O‘zbekiston | 14:08 / 04.10.2018
4286
2 daqiqa o‘qiladi

“Myuller Martini” O‘zbekiston matbaa sohasiga kirib kelmoqda

Foto: O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi

Shvetsariya kompaniyasi hisoblangan “Myuller Martini” kompaniyasi Rossiya Federatsiyasi, shuningdek, Mustaqil davlatlar hamdo‘stligiga a'zo boshqa davlatlarda ham faoliyat olib bormoqda. Kompaniya kitob mahsulotlarini yig‘ish, tikish va muqovalash ishlarini bajaruvchi avtomatlashtirilgan texnik uskunalarni ishlab chiqarish, o‘rnatish va ishga tushirish bilan shug‘ullanadi.

O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi bosh direktori L.Tangriyev 2018 yil 3 oktabr kuni “Myuller Martini” MChJ menejyeri G.Samoylov bilan O‘zbekistonda kitob va kitob mahsulotlarini chop etishda zamonaviy texnik uskunalardan foydalanish, ularni o‘rnatish hamda mutaxassislarni o‘qitish masalalarida muzokara olib bordi.

- O‘zbekistonlik matbaachilar “Myuller Martini”ni yaxshi biladi. Chunki aynan ushbu kompaniya tomonidan o‘rnatilgan zamonaviy texnik uskunalardan yurtimizdagi bir nechta nashriyot-matbaa ijodiy uylarida foydalanilmoqda. Kelgusida nashr qilish va matbaachilikni rivojlantirishda hamkorlikni yanada mustahkamlashdan manfaatdormiz, - deydi O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi bosh direktori L.Tangriyev.

Dunyoning bir nechta davlatlarida o‘zlarning xizmat ko‘rsatish ofislariga ega “Myuller Martini” MChJ menejyeri G.Samoylov kompaniya haqida yanada batafsil ma'lumotlarni taqdim etar ekan, O‘zMAA vakillarini Frankfurtda o‘tkaziladigan xalqaro kitob ko‘rgazma-yarmarkasi doirasida bevosita zavodning o‘ziga borib, ishlab chiqarish jarayonlari bilan tanishishga taklif qildi.

- Biz zamonaviy texnik uskunalarni nafaqat o‘rnatamiz, balki mahalliy mutaxassislarni qisqa kurslarda o‘qitish bilan ham shug‘ullanamiz, - deydi G.Samoylov. – Shuningdek, nashriyot ishida foydalaniladigan mashinalar uchun ehtiyot qismlarni yetkazib berishda ham hamkorlikka tayyormiz.

Mavzuga oid