Iqtisodiyot | 19:30 / 05.10.2018
88054
17 daqiqa o‘qiladi

«Dollarga qarshi urush». Dunyoning eng qudratli valyutasining o‘tmishi va kelajagi

Kuni kecha The Bell Rossiya hukumati iqtisodiyotni dollardan xalos qilish uchun loyiha tayyorlayotgani haqida xabar qildi. Xabarda ta'kidlanishicha, bir-ikki haftadan so‘ng u RF bosh vaziri Dmitriy Medvedev tomonidan tasdiqlanadi.

Dedollarizatsiya – dollardan xalos bo‘lish nima uchun kun tartibiga chiqdi? Bu qanchalik oson yoki murakkab? Dollar qanday qilib dunyoning mustahkam valyutasiga aylanib qolgan? Bu savollarga quyida javob topishga harakat qilib ko‘ramiz.

Katta sahnaga qadam

Foto: Kommersant

Bretton-Vuds shahrida bo‘lib o‘tgan BMT valyuta-moliya konferensiyasida 44 mamlakat vakillari imzolagan kelishuv asosida Bretton-Vuds tizimi tashkil etildi. Sovet Ittifoqi bu konferensiyada qatnashmagan va o‘shanda tuzilgan Xalqaro valyuta jamg‘armasiga a'zo bo‘lmagan, shu bois rubl konvertatsiyalanadigan valyutalar qatoridan joy olmagandi. Shuning uchun SSSR urush davrida olgan qarzlarini oltinda to‘lashiga to‘g‘ri kelgandi.  

Qo‘shma Shtatlar esa urush yillarida boyigandi. 1938 yilda Vashingtonning oltin zaxiralari 13 ming tonnani tashkil etgan bo‘lsa, 1945 yilda 17,7 ming tonnaga, 1949 yilda esa 21,8 ming tonnaga yetib, butun dunyodagi oltin zaxiralarining 70 foizini tashkil etgandi.

Konferentsiya qatnashchilari xalqaro to‘lovlarda oltin o‘rniga dollarda hisob-kitob qilishga qaror qilishdi, ya'ni dollar oltinga tenglashtirildi. Shu bilan birga, dollardan boshqa hech bir valyuta oltinga almashish “qobiliyati”ga ega bo‘lmay qoldi. Dollarning rasmiy narxi ham belgilandi: bir gramm oltin uchun 1,1 dollar.

Yevropani tiklash bo‘yicha Marshall rejasiga muvofiq, Yevropa milliy iqtisodiyotlariga dollar «kiritish» boshlandi. Buning natijasida Yevropa davlatlari markaziy banklari oltin-valyuta zaxiralarida dollarning ulushi sezilarli darajada ko‘paydi. Bu umuman olganda, mantiqan to‘g‘ridek edi, chunki o‘sha paytda oltinga belgilangan kurs bo‘yicha faqatgina Amerika valyutasini almashtirish mumkin edi.

Bu tizim uzoq vaqt hukm surdi. Shu bilan birga, o‘tgan asrning 60-yillari oxiri 70-yillari boshlarida dollardan to‘lov va zaxira uchun asosiy valyuta sifatida faol foydalanishni boshlagan xalqaro hamjamiyat uchun dastlabki ogohlantiruvchi qo‘ng‘iroq chalindi. Bu valyuta bozorlarida dollar qiymatining tushib ketishiga olib kelgan AQSh iqtisodiyotining navbatdagi, to‘rtinchi defoltga duch kelishidan so‘ng yuz berdi.

«Dollarimni oltiningga almashtirib ber»

1965 yil 4 fevralda Fransiya prezidenti Sharl de Goll xalqaro to‘lovlar hech shubhasiz oltin bilan belgilanishi kerakligi haqida bayonot berdi. 

“Oltinning xususiyati hech qachon o‘zgarmaydi: u yombi, tanga, boshqa ko‘rinishda bo‘lishi mumkin, uning millati bo‘lmaydi, u qadimdan o‘zgarmas qiymati uchun butun dunyoda qabul qilinadi. Shubhasiz, bugun ham har qanday valyuta qiymati bevosita yoki bilvosita oltin bilan o‘lchanadi”, dedi u va AQSh prezidenti Lindon Jonson bilan uchrashuvda Fransiya davlat rezervlaridagi bir yarim milliard naqd dollarni oltinga almashtirib berishni talab qildi.

