O‘zbekiston | 20:00 / 05.10.2018
46649
2 daqiqa o‘qiladi

UzCard yana ishlamay qoldi

UzCard faoliyatida yana texnik nosozliklar kuzatilmoqda.

5 oktabr kuni soat 19:40dan boshlab internetda tizim faoliyatida uzilishlar boshlangani haqida xabarlar tarqaldi.

Foto: Telegram / Kurbanoff.net

Ayni vaqtda savdo nuqtalarida terminallar orqali to‘lovlarni o‘tkazib bo‘lmay qolgan.

Eslatib o‘tamiz, UzCard 15 sentabrdan 17 sentabrgacha butun respublika bo‘yicha ishlamay qolgandi. Natijada ikki kun mobaynida millionlab o‘zbekistonliklar xarid qobiliyatidan mahrum bo‘lib qolishdi. Tizim ishdan chiqishi O‘zbekistondagi 18 milliondan oshiq plastik karta muomalasiga ta'sir ko‘rsatdi. 

17 sentabr kunining birinchi yarmida Markaziy bank bu holat bo‘yicha bayonot berdi va bu voqea e'tiborsiz qoldirilmasligiga va'da berildi.

17 sentabr kunining ikkinchi yarmida UzCard onlayn tizimi ishlash jarayoni tiklandi va kompaniya bu haqda bayonot berdi.

19 sentabr kuni O‘zbekistonda Milliy banklararo protsessing markazi tashkil etilishi ma'lum qilindi.

Shu kuni O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyevning «Milliy to‘lov tizimini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi. Unga ko‘ra UzCard monopoliyasi bekor bo‘lishi nazarda tutilgandi.

Mavzuga oid