Jamiyat | 16:10 / 22.10.2018
42437
6 daqiqa o‘qiladi

«SESdanmiz, tarakanga qarshi dori sotib oling!»

Uzoq kutilgan dam olish kuni edi. Uzoq kutilgan rejamga kirishdim, kunning qoq yarmida uxlash uchun cho‘zildim. Endi ko‘zim ilinganda eshik do‘mbiradek urildi. Ortidan qo‘ng‘iroq ham chalindi. Birpas uyqusirab yotdim. Lekin qo‘ng‘iroq shunchalar shiddat bilan va ustma-ust chalinardiki, borib ochmasam, eshikni buzib yuborishadigandek edi go‘yo.

Ochganimda qo‘shnining ham eshigi taqillatilayotganini eshitdim. Pod'yezdda yo‘g‘ongina bir ayol paket bilan birga bir to‘da qog‘oz ushlab turardi. Opa salom-alikni ham yig‘ishtirib, maqsadga o‘tdi:

– SESdanmiz, hozir tarakan (suvarak desam tushunmaydi deb o‘yladi shekilli) ko‘payib ketgan. Biz dori tarqatib yuribmiz. Narxi 20 ming. Olishingiz kerak.

Opa kichkina shishachadagi ko‘kimtir suyuqlikni silkiganicha qo‘lidagi qog‘ozlarni tutqazdi:

– Mana hamma hujjatlar. Bo‘laqoling, shoshib turibmiz.

– Qaysi tashkilotdanmiz dedingiz?

– Shahar SESidanmiz.

– Qo‘ng‘iroq qilsam bo‘ladimi ishxonangizga, raqamini bera olasizmi?

– Bugun dam olish kuni, ishxonada hech kim yo‘q. Dorini oling, keyin telefon qilaverasiz.

– Bu doringizga ishonch bormi?

– Ana, sertifikati turibdiku.

– Men ishxonangizdan aniqlayman avval. Hozir, telefonimni olay.

Opa mendan pul chiqishiga ko‘zi yetmadi shekilli, qog‘ozni tashlaganicha shart ortiga burildi.

U ketgach, qog‘ozga tikildim. Kseronusxaning keseronusxasining kseronusxalaridan biri bo‘lgan bu qog‘ozda hatto yosh bola ham topa oladigan nomuvofiqliklar juda ko‘p edi.

Avvalo qaysidir bir sertifikat ustidan kompyuterda qo‘pol tarzda ishlov berilgan.

Ishlab chiqaruvchi sifatida «Bayyer» kompaniyasi ko‘rsatilgani holda kompaniya joylashgan davlat deya Yaponiya ko‘rsatilgan (Ma'lumot o‘rnida: «Bayyer» Germaniyada joylashgan).

Allambalo sertifikatning o‘rtasida katta qilib «Infektsialist» deb yozilgan va bu «infeksionist» degan so‘zning yangi muqobili bo‘lsa kerak.

Shuningdek, «Yosh bolalar va odamlarga ta'sir qilmaydi» deb yozganlar yosh bolalar odamlar qatoriga kirmaydi, deb o‘ylashsa kerak.

Sertifikatning quyi qismiga «tarakanov, klopov, bloxov i dr. parazitov» deb yozilgan.

Bunday «mo‘'jizaviy preparat»ni sotuvchilar haqida ma'lumot olish uchun Toshkent shahri davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markaziga murojaat qildik. Markazning dezinfeksiya bo‘limi mudiri Maqsud Mahmudov quyidagicha izoh berdi:

– Bularning hammasi qalloblik. Toshkent shahri davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazining bu odamlarga mutlaqo aloqasi yo‘q. Sababi, aynan biz inson salomatligiga xavf soluvchi yuqumli kasalliklarga qarshi dezinfeksiya bilan shug‘ullanamiz. Zararkunandalarga qarshi kurashish – dezinseksiya bo‘lib, u ham ancha murakkab jarayon va uyma-uy yurib, dori sotish bilan amalga oshirilmaydi. Bunday sotuvchilarni darhol ushlab ichki ishlarga topshirish lozim. Qalbaki sertifikat bilan veterinariyada ishlatiladigan zararli preparatlarni sotib yurishibdi.

– Markaz ularga qarshi biror chora ko‘ryaptimi?

– Albatta. Bunday holatlar Toshkent shahrining bir necha tumanida va hatto viloyatlarda ham kuzatildi. Ichki ishlar tomonidan bir nechta ish tergovga qilindi va qalloblar jazoga tortildi. Aholi orasida ham tushuntirish ishlari olib boryapmiz. Lekin baribir sodda odamlarimiz xarid qilishda davom etishyapti.

O‘zi umuman barcha zararkunandalarga qarshi universal vosita bor-yo‘qligi bilan qiziqdik.

Temur Muxtorov, dezinseksiya mutaxassisi: 

«Bayyer» kompaniyasi Germaniyada joylashgan, Xitoyda ham yirik ishlab chiqarish quvvatiga ega, lekin Yaponiyaga aloqasi yo‘q. Bunday sotuvchilar to‘g‘risida juda ko‘p eshityapmiz. Bir narsani to‘g‘ri tushunish lozim, barcha zararkunandalarga qarshi universal va samarali ta'sir ko‘rsatuvchi yagona dori yo‘q va bo‘lishi ham mumkin emas. To‘g‘ri, mijoz talabiga ko‘ra bir nechta vositani birdaniga ishlatishimiz mumkin, ammo kichkina bir shishachadagi ozgina suyuqlik hamma zararkunandalarga qarshi ta'sir qilishi aqlga sig‘maydi.

Masalan, so‘nggi yillarda qandalalarning (klopa) dorilarga chidamli turlari paydo bo‘lyapti, suvaraklar allaqachon o‘rganib ulgurishgan. Ularga qarshi vositalar muntazam takomillashtirib boriladi. Bu sotuvchilarning qo‘lidagi suyuqlik ulgurji bozorlarda 800 so‘mdan sotiladi va odatda o‘simliklarga ishlov berish uchun ishlatiladi. Qalloblar uni 15-20 mingdan sotishyapti».

Ko‘rinib turibdiki, bunday harakat qalloblikdan o‘zga narsa emas. Bu yerda bir nechta qonunbuzarliklar yaqqol ko‘rinib turibdi. Ruxsatsiz xizmat ko‘rsatish, zarur hujjatlarga ega bo‘lmagan va zararli vositalarni pullash, pullarni tabiiyki kirim qilmaslik, hujjatlarni qalbakilashtirish shular jumlasidandir.

Albatta, ko‘pchilik buni tushunadi. Ammo poytaxtda va yirik shaharlarda minglab ko‘p qavatli uylar, birgina ko‘p qavatli uyda yuzlab xonadonlar bor. Ko‘pchilik zararkunandalardan aziyat chekadi. Qalloblarning deyarli majburlab sotishida ularda yashovchilarning arzimasdek tuyuladigan o‘n foizi xarid qilsa ham juda katta mablag‘ o‘zlashtirilayotgani ma'lum bo‘ladi. Bu esa juda jiddiy masala.

Abror Zohidov

Mavzuga oid