Vashington Fransiyani bu harakat Shtatlar tomonidan nodo‘stona deb baholanishi va salbiy oqibatlar keltirib chiqarishi mumkinligidan ogohlantirdi. General esa Fransiyaning NATOdan chiqishini va mamlakat hududidan NATO shtab-kvartirasi hamda bazalarini chiqarib yuborishini e'lon qildi.

Buyog‘iga amerikaliklar bilan asosan parijlik moliya mutaxassislari muloqot qilishdi. 

“Barcha hujjatlar tayyor. Fransiya banki vakili AQSh g‘aznachiligiga aytilgan pulning teng yarmini olib keldi”, degan xabar berildi Vashingtonga. 

Nyu-York portida Fransiyaning “pul tashiydigan” kemasida 750 million dollar naqd pul tushirishga shay holda turardi. Har bir dollar uchun 1,1 grammdan oltin olgan Parij uchun bu kelishuv samarali bo‘ldi – AQShdan 825 tonna oltin olib ketildi. Aeroportda esa yana shuncha miqdordagi valyuta yuklangan samolyot turganligi ma'lum qilindi. Bu faqat boshlanishi edi. Ikki yil ichida Fransiya AQShdan 3 ming tonnadan ortiq oltin oldi.

Frantsuzlar ortidan nemislar ham dollarni oltinga almashtirish uchun okeanortiga otlanishdi. Oq uy rahbariyati qarshisida federal kansler, iqtisod fanlari professori Lyudvig Erxard fransuzlarni qoralar ekan, Germaniya g‘aznasidan yig‘ib kelgan dollarlarini namoyish qildi va «Biz ittifoqchilarmiz, shunday emasmi? Marhamat qilib shu pullarni oltinga almashtirib bering» dedi. Amerikaliklar bundan larzaga tushishdi, ammo pul o‘rniga oltin berishga majbur bo‘lishdi. Buyog‘iga boshqa mamlakatlarning markaziy banklari AQShga yurish boshladi: Kanada, Yaponiya...

1968 yil martda amerikaliklar birinchi marta dollarning oltinga erkin almashtirilishini cheklashdi. 1971 yilning iyul oyi oxiriga kelib AQShning oltin zaxirasi 10 milliard dollardan pasayib ketdi. Shundan so‘ng «Nikson-shok» nomi bilan tarixga kirgan voqea sodir bo‘ldi. O‘sha yilning 15 avgustida AQSh prezidenti Richard Nikson dollarning oltinga bog‘liqligi bekor qilinganini e'lon qildi.

Bu voqea hamda faqatgina dollarga tayangan mavjud tizimga bo‘lgan ishonchning pasayishi avvaliga XVJ ichida ayrim huquqlar joriy etilishiga, so‘ngra Yevropadagi davlatlarning o‘z yagona valyutalarini ishlab chiqish g‘oyasi paydo bo‘lishiga olib keldi.

Vashingtondagilar oltin standartidan voz kechish dollarga bo‘lgan xalqaro talabga sezilarli xavf olib kelishini, Amerika valyutasiga bo‘lgan talabni sun'iy ravishda ushlab turish iqtisodiyot gullab-yashnashining asosiy sharti ekanini tushunishardi. Shu bois Vashington jahon moliyaviy tizimini nazorat qilishda davom etish uchun samarali yo‘lni izlay boshladi. U dollarga bo‘lgan talabni kafolatlashi lozim edi va bu yo‘l topildi.

Maxfiy kelishuv

1973 yilning 6 oktabrida Isroil Misr va Suriyaga qarshi urush boshladi. 13 oktabr kuni Kuvaytda arab davlatlari neft vazirlari yig‘ilishdi va Isroil qo‘shinlari bosib olingan hududlardan to‘liq olib chiqib ketilmaguniga qadar neft qazib olish hajmini har oyda 5 foizdan kamaytirishga kelishib olishdi. Saudiya Arabistoni va Kuvayt neft qazishni birdaniga 10 foizdan ortiqroqqa qisqartirdi. 20—22 oktabr kunlari arab davlatlari birin-ketin Isroilni qurol bilan ta'minlagan AQShga, keyinroq Isroil tomonida bo‘lgan Niderlandiyaga neft yetkazib berish to‘xtatilishini ma'lum qildi. Arab davlatlarida neft qazib olish hajmi uchdan bir qismga kamaydi.

