Sport | 11:57 / 05.10.2018
54071
3 daqiqa o‘qiladi

Bax: Gap faqat G‘ofur Rahimovda emas

Foto: REUTERS/Marcos Brindicci

Boks bir necha sabablarga ko‘ra olimpiya dasturidagi o‘z joyini yo‘qotishi mumkin, Xalqaro boks uyushmasi (AIBA) rahbari lavozimiga G‘ofur Rahimov nomzodining ilgari surilishi bu tashkilotning yagona muammosi emas. Bu haqda Xalqaro olimpiya qo‘mitasi (XOQ) prezidenti Tomas Bax matbuot anjumanida ma'lum qildi, deya xabar beradi TASS.

O‘zbekiston vakili Rahimov AIBA rahbari lavozimiga yagona nomzod sanaladi. AQSh Moliya vazirligining chet el aktivlarini nazorat qilish bo‘yicha departamenti Rahimovni sanksiyalar ro‘yxatiga kiritdi, XOQ unga ushbu lavozimga o‘z nomzodini ilgari surishi boksning olimpiya maqomini saqlab qolish masalasiga ta'sir qilishi mumkinligi haqida xabar berdi.

«Gap faqatgina AIBA prezidenti lavozimiga nomzod [Rahimov] haqida ketayotgani yo‘q. Xalqaro olimpiya qo‘mitasi ijro qo‘mitasi AIBA boshqaruvining yaxlit ko‘rinishi asosida o‘z pozitsiyasini bayon qildi. So‘nggi ikki oy ichida qabul qilingan qarorlarni bizga, agar sodda tilda aytadigan bo‘lsak, tushunish qiyin bo‘ldi», - deydi Bax.

«Masalan, hakamlik, boshqaruv, moliya masalalari hal etilishi kerak. Shuning uchun bu butun holatga bo‘lgan munosabatdir», - deya qo‘shimcha qilib o‘tdi u.

XOQ rahbarining ma'lum qilishicha, xalqaro sport federatsiyalari mustaqil tashkilot hisoblanadi hamda o‘z ichki muammolarini o‘zi hal qilish huquqiga ega, ammo XOQ Olimpiya qadriyatlariga zid qarorlarni qabul qilmaydi. «Biz Olimpiya o‘yinlari, boshqa xalqaro federatsiyalarning obro‘sini himoya qilishimiz kerak. Boks bo‘yicha musobaqalar adolatli o‘tishini ta'minlash uchun barcha ishni qilamiz», - deya ma'lum qildi u.

«Yaxshi bilasizlarki, bu yerda, o‘smirlar Olimpiya o‘yinlarida, auditorlar tomonidan tekshiriladigan va o‘yinlar vaqtida doimiy nazorat ostida qoladigan mustaqil hakamlik tizimi bo‘ladi», - deya bildirib o‘tdi XOQ rahbari. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq XOQ G‘ofur Rahimovga 2018 yilgi o‘smirlar Olimpiya o‘yinlariga borishni taqiqlagani xabar qilingandi.

Xalqaro olimpiya qo‘mitasi bosh direktori Kristof De Kepperning ma'lum qilishicha, qo‘mita «AIBA bilan ish bo‘yicha munosabatlardan tashqari, barcha aloqalarni hamon muzlatib qo‘ygan».

Mavzuga oid