Iqtisodiyot | 12:22 / 30.10.2018
7627
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda yangi ish o‘rinlarini yaratish birmuncha sustlashgan

Markaziy bank 2018 yilning III choragida iqtisodiyot real sektoridagi holat va kutilmalarni o‘rganish natijalarini e'lon qildi.

So‘nggi chorakda o‘tkazilgan so‘rov natijalari iqtisodiyotda yangi ish o‘rinlarini yaratish borasidagi jarayonlarning II chorakka nisbatan birmuncha sustlashganligini ko‘rsatmoqda. Jumladan, so‘rov davomida yangi ish o‘rinlari sonining oshganligini ma'lum qilgan respondentlar ulushi II chorakdagi 46 foizdan III chorakda 37 foizgacha kamaygan.

Bunda, tarmoqlar kesimida qaralganda: 

- ish o‘rinlari sonining o‘tgan chorakka nisbatan oshishi tog‘-kon sanoatida respondent korxona va tashkilotlarning 80 foizida, avtomobil sanoatida 67 foizida va qurilish ishlari sohasida 54 foizida kuzatilgan;

- respondentlarning neft-gaz sanoatida 70 foizida, oziq-ovqat sanoatida 62 foizida, yengil sanoatda 61 foizida, kimyo sanoatida 54 foizida hamda turizm xizmatlari sohasida 71 foizida, savdo va umumiy ovqatlanish sohasida 57 foizida va transport sohasida 56 foizida ish o‘rinlari soni II chorak darajasida o‘zgarishsiz saqlanib qolgan.

Hisobot davrida ish haqi miqdorini oshirgan korxona va tashkilotlarning ulushi II chorakdagi 50 foizdan III chorakda 62 foizgacha ko‘paygan bo‘lib, tarmoqlar kesimida qaralganda ish haqini oshirgan respondent korxona va tashkilotlar ulushi tog‘-kon (100 foiz), kimyo (77 foiz), donni qayta ishlash (75 foiz), qurilish materiallari (74 foiz), elektroenergetika (70 foiz) sanoat tarmoqlarida hamda qurilish ishlari (77 foiz) va transport xizmati (74 foiz) sohalarida ayniqsa yuqori bo‘lgan.

Joriy yilning III choragi mobaynida ish haqi miqdorlari oshirilgan korxona va tashkilotlarning 13 foizida o‘rtacha ish haqi 1-4 foiz oralig‘ida, 36 foizida 5-8 foiz oralig‘ida, 31 foizida 9-12 foiz oralig‘ida hamda 10 foizida 13-16 foiz oralig‘ida oshirilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda ishlab chiqarish hajmining oshishiga to‘sqinlik qilayotgan omillar aytilgandi.

Mavzuga oid