Jamiyat | 00:37 / 06.10.2018
57136
5 daqiqa o‘qiladi

Andijondagi kuzatuv kameralari dasturining nosozligi oqibatida haydovchilarga asossiz jarimalar qo‘llangan

Shu yil 1 iyunidan boshlab Andijon shahridagi 7 ta chorrahada “Xavfsiz shahar” dasturi bo‘yicha kuzatuv kameralari ishga tushirilgan edi.

Viloyat markazining transport vositalari serqatnov bo‘lgan chorrahalariga jami 98ta videokuzatuv kamerasi o‘rnatildi. Mazkur kameralar orqali qayd etilayotgan holatlar Andijon viloyati IIB navbatchilik qismida tashkil etilgan boshqaruv tizimiga foto va videotasvir hamda yo‘l harakati qoidalarini buzganligi yuzasidan onlayn ravishda shisha tolali kabel orqali yetkazib berilmoqda.

Lekin, o‘tgan to‘rt  oy davomida o‘rnatilgan maxsus avtomatlashtirilgan foto-video  qayd etish kuzatuv kameralari yordamida aniqlangan qoidabuzarliklar kompyuter dasturining noto‘g‘ri xulosa qabul qilgani oqibatida haydovchilarga nisbatan ko‘plab asossiz jarimalar solinayotgani aniqlandi. Tahlillar shuni ko‘rsatyaptiki,  Dastur mukammal ishlab chiqilmagan. Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi tomonidan o‘tgan davr mobaynida texnik xato sababli noto‘g‘ri chiqarilgan ko‘plab qarorlar ixtiyoriy bekor qilindi.   

Haydovchilarga noto‘g‘ri jarima solinganida qanday yo‘l tutishlari va qayerga murojaat qilishlari haqida Andijon shahar adliya bo‘limi boshlig‘i Ozodbek G‘ofurov  o‘z fikrlarini bildirdi:

“Darhaqiqat,  ko‘plab fuqarolar  buzilgan huquqlarini tiklash maqsadida sud va adliya organlariga murojaat qilishmoqda.  Andijon shahar adliya bo‘limiga shu kungacha yigirmadan ortiq  ana shunday arznomalar kelib tushdi.

Oltinko‘l tumanida yashovchi V. Usmonov  kuzatuv kamerasi orqali yo‘l harakati buzilishi hisobga olinganligi bilan bog‘liq jarima solish to‘g‘risidagi qarordan norozi bo‘lib, ushbu qarorni bekor qilish bo‘yicha murojaat qilgan. Viloyat IIB YHXBdan so‘rov xati orqali olingan huquqbuzarlik sodir etilgan vaqtdagi video tasvir O‘zbekiston Mudofaaga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Andijon viloyati mutaxassislari tomonidan tahlil qilingach, haydovchi “Yo‘l harakati qoidalari”ning 15 bob, 102 va 103 bandlari bo‘yicha harakatlanishni to‘g‘ri amalga oshirganligi haqida xulosa berildi. Shundan so‘ng bo‘limimiz tomonidan Andijon shahar ma'muriy  sudiga IIB YHXBning jarima solish haqidagi   qarorini bekor qilish bo‘yicha berilgan ariza berildi. Ma'muriy sud arizani ko‘rib chiqib, noto‘g‘ri chiqarilgan qaror bekor qilindi. 

Sulton Jo‘ra ko‘chasida yashovchi B. Dolimov   viloyat IIB YHXBning 344480 so‘m ma'muriy jarimaga tortish haqida qarorini bekor qilishni so‘rab bo‘limimizga ariza bilan murojaat qilgan. Bo‘lim tomonidan qoidabuzarlik holati o‘rganib tahlil qilingach, Andijon shahar ma'muriy sudiga da'vo arizasi kiritildi. Bu jarayonda ham  sud tomonidan fuqaro tomonga ijobiy qaror chiqarilgan.

Shuningdek, adliya bo‘limi tomonidan fuqaro M.Pozilovning IIB YXXBning 1 722 400 so‘m jarima solish to‘g‘risidagi qaroridan norozi bo‘lib qilgan murojaati o‘rganib chiqildi. Haydovchi tomonidan yo‘l harakati qoidalarini buzmaganligi, jarima texnik xato ekanligi isbotlanib, viloyat IIB YHXB tomonidan ushbu qaror ixtiyoriy bekor qilindi”.

Andijon shahar adliya bo‘limi rahbari Ozodbek G‘afurov  bo‘limga tushgan arizalarning barchasi o‘z tasdig‘ini topmagani, ular orasida ko‘plab haydovchilarga jarima haqiqatda asosli qo‘llanganini ham ta'kidlab o‘tdi.

Ayni paytda Andijon shahar ko‘chalaridagi  ayrim yo‘llar va chorrahalar torligi sabab tirbandlik holatlari ham yuzaga kelmoqda. Bu holat piyoda va haydovchilarning  harakati izchil bo‘lishiga halaqit berayotir.

Bundan tashqari “Yo‘l harakati qoidalari”ning 31-bandida ko‘rsatilganidek, haydovchilarga yashil ishora o‘chishiga qancha vaqt qolganini soniyalarda ko‘rsatib, axborot berish uchun raqamli tablo qo‘llanilishi mumkin bo‘lsada, Andijon shahridagi 7 ta chorrahada mavjud svetoforlarga sekundomer o‘rnatilmagan.

Mutasaddilardan yangi loyihani amalga oshirish boshlaganda uning har tomonlama mukammal bo‘lishiga jiddiy e'tibor qaratishlarini so‘ragan bo‘lar edik. Chunki, har bir xato ortida aholi vakillari  va xodimlarning zoye ketgan vaqti va qancha asabbuzarliklar yotadi.

O‘z muxbirimizdan

Mavzuga oid