Light | 15:10 / 18.10.2018
18089
8 daqiqa o‘qiladi

Kelajak kompaniyalariga qanday xodimlar kerak?

Ta'lim va mutaxassislik — avvalgidek bir martalik va butun umrga emas. Agar siz bir sohani tark etgan bo‘lsangiz, yana shu yo‘nalishga yopishmang - ehtimol, uning davri o‘tayotgandir, siz esa mehnat bozoridagi raqobatbardoshligingizni yo‘qotayapsiz. O‘tmishdagi bilimlar bilan kelajak bozorida kun ko‘rib bo‘lmaydi. Biroq nomzodlar ko‘pincha yangi reallikni qabul qilishga va o‘z hayotlarida nimanidir o‘zgartirishga tayyor emaslar, deb yozadi Forbes tahlilchisi Inna Sumatoxina.

Ko‘p bozorlarda tub o‘zgarishlar ro‘y bermoqda. Raqamlashtirishdan keyin mijozlar bilan ishlovchi menejyerlar, treyderlar, brokerlar va boshqa qator mutaxassislarga bo‘lgan talab keskin pasaymoqda. Kompaniyalar avtomatlashtirish mumkin bo‘lgan barcha narsani avtomatlashtirmoqda. Bugunga kelib katta ma'lumotlarni tahlil qilish va mashina ta'limi bo‘yicha mutaxassislar, dasturiy ta'minot ishlab chiqaruvchilari mehnat bozoridagi eng talabgor kasblarga aylanmoqda. 

Foto: Pixabay

Yangi texnologiyalar bozordagi eng talabgor kasblardan biri - sotuvlar bo‘yicha menejyer o‘z funksionalini o‘zgartiruvchi yangi kommunikatsion etiket yaratadi. Katta ma'lumotlarni tahlil qilayotib, mijozning xatti-harakatlarini - u nima xarid qiladi va qachon, taxminan qancha pul sarflaydi, internet orqali tovar buyurtma qiladimi yoki do‘konga boradimi - oldindan taxmin qilish mumkin. Shu munosabat bilan yangi tovar va xizmatlarni quruq qo‘ng‘iroqlar kabi targ‘ib qilishning bunday jihozi tobora o‘z dolzarbligini yo‘qotmoqda. Bugun undan eng konservativ tarmoqlar va tor doiralarda foydalanishmoqda.

Tajriba va bilimlari dolzarbligini yo‘qotayotganlar nima qilishi kerak va nima uchun oxirgi vaqtlarda umrbod ta'lim zarurati haqida bu qadar ko‘p gapirilmoqda?

Har besh yilda o‘qing

Eng ilg‘or tarmoqlarda 1,5-2 yildan keyin bilimlarning yarmi raqobatbardoshlik jihatdan ustunligini yo‘qota boshlaydi. Bu ustuvorlikni yaratish uchun yangi bilimlarni o‘ylab topish kerak. Biz umrbod bilim olishga mahkummiz. Inson qanday zo‘r oliygohni tugallagan bo‘lmasin, vaqti-vaqti bilan bilimlarini yangilab turmasa, ular uzog‘i bilan besh yilga yetadi. Har bir nomzod, ayniqsa millionerlar va Z avlod vakili butun umri davomida o‘qishiga to‘g‘ri kelishiga tayyor turishi kerak. Masalan, Yevropa mamlakatlarida anchadan beri uzluksiz ta'lim modellari mavjud, ular uch asosiy ta'lim davriga asoslanadi: 16-25 yosh, 30-55 yosh va 55 yoshdan keyin. Shvetsiyada katta yoshlilar va keksalarni chin ma'noda o‘qib o‘rganishga majbur qilishadi. U yerda ijtimoiy ishchilarning majburiyatlaridan biri - o‘z ta'limini davom ettirishga tayyor bo‘lmagan yoki buni istamayotgan kishilar huzuriga "motivatsion tashriflar" amalga oshiriladi. Ta'lim tizimi butun umr davomida hamroh bo‘luvchi Finlyandiyada ham ta'limga munosabat shunday, u yerda kattalar ta'limi bir necha turga bo‘linadi: rasmiy, norasmiy va erkin bepul. Bepul kurslar juda keng ko‘lamda taklif qilinadi - xorijiy tillar, axborot texnologiyalari, san'at va hunarmandchilikni o‘rganishdan to sport bilan shug‘ullanishgacha.

