Sport | 17:50 / 10.10.2018
19865
5 daqiqa o‘qiladi

Paraosiyo o‘yinlari. O‘zbekiston to‘rtinchi kunda 14ta medal qo‘lga kiritdi

10 oktabr kuni o‘zbekistonlik sportchilar Paraosiyo o‘yinlarida to‘rtinchi kungi bahslarda ishtiroklarini o‘tkazishdi.

Dzyudo
Bugungi bahslarda 5 nafar dzyudochi o‘z omadini sinab ko‘rdi va ulardan ikki nafari oltin medal, bir nafari kumush medal va yana ikki nafari bronza medal oldi. 

Kunning birinchi yarmida -70 kg vazn toifasidagi O‘zbekiston vakili Vasila Aliboyeva finalda hindistonlik raqibini mag‘lubiyatga uchratib, yigirmanchi oltin medalni delegatsiya hisobiga qo‘shib qo‘ygandi.

Vasila Aliboyeva - oltin medal sohibasi
Foto: Paraosiyo o‘yinlari rasmiy sayti

Kunning ikkinchi yarmida +70 kg vazn toifasida Feruza Yusupova uchinchi o‘rin uchun jangda hindistonlik sportchini mag‘lubiyatga uchratdi va bronza medalini qo‘lga kiritdi.

-100 kg vazn toifasidagi Sharif Xalilov ham bronza uchun gilamga chiqib, mo‘g‘ulistonlik sportchini mag‘lub etdi. 

Sharif Halilov - bronza medal sohibi
Foto: Paraosiyo o‘yinlari rasmiy sayti

-90 kg vazn toifasida final bahsida qatnashgan Shuhrat Boboyev eronlik raqibiga imkoniyatni boy berdi va kumush medal bilan kifoyalanadigan bo‘ldi.

Shuhrat Boboyev - kumush medal sohibi
Foto: Paraosiyo o‘yinlari rasmiy sayti

+100 kg vazn toifasida O‘zbekiston sharafini himoya qilgan Shirin Sharipov finalda eronlik raqibga qarshi jang qildi va g‘alaba qozondi va delegatsiya hisobiga 21-oltin medalni olib berdi.

Shirin Sharipov - oltin medal sohibi
Foto: Paraosiyo o‘yinlari rasmiy sayti

Suzish
Bugungi bahslarda o‘zbekistonlik suzuvchilar ham 5ta medalni qo‘lga kiritishgan. 

100 metrga brass usulida suzgan Firdavsbek Musabekov 01:05:75 natija bilan oltin medalni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, shu masofada ishtirok etgan Islam Aslanov marraga uchinchi bo‘lib yetib bordi va bronza medal sohibiga aylandi.

Xuddi shu yo‘nalishda ayollar o‘rtasidagi bellashuvlarda ishtirok etgan Fotimaxon Omilova esa 01:09.57 natija bilan jahon rekordini o‘rnatdi va oltin medalga ega chiqdi. Ushbu yo‘nalishda kumush va bronza medallar ham o‘zbekistonlik sportchilarga nasib etdi. Fotimaxon Omilovadan keyin marraga Shohsanamxon Toshpo‘latova yetib kelib, kumush medal egasiga aylangan bo‘lsa, Nigoraxon Mirzohidova terma jamoa hisobiga bronza medal qo‘shib qo‘ydi.

Fotimaxon Omilova / Foto: Paraosiyo o‘yinlari rasmiy sayti

O‘zbekistonlik yengil atletikachilar esa to‘rtinchi kun bahslarida O‘zbekiston hisobiga uchta oltin medal keltirishdi. 

Kunning birinchi qismida Temurbek Giyazov balandlikka sakrash bahslarida eng yaxshi natijani qayd etdi va oltin medalni qo‘lga kiritdi. Qayd etish lozimki, Temurbek musobaqada Rio-2016 Paralimpiya o‘yinlari g‘olibi Toru Suzukini ortda qoldirib keta oldi.

Roziya Ergasheva va Temurbek Giyazov
Foto: Paraosiyo o‘yinlari rasmiy sayti

Ayollar o‘rtasida 100 metrga yugurishda startga chiqqan Sabina Suxanova bronza medalga ega chiqqandi.

Kunning ikkinchi qismida 100 metrga yugurish bahslarida Mansur Abdirashidov 11:26 soniyalik natija bilan marraga birinchi bo‘lib yetib bordi va oltin medal sohibiga aylandi.

Yadro uloqtirish bellashuvlarida esa Bobirjon Omonov 12,31 metrlik natija bilan birinchi bo‘ldi - bu O‘zbekiston delegatsiyasining turnirdagi 25-oltin medali bo‘ldi. 

Shu tariqa, o‘zbekistonliklar bugungi bahslarda 7ta oltin, 2ta kumush va 5ta bronza medal qo‘lga kiritishdi.

Ayni vaqtga kelib, O‘zbekiston delegatsiyasi hisobidagi medallar soni 46taga yetgan. Shundan 25ta oltin, 11ta kumush va 10ta bronza. Endilikda O‘zbekiston umumiy reytingda Eronni oldinga o‘tkazib yuborgan (28-23-27) va to‘rtinchi o‘rinda joylashgan. Birinchi o‘rinda Xitoy (100-47-39), ikkinchi o‘rinda Janubiy Koreya (35-31-26) bormoqda.

Mavzuga oid