Qotil o‘g‘il mayiti ota qabri yonidan halovat topdi
So‘nggi vaqtlarda ommaviy axborot vositalarida o‘z ota-onasiga qo‘l ko‘targan yoki ularning qotiliga aylangan noqobil farzandlar haqidagi xabarlar ham ko‘zga tashlanmoqda. Bunday voqealar insonman, degan har qanday kishining yuragini larzaga solishi tabiiy.
Oramizda ota-onasiga qo‘l ko‘taradigan darajadagi kimsalar ham uchrayotganligini ko‘rib, beixtiyor «tavba» deydi, kishi. Xalqimizda «Qilmish-qidirmish», degan naql bor. Albatta, bu dunyo — qaytar dunyodir. Kim nimani eksa, shuni o‘radi. Ota-onasini xo‘rlagan inson ro‘shnolik ko‘rmaydi.
Shu haqida o‘ylaganimda, o‘zim guvoh bo‘lgan bir voqea doim yodimga tushadi.
Har gal shahardan qishlog‘imga borganimda otamning qabrini ziyorat qilish odatimni kanda qilmayman. Bir safar qishloqqa kelgan kunimning ertasiga saharlab qabristonga yo‘l oldim.
Yetib borganimda quyosh endigina bosh ko‘tarayotgan edi. Qabriston qorovuli shu atrofda ekan. Bu yerga kelganimda doim shu qorovul Soliboy ota bilan birga qabrlarni ziyorat qilamiz.
— Assalomu alaykum, ota.
— Vaalaykum assalom, kel o‘g‘lim, — Soliboy ota meni ko‘rishi bilan yonimga oshiqdi. — Shahardan qachon kelding?
— Kecha keldim. Bugun bu yoqlarni bir ziyorat qilib ketay, degandim.
Soliboy ota bilan birga qabrlarni ziyorat qildik. Ota Qur'on tilovat qilib bo‘lgach, meni yolg‘iz qoldirib, o‘zi tashqariga chiqib ketdi. Har gal u shunday qiladi. Bir ozdan keyin men ham tashqariga yo‘l oldim. Yo‘l-yo‘lakay yangi qabr e'tiborimni tortdi. Hali kelayotib e'tibor qilmagan ekanman.
Ketar chog‘imda otadan qabr haqida so‘radim.
— Ota, yangi qabrga ko‘zim tushdi, qishloqda yaqin kunlarda biror kishi olamdan o‘tganmidi?
Soliboy ota bir zum jim qolib, so‘ngra og‘ir xo‘rsinib qo‘ydi.
— Bu Shodiqulning qabri. Bilasan, ancha yil avval uyiga mast holda kelib, nasihat qilgan otasiga qo‘l ko‘tarib, uning o‘limiga sababchi bo‘lgandi. Bir oycha bo‘ldi, o‘zi ham shu ichkilik tufayli olamdan o‘tdi.
Voqeadan xabarim bor edi. Lekin Shodiqulning vafot etganini endi otadan eshitib turgandim.
Ota so‘zidan davom etdi:
— Bilmadim, biror sabab bilan uning qabri cho‘kib ketardi yoki yana tag‘in nimadir bo‘lardi. Dastlab o‘zim u yoq, buyog‘ini to‘g‘rilab qo‘yardim. Keyin yaqinlariga xabar qildim. Qabri suv chiqadigan joydan kavlangan ekan, deyishib mulla olib kelib o‘qitdi va mayitni uch kun oldin otasi qabri yoniga qo‘yishdi. Sen ko‘rganing o‘shaning qabri.
Ota og‘ir tin oldi.
— Ha, o‘g‘lim... dunyoning ishlari qiziq ekan. Bilasan, men shu qabristonga bir necha yillardan beri qorovullik qilaman. Bu yerning har qarichi menga ayon. Bu yer balandlikda joylashgan. Suv chiqadigan joyning o‘zi yo‘q. Bu Allohning jazosi bo‘lsa kerak. Uni yer ham qabul qilishni istamadi, menimcha. Mana, otasi yoniga qo‘yilganidan beri hammasi joyida. Bunda ham bir hikmat bor, o‘g‘lim. Ota o‘ziga nisbatan noqobillik qilib, hatto o‘limiga sababchi bo‘lgan bo‘lsa ham farzandining ovora mayitini o‘z bag‘riga oldi. Ha… shunday o‘g‘lim, ota-ona kechirimli bo‘ladi, deb bekorga aytishmagan. Ularning bag‘ri farzandlari uchun doim keng bo‘ladi. Faqat farzandlar buni unutib qo‘yishadi.
Otaning so‘zlaridan juda ham ta'sirlandim va uzoq vaqt xayolimdan ketmadi. Kitoblarda o‘qiganlarim yodimga tushdi.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam marhamat qildilar: «Qaysi bir musulmon farzandi savob umidida ertalab ota-onasini ziyorat qilsa, Alloh taolo unga jannatdan ikki eshik ochadi. Agar ulardan birini ziyorat qilsa, unga jannatning bir eshigini ochadi. Farzand ota-onasidan qaysi birini xafa qilsa, uni rozi qilmagunicha Alloh taolo undan rozi bo‘lmaydi», dedilar. Shunda bir kishi: «Agar ota-ona farzandiga zulm qilsa, farzand nima qilishi kerak?», deb so‘radi. «Agar ular farzandiga zulm qilsalar ham, farzand ularni ranjitmasligi kerak», dedilar. (Imom Buxoriy rivoyati).
Albatta, ota-onaga ular hayot paytlarida sidqidildan yaxshilik qilish, shirinso‘z va xushmuomala bo‘lish, ularning injiqliklarini tavozelik bilan ko‘tarish, ularning roziligiga erishish kerak.
Yuqoridagi holatdan ota-onaning tirikligida qadri yetmagan, ularga ozor yetkazgan farzandlarning gunohi og‘ir bo‘lishiga yana bir bor amin bo‘ldim. Bu kabi voqealar ba'zi noqobil farzandlarga ibrat bo‘lishi kerak.
Zero, hayotning o‘zi dono muallim.
Bardoshbek SAMAD o‘g‘li
Mavzuga oid
09:40 / 18.10.2024
Rossiyada ota-ona qaramog‘isiz qolgan yana bir guruh bolalar O‘zbekistonga qaytarildi
07:10 / 05.10.2024
Ikki oyda xorijda ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan 34 bola O‘zbekistonga qaytarildi
07:47 / 31.08.2024
Toshkent viloyatida ming yillik tarixga ega qabr topildi
16:21 / 02.05.2024