Foto: Getty Images

Murakkab loyihalar ustida ishlang

Bugun yangi mahsulotlar va xizmatlar o‘z-o‘zidan servis hisoblanadi. Shu bois yakuniy iste'molchi va mahsulot ishlab chiqaruvchisi o‘rtasida vositachilar kerak emas. Mijozga real foyda keltiruvchi va bozor uchun qimmatli xizmatlar taklif qiluvchi kishilargina haqiqatda yaxshi pul ishlay olishadi. Masalan, 10-15 yil avval rekrutmentda ko‘p agentliklar faol nomzodlar bilan ishlab, vakansiyalarni yopishgan. Oddiy qilib aytganda, ular ish beruvchilarning HeadHunter.ru saytiga kirib, nomzodlarni mustaqil izlashga erinishganidan foydalanishgan. Hozir esa buning o‘zi yetarli emas, zero mijozlar faol nomzodlarga o‘zlari ham bog‘lanishlari mumkin. Rekruterlar o‘zaro raqobatlashib, noyob xizmatlarni – passiv nomzodlarni izlash bilan shug‘llanishni taklif qilishi kerak. Tabiiyki, o‘zi haqida ochiq e'lon qiladigan xodimlarni topish va jalb qilish qiyinroq. Biroq bu personal bilan ishlovchi mutaxassis uchun juda zarur bo‘lgan ko‘nikmadir.

Foto: Pixabay

Noyoblikni namoyon qiling

Ba'zi jamiyatlarda hanuz fundamental, akademik ta'limsiz ish topish qiyinligiga doir stereotip bor. Biroq nomzodlar o‘zlarining ustuvor jihatlari haqida gapirayotib, bir necha diplomga ega ekanliklarini aytganda ular bilan suhabtlashish istagi yo‘qoladi. O‘qish yoqimli, bu bilan hatto faxrlanish mumkin, lekin “diplom” yig‘ish ko‘pincha real professional hayotdan chekinishni, uning chaqiriqlariga javob berish istagining yo‘qligini bildiradi. Kareradagi har qanday o‘zgarishlar inqilob emas, evolyutsion xarakterga ega bo‘lishi kerak. Ba'zi ish izlovchilarning rezyumesiga ko‘ra, ular bir sohada muvaffaqiyatga erisha olmagach, yangi yo‘nalishda ta'lim olib, o‘zlarini avvalgidan uzoqroq sohada sinab ko‘rishadi. Bugun qanday bo‘lmasin, oliygohga kirish va nufuzli kasblardan birini egallashga hojat yo‘q. Universitetni tamomlash mutlaqo shart emas, zero butun dunyo noyob ko‘nikmalarga ega bo‘lish yo‘lidan ketmoqda. Neyrobiologiya, muqobil energetika, raqamli san'at — bularni albatta xorij oliy ta'lim muassasalarida o‘rganish mumkin. Biroq kompaniyalarda ham katta marralarni zabt etgan o‘z ishining ustalaridan yangi bilimlarni o‘rganish mumkin. Bundan tashqari, maxsus kurslar va treninglar ham yangi bilimlarni o‘zlashtirish uchun ayni muddaodir.

Faoliyat sohangizni o‘zgartiring

Ish beruvchilar “Bu pozitsiyaga bizga gumanitar fikrlovchi, unisiga esa texnik fikrlovchi kishi kerak”, deb aytmaydi. Ular o‘zida uni ham, buni ham jamlagan mutaxassislarni izlashmoqda. Bizning tajribamizda 2010 yilda Moskvadagi yetakchi OTMlardan birini “psixologiya o‘qituvchisi” ixtisosligi bo‘yicha tamomlagan nomzod bo‘lgan. U yirik kurerlik kompaniyasining HR bo‘limida ishlagan va personalni tanlash, o‘qitish, moslashtirish va ishdan bo‘shatish uchun javob bergan. Keyin kouchingda o‘z kuchini sinab ko‘rgan. 2015 yilda esa IT sohasida ish boshlashga qaror qilgan va Bauman nomidagi MDTUning “Dasturiy injineriya” kafedrasiga o‘qishga kirgan. Hozirda bu ayol web-sohasida ishlaydi, loyihalashtirish va web –ilovalar yaratish bilan shug‘ullanadi, web-saytlar va raqamli kontentni yaratish masalalari bo‘yicha maslahat beradi. Uning bo‘lg‘usi diplom ishi – tarmoqdagi ochiq ma'lumot yordamida mijozning raqamli va psixologik portretini tuzish. Bunday misollar u qadar ko‘p emas, ammo yaqin kelajakda bunday nomzodlarga bo‘lgan talab juda katta bo‘ladi.

Foto: Getty Images

Malakali, lekin kam maosh oluvchi mutaxassis kasbini o‘zgartirishiga to‘g‘ri keladigan holatlar ham bo‘ladi. Men yirik bir muzey direktorini bilar edim, u karerasini o‘zgartirib, animatorlikni o‘rgandi. Uning qarorini kutilmagan deb bo‘lmaydi – ayol artistlik qobiliyatiga ega bo‘lib, doim ijodiy sohada ishlashni istardi, bir so‘z bilan aytganda u sevimli ishiga kirishdi. Ehtimol, bu so‘nggi choradir, lekin mehnat bozori bunday shiddat bilan o‘zgarayotgan bir vaqtda hamma narsaga tayyor turish kerak.

Mavzuga oid