zal binosi mavjud. Hozirgi kunda maktabning asosiy binosida 508 nafar o‘quvchi tahsil oladi. Maktabda 22 sinf komplekti mavjud. Maktabdan 1,5 km uzoqlik masofada 170 o‘rinli, 1982 yilda qurilgan eski bino (sobiq bog‘cha binosi) joylashgan bo‘lib, 3ta sinf xonasi boshlang‘ich sinflarda ta'lim oluvchi 68 nafar o‘quvchi uchun ta'mirlab berilgan. Qolgan qismi foydalanilmay bo‘sh turgani sababli yopib qo‘yilgan. Yuqoridagilardan kelib chiqib, o‘quvchilarning o‘sishiga qarab keyingi yillarda maktabga qo‘shimcha bino qurish rejalashtirilgan».

Maktabning bugungi manzarasi bilan tanishib chiqamiz. Bu 40-maktabning boshlang‘ich sinf o‘quvchilari ta'lim oladigan filiali. 

Maktabning sport maydonchasi ham o‘ta achinarli ahvolda.

Maktab atrofi sim to‘rlar bilan o‘ralgan. Mahalliy aholining aytishicha, bu joyda yana bir bino bo‘lgan va hozirga kelib qayoqqadir g‘oyib bo‘lgan.

Bu esa asosiy bino.

Maktab atrofidagi temir panjaralar talon-taroj qilingan. Uning o‘rnida esa o‘rta asrlardagidek handaq qazib qo‘yilgan. Nahotki bu yerda maktab o‘quvchilari xavfsiz bo‘lsa? 

Bu sport zalining tashqi ko‘rinishi.

Maktab ichini ko‘zdan kechirar ekanmiz, sinfxonalarning ahvoliga achinamiz. 508 nafar o‘quvchi 9ta xonada smena jadvali asosida ta'lim olmoqda. Aslida esa bu bino 210 o‘quvchiga mo‘ljallangan. Maktabning kutubxonasi doim yopiq. 

Maktab direktori Baxrom Namozovdan mazkur holatlarga izoh so‘radik. U maktab o‘tgan yili Xalq ta'limi vazirligi tomonidan ajratilgan mablag‘lar hisobiga ta'mirlanganini ta'kidlab o‘tdi.

«Maktabimiz o‘tgan yili ta'mirlangan. Suv muammo, shu tufayli sanitar holatini yaxshi tutib bo‘lmayapti. Hojatxonani ham shu tufayli yaxshi holatda saqlab bo‘lmaydi. Har kuni 500 o‘quvchi kirib chiqadi.

Maktabimizda 45 o‘qituvchi ishlaydi, barchasi oliy ma'lumotli. O‘quvchilarimiz olimpiadalarda qatnashib kelmoqda», deydi maktab direktori.

Maktabda muammolar yetarlicha va albatta bunga yechim kerak. Biz Jizzax viloyati Xalq ta'limi boshqarmasi qurilish bo‘limi boshlig‘i Ahmad Jaynoqovga mavjud muammolar yuzasidan mikrofon tutdik. U maktab filialidagi holatga izoh berdi.

«Imkon qadar homiylarga ta'mirlatganmiz. Bu filialda 2 yildan buyon 3 sinf o‘quvchilari o‘qib kelmoqda. Asosiy binoga qo‘shimcha bino qurib berish rejalashtirilgan.

E'tiborsizlik tufayli maktabdagi vaziyat antisanitar holatga kelib qolgan. Tuzatamiz», deydi u.

Tahririyatga maktabda ayni kunlarda mahalliychilik va urug‘-aymoqchilik illati urchigani haqida ham ma'lumotlar kelib tushgan. Shuningdek, maktabda ishga kelmay maosh oladigan «o‘lik jonlar» ham borligi aytilgan. Bu ma'lumotlarni aniqlashtirishni Xalq ta'limi vazirligiga qoldiramiz. 

E'tiborni tortgan yana bir jihat shuki, O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligining rasmiy saytida maktablarni qurish va ta'mirlash monitoringi bo‘yicha e'lon qilingan ma'lumotlariga ko‘ra, Zomin tumani 40-maktabning joriy yilgi reytingi 100 ballik tizimda 91 ball bilan qayd etilgan. Misol uchun, 40-maktabning qozonxonasi holati 3 ballik tizimda 3 ball bilan baholangan, sinfxonalarning jihozlanganlik darajasi esa 10 ballik tizimda 10 ball olgan. Hojatxona ham eng yuqori ball, ya'ni 5 ball bilan baholanmoqda. 

Bu raqamlar bilan kimni aldashmoqda? Qachongacha aldashmoqchi? Endi ham aldashda davom etishmoqchimi?

Zominda ahvol shunday. Biz Nobel mukofotini bu kabi ta'lim dargohlari bilan ololmasligimiz ayni haqiqat. Xulosa esa sizdan.

Xurshid Daliyev, Aziz Qarshiyev, Shuhrat Rashidov

Mavzuga oid