AQShda benzin va dizel yonilg‘isi hamda aviatsiya kerosini narxi osha boshladi. 1973 yilda bir barrel neft narxi 3 dollardan 5 dollarga ko‘tarildi. Keyingi yil davomida neft narxi 12 dollarga yetdi, fond bozori quladi, iqtisodiyot boshi berk ko‘chaga kirib qoldi.

1974 yilning iyulida AQSh moliya vaziri Uilyam Saymon Saudiya Arabistoniga rasmiy tashrif bilan keldi. Hattoki prezident Richard Nikson atrofidagilarning ham ko‘pchiligi tashrifning asosiy maqsadi haqida bilmasdi.

Saymon saudiyaliklarning «neft quroli»ni bartaraf etish va qirollikni AQSh byudjyetining defitsitini moliyalashtirishga ko‘ndirish uchun tashrif buyurgandi. Vazir ortga rad javobi bilan qayta olmasdi – mamlakatning moliyaviy farovonligi unga bog‘liq edi.

Saymon Amerika davlat qarzlari eng jalb qiladigan omil ekanligini yaxshi bilardi. U saudiyaliklarni AQSh investitsiya uchun eng yaxshi joy ekanligiga ishontira oldi.

Kelishuv esa juda oddiy edi: AQSh Saudiya Arabistonidan neft sotib olish va unga harbiy texnika hamda uskunalar yetkazib berish majburiyatini oldi. Saudiyaliklar esa neftni faqat dollarga sotishga, AQSh xazina obligatsiyalari uchun milliardlab dollar ajratishga va mamlakatning xarajatlarini moliyalashtirishga va'da berishdi.

Shu bilan birga, Saudiya qiroli investitsiyalar haqidagi ma'lumotlar qat'iy sir saqlanishi lozimligini talab qildi. Bloomberg’ga bu kelishuv haqida oradan 40 yil o‘tgach, AQSh milliy arxividagi ma'lumotlar o‘rganilganidan so‘ng ma'lum bo‘ldi.

1975 yilga kelib esa OPeKning barcha a'zolari neft savdosida AQSh dollari bilan hisob-kitob qilishga rozi bo‘lishdi va dollarning yana chorak asrlik hukmronligi ta'minlandi.

«Dollarga kim qarshi?»

Foto: Getty

Yigirma yil avval dollardan voz kechish haqida hech kimga qo‘shilmaydigan iqtisodchi va siyosatchilargina gapirishi mumkin edi va ularning fikrini hech kim jiddiy qabul qilmasdi. Besh yil ilgari esa bunday takliflar balandroq yangray boshladi, ammo ular asosan iqtisodiy va moliyaviy anjumanlarning radikal kayfiyatdagi qatnashchilari yoki moliya yo‘nalishida u-bu qoralab turadigan mutaxassislari tomonidan aytildi.

Bugungi kunga kelib esa yirik davlat rahbarlari goh minbarlarda, goh yuzma-yuz uchrashuvlarda dedollarizatsiya haqida baralla so‘zlashmoqda.

Jumladan, o‘tgan yili Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Dehlida bo‘lib o‘tgan turk-hind biznes forumida Turkiya va Hindiston o‘zaro hisob-kitoblarda dollardan voz kechish va milliy valyutalarda to‘lovlarni amalga oshirish imkoniyatini muhokama qilishlari mumkinligi haqida bayonot berdi.

«Eksport va import amaliyotlari milliy valyutalarda amalga oshirilishi mumkin, bu esa valyuta kurslari tebranishlari bilan bog‘liq salbiy ta'sirlarni kamaytiradi», — dedi Erdo‘g‘an.

