Iqtisodiyot | 11:59 / 09.11.2018
27644
4 daqiqa o‘qiladi

XVJ: O‘zbekiston islohotlarni davom ettirishi kerak, ammo kreditlar kamaytirilishi lozim

Foto: AFP

O‘zbekiston hukumati iqtisodiyotni rivojlantirishi uchun islohotlarni davom ettirishi zarur. Biroq imtiyozli va umuman kreditlar taqdim etishni kamaytirish talab etiladi. Bu kelasi yilda inflyatsiya darajasini nazorat qilishda yordam beradi. Xalqaro valyuta jamg‘armasining Yaqin sharq va Markaziy Osiyo departamenti direktori maslahatchisi Albert Eger shunday fikrlarni bildirdi. 

Uning fikricha, mamlakatda qishloq xo‘jaligi va ishlab chiqarish sohalarida ish o‘rinlarini yaratishga e'tibor qaratish barobarida imtiyozli kreditlar taqdim etishni kamaytirish kerak. 

“O‘zbekistonning qishloq xo‘jaligi va ishlab chiqarish sohalarida ko‘proq ish o‘rinlari barpo etishga e'tibor qaratish lozim. Bu ishlar, ya'ni ish o‘rinlari yaratish masalasi hal etilganidan so‘ng, galdagi vazifa narxlarni liberallashtirish, erkinlashtirishdir. Shuning barobarida davlat ulushi katta bo‘lgan korxonalar, kompaniyalar samaradorligini oshirishga ham jiddiy e'tibor berish talab etiladi. 

Iqtisodiyotda islohotlarni o‘tkazishda muhim vazifalardan biri, iqtisodiyotga to‘g‘ridan-to‘g‘ri kreditlar ajratish hajmini qisqartirishdir. Bunday kreditlar asosan davlat tomonidan va katta imtiyozlar bilan taqdim etilmoqda. Imtiyozli kreditlarni esa, yirik korxonalar ish o‘rni barpo etishni vaj qilib olmoqda. Biroq, menimcha, imtiyozli kreditlarni barqaror kompaniyalar olmoqda hamda ular yetarli darajada va ko‘p ish o‘rni tashkil eta olishmayapti”, - dedi Albert Eger. 

XVJ ekspertining aytishicha, mamlakatda inflyatsiya darajasini nazorat qilish ham muhim vazifalardan biri hisoblanadi. 

“Yana bir muhim vazifa, bu inflyatsiya darajasini nazorat qilishdir. Hozirda O‘zbekistonda bu ko‘rsatkich 16 foizni tashkil etayotgan bo‘lsa-da, yil oxirigacha, bu raqam 18 foizga yetishi mumkin. Ta'kidlash o‘rinliki, hozirgi holatda inflyatsiyaning yuqori bo‘lishi ham unchalik qo‘rqinchli holat emas, chunki narxlarning erkinlashishiga erishish kerak. Shunday ekan, oldinroqqa nazar tashlaydigan bo‘lsak, 2019 yilda ham inflyatsiya yuqori bo‘ladi, deb taxmin qilish mumkin. 

Buning oldini olish uchun nima qilish kerak? Kredit taqdim etishni qisqartirish kerak bo‘ladi. Bugungi kunda kreditning iqtisodiyotdagi ulushi 44 foizni tashkil etmoqda. Iqtisodiyot o‘sishi 5 foizni, kredit miqdori 44 foizni, inflyatsiya darajasi 16-18 foiz bo‘lishini e'tiborga olsak, aynan kredit berishni kamaytirish bilan inflyatsiyaga bosim o‘tkazish mumkin bo‘ladi. 

Ikkinchi masala, pul-kredit siyosati bilan bog‘liq. Markaziy bank sentabr oyida qayta moliyalash stavkasini 14 foizdan 16 foizga oshirdi. Biroq, kelgusi yilda inflyatsiya darajasi kutilganidan ko‘proq oshadigan bo‘lsa, Markaziy bank bu stavkani oshirish tomonga qayta ko‘rib chiqishi talab etiladi. 

So‘zimning yakunida aytishim mumkinki, islohotlar davom ettirilishi kerak. Uning natijasini ko‘rish uchun kutish, sabr qilish kerak. Ish o‘rinlari barpo etish orqali fuqarolar turmush darajasini oshirish lozim. To‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya kiritish uchun investitsiya muhitini takomillashtirish zarur”, - dedi XVJ vakili.

Mavzuga oid