Anadolu agentligi avgustda Erdo‘g‘anning Turkiya Xitoy, Rossiya, Eron va Ukraina bilan o‘zaro savdo-sotiqni milliy valyutalarda olib borishga tayyorlanayotgani haqidagi so‘zlarini keltirdi.

Shu yil kuzda Bishkekka rasmiy tashrifi chog‘ida tashkil etilgan qirg‘iz-turk biznes-forumida esa Erdo‘g‘an «xalqaro savdoda dollar hukmronligiga chek qo‘yish zarur»ligini ta'kidladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, savdoni go‘yoki yengillashtirish uchun yaratilgan, dollarga bog‘langan tizim hozir eng katta muammoga aylandi, savdo urushlari va proteksionizm ko‘plab sohalarda yangi strategiyalardan foydalanishga majbur qilmoqda.

12 sentabr kuni Yevroparlament oldida chiqish qilgan Yevrokomissiya prezidenti Jan-Klod Yunker dollar borasida keskin fikr bildirdi.

«Energiya importining bor-yo‘g‘i ikki foizi AQShga to‘g‘ri kelgani holda Yevropa 80 foiz energiya importi uchun pulni (yiliga 300 milliard yevro) Amerika dollarida to‘lashi bema'nilik. Yevropa kompaniyalari Yevropa samolyotlarini yevroga emas dollarga sotib olishlari bema'nilik», dedi u.

Yevrokomissiya rahbari yil oxirigacha taqdim etilishini aytgan rejaga ko‘ra, neft va gaz eksportchilariga shartnomalarda to‘lov valyutasini almashtirish taklif etiladi: dollar o‘rnini yevro egallaydi. 

Avvalroq Yevroittifoq Erondan keluvchi neftga to‘lovni amalga oshirishda dollardan yevroga o‘tishni mo‘ljallayotgani xabar qilingandi.

Shu yilning iyulida VTB rahbari Andrey Kostin Rossiya prezidenti Vladimir Putinga Rossiya iqtisodiyotini dedollarizatsiya qilish bo‘yicha rejasini taqdim qilgandi. Ayni paytda hukumat dollardan voz kechish bo‘yicha qonun loyihasini tayyorlamoqda.

Kostinning aytishicha, rejada xalqaro hisob-kitoblarda rubldan foydalanishni kengaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rsatilgan.

«Gap dollardan butkul voz kechish haqida bormayapti», deydi u. Kostinning aytishicha, «reja uzoq muddatga mo‘ljallangan bo‘lib, jahondagi yuz berayotgan o‘zgarishlarga asoslangan». Uning hisobiga ko‘ra, dedollarizatsiya uchun kamida besh yil ketadi.

«Bunda asosiy e'tibor o‘zaro hisob-kitoblarni milliy valyutalarda amalga oshirishga qaratiladi. Shuningdek, valyuta nazorati erkinlashtiriladi va valyuta qonunchiligi liberallashtiriladi», deb yozadi The Bell.

«Sharq va Yevropada borgan sari sari ko‘proq davlatlar bu valyutaga qaramlikni kamaytirish haqida o‘ylamoqda», — dedi Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Vladimir Putin va Si Jinping Pekindagi Sharqiy iqtisodiy forum doirasida o‘zaro hisob-kitoblarni milliy valyutalarda amalga oshirish mavzusini muhokama qilishgan.

Xitoy yuanni XVJning rezerv valyutalari ro‘yxatiga kiritishga faol harakat qilmoqda. Bundan tashqari, Rossiya va Eron bilan energoresurslar oldi-sotdisini yuanda olib bormoqda. Saudiya Arabistoni va Angoladan ham neft savdosini dollarda emas, yuanda olib borishni so‘ramoqda.

2018 yilda esa oltin bilan ta'minlangan fyuchers shartnomalarini («petroyuan») joriy etdi.

Tehron 2008 yilda neft va gaz Eron realida sotiluvchi savdo maydonchasini ishga tushirdi. So‘ngra Hindistonga neftni yevroda sota boshladi. 

Trampning yangi sanksiyalar kiritish tahdididan keyin Eron hisob-kitoblarda dollardan voz kechib, yevrodan foydalanishini e'lon qildi.

Iroq hukumati rasmiy vakili Saad al-Hadisi Vashingtonning Tehronga qarshi sanksiyalari sababli Eron bilan hisob-kitoblarda dollar o‘rniga yevrodan foydalanishini ma'lum qildi. 

2008 yilda Isroil, 2009 yili Boliviya, Venesuela, Honduras, Kuba, Nikaragua va Ekvador dollardan to‘liq voz kechgan.

2014 yilda Braziliya va Urugvay o‘zaro hisob-kitoblarni milliy valyutada olib borishga o‘tdi.

Keyinroq dedollarizatsiya Osiyo-Tinch okeani mintaqasiga yetib keldi. Hozirda Xitoy Avstraliya, Yaponiya va Hindiston bilan, Yaponiya Braziliya bilan savdoda dollardan foydalanmaydi.

Dollar hukmronligi davom etadimi?

AQShning faol sanktsion siyosati boshqa mamlakatlarni muqobil moliya tizimini yaratishga majbur qiladi va jahon maydonida dollar gegemoniyasi qulashiga olib keladi, degan fikrni bildirdi Global xavfsizlikni tahlil qilish instituti direktori Gel Laft CNBC uchun yozgan maqolasida.

Uning yozishicha, AQSh hozirda jahondagi deyarli har o‘nta davlatdan bittasi bilan iqtisodiy urush holatida. Ular qatorida Rossiya, Eron, Xitoy, KXDR, Venesuela va boshqa davlatlar bor. Bu mamlakatlardagi aholi soni ikki milliard kishidan oshadi, umumiy YaIM esa 15 trillion dollardan ortiqroqni tashkil etadi.

Bundan tashqari, AQSh bu mamlakatlar hukumatlariga yaqin deb hisoblagan minglab shaxslarni qora ro‘yxatga kiritgan va ular global moliyaviy tizimga kira olishmaydi.

Laftning yozishicha, AQShning sanksiyalar siyosatiga qarshi chiqayotganlar orasida neft eksportchilari juda ham ko‘p va ular o‘z mahsulotlari dollarda baholanmasligi va sotilmasligi kerak, deb hisoblashadi. Xitoy Angoladan neftni, Rossiyadan gazni, Mo‘g‘ulistondan ko‘mirni yuanga sotib olishni ma'qul ko‘radi. Bundan tashqari, Rossiya Turkiya bilan savdoni dollarsiz amalga oshirishni, BRIKS davlatlari esa dollar ishtirokisiz iqtisodiyot yaratishni istashmoqda.

Kelajakda Amerika valyutasining xalqaro savdodagi ulushi kamayishi mumkin, ammo dollar jahon rezerv valyutasi maqomini saqlab qoladi, deyiladi Moody's agentligi hisobotida.

XVJ ma'lumotlariga ko‘ra, jahon valyuta rezervlarida AQSh dollarining ulushi 62,7 foizni, yevro esa 20,1 foizni tashkil etadi. 

Moody's ekspertlari vaqt o‘tishi bilan dollarga muqobil valyutalar ommalashishini taxmin qilishmoqda. Mutaxassislar Osiyo va Lotin Amerikasida yevroning hamda Xitoyning boshqa davlatlar bilan munosabatlarida yuanning faol muomalada bo‘lishini taxmin qilishmoqda.

Statistikaga qaraganda, dollar SWIFT to‘lov tizimidagi barcha to‘lov o‘tkazmalarining 40 foizga yaqinini tashkil etgan. Keyingi o‘rinlarni yevro, funt va yapon iyenasi egallagan.  

Bloomberg tahlilchilarining xulosasiga ko‘ra, Rossiya, Turkiya va Eron birgalikda harakat qilganida ham dollar gegemoniyasiga sezilarli zarba bera olmaydi. Ularning bir-birlari bilan milliy valyutada hisob-kitob qilishlari esa jahon bozorida hattoki sezilmaydi.

Lekin bir narsa aniq: dollarga qarshi urush boshlandi. Bu urushda dollar g‘olib chiqadimi yoki birdaniga bir nechta jahon valyutasi paydo bo‘ladimi, vaqt ko‘rsatadi.

Dilshod Asqarov

Mavzuga oid