Jahon | 20:30 / 17.11.2018
18780
20 daqiqa o‘qiladi

«Iqtisodiy qamchi» – sanksiyalar kiritish tarixidan

Foto:epa/vostock-photo

Deyarli kunora qaysidir davlatning yuridik yoki jismoniy shaxslariga nisbatan sanksiyalar kiritilgani haqidagi xabarga ko‘zimiz tushadi. Ba'zan bu sanksiyalardan naf bormi, degan xayolga ham boradi kishi. Sanktsiyalar kiritish odati qachondan va qayerda boshlangan, sanksiya kiritish bo‘yicha kim yetakchi?

Uzoq o‘tmish merosi

Boshqa davlatlarga qarshi sanksiya joriy etish yuzlab yillardan buyon mavjud. Tarixdagi dastlabki iqtisodiy sanksiya kiritish holati Qadimgi Yunonistonda qayd etilgan. Eramizdan avvalgi 423 yilda Afina hukmdorlari Megara viloyati savdogarlariga Afina portlari va bozorlariga kirishni taqiqlashgan. Bu qonli Peloponnes urushi boshlanishiga olib kelgan.

Xitoy bilan aloqa qiladigan davlatlar vaqti-vaqti bilan uning iqtisodiyotini izdan chiqarish va ta'sirini kamaytirish maqsadida ipak matodan tayyorlangan libos kiyishni taqiqlashgan.

12 asrda Rim papasi Aleksandr III katoliklarga musulmonlar, dahriylar, yahudiylar va moxovlar bilan savdo-sotiq qilishni taqiqlagan.

Buyuk Britaniya bilan kurash olib borayotgan imperator Napoleon Bonapart Fransiya bosib olgan davlatlarga Britaniya mahsulotlarini sotib olishni taqiqlagan. Iqtisodiy qamal 8 yil davom etgan va Britaniya, Niderlandiya hamda Italiya iqtisodiyotiga katta zarar yetkazgan.

Urush sabablaridan biri

Do‘st bo‘lmagan davlatlarga nisbatan savdo sanksiyalarini qo‘llash strategiyasi ilk bor XVIII asr oxirida Britaniya imperiyasi tomonidan ishlab chiqilgan va amalda foydalanilgan. 1888 yilda Buyuk Britaniya aholisi yer shari aholisining atigi 2 foizini tashkil etar, ammo dunyoda aylanadigan barcha sanoat mahsulotlarining 54 foizi ushbu mamlakat hissasiga to‘g‘ri kelardi. Bu rekord ko‘rsatkich shu kungacha boshqa hech qaysi davlat tomonidan qayd etilmagan.

Savdo sanksiyalari boshqa davlatlarga bosim o‘tkazish uchun Buyuk Britaniya tez-tez qo‘llaydigan qurol edi. Britaniyalik faylasuf Tomas Haksli 1890 yilda barcha savdo urushlarining mafkuraviy asosiga aylangan quyidagi fikrlarni yozgandi: «Bizning xalqimiz – xaridorlar. Xaridorlar yaxshi narxga yaxshi mahsulot sotib olishni istashadi. Boshqa davlatlar aholisi ham xuddi shunday. Agarda ularning hukmdorlari mahsulotlarimizni ularga sotishga to‘sqinlik qiladigan bo‘lsa, tez orada 5-6 million angliyalik och qoladi. Shuning uchun biz do‘konlarimizni ana shunday davlatlar mahsulotlaridan himoya qilishimiz va bu hukmdorlarga ta'sir o‘tkazishga urinishimiz darkor».

Ammo Birinchi jahon urushi izolyatsionizm ruhini paydo qildi. Amerikalik tadqiqotchi Jon Smitning yozishicha, Birinchi va Ikkinchi jahon urushlarining sabablaridan biri boy va qudratli davlatlar o‘rtasidagi doimiy savdo nizolari bo‘lgan.

Masalan, 1914 yilda Buyuk Britaniya va Fransiyaning Germaniyaga qarshi urushga kirishi o‘sha davr siyosatchilari tomonidan «milliy savdo manfaatlarini Germaniya bosqinidan himoya qilish» deya asoslangan.

1920 va 1930 yillardagi jahon iqtisodiy tushkunlik davri ko‘p davlatlarning bojxona tariflarini oshirishiga va importni cheklashiga olib keldi. Bu Ikkinchi jahon urushi boshlanishining sabablaridan biri bo‘ldi. Misol uchun, Yevropa davlatlari bilan savdo nizolari Yaponiyaning urushga qo‘shilishiga olib kelgan.

Yaponiya urush harakatlarini boshlagach, urushda ishtirok etmayotgan AQSh Yaponiyaga neft mahsulotlari yetkazib berishga sanksiya kiritdi. Neft manbalaridan mosuvo bo‘lgan Yaponiya buni iqtisodiy tajovuz deb baholadi va 1941 yilda ular SSSRga emas, AQShga hujum qilishdi.

Ikkinchi jahon urushidan so‘ng G‘arb davlatlari kooperatsiya jahon iqtisodiyotining barcha ishtirokchilariga yordam beradi degan qarorga keldi – izolyatsionizm siyosatini olib borayotgan SSSR ularning asosiy dushmaniga aylandi. 1940-1950 yillar oxirlarida xalqaro savdo o‘sa boshladi, savdo munosabatlarini tartibga solib turuvchi va izolyatsionizmga qarshi kurashuvchi xalqaro tuzilmalar tashkil etildi. Bu jahon iqtisodiyotini tubdan o‘zgartirib yubordi. 

Ammo iqtisodiy sanksiyalar tizimi yo‘qolib ketmadi. Ba'zan ular ulkan zarar ham keltirdi.

Masalan, 1973 yil 20 oktabrda neft eksport qiluvchi arab davlatlari AQShga neft mahsulotlari yetkazib berishga embargo kiritdi. Bu Amerikaning Isroilni qo‘llab-quvvatlashiga javoban amalga oshirildi. Natijada, jahon bozorida neft narxi bir necha barobarga ko‘tarilib ketdi. 1974 -1975 yillarda Shimoliy Amerika va G‘arbiy Yevropa davlatlari chuqur iqtisodiy inqirozga tushib qoldi. Strategik istiqbolda esa arab davlatlarining o‘zi bundan eng ko‘p jabr ko‘rdi.

«Neft hujumi»dan so‘ng G‘arb o‘zining energetik siyosatini butkul o‘zgartirdi: avtomashinalar yanada tejamliroq qilib ishlab chiqarila boshlandi, neft o‘rniga muqobil manbalar qidirila boshlandi, uning o‘rnini bosuvchi energiya manbalarini topish uchun katta pul ajratildi. 

Sanktsiyalar sababi

Sanktsiyalar odatda faol global tashqi siyosat olib borayotgan  davlatlar tomonidan kiritiladi. Peterson jahon iqtisodiyoti institutining sanksiyalar bo‘yicha mutaxassisi Geri Hafbauer davlatlar quyidagi omillar sababli sanksiya joriy etadi deb hisoblaydi:

o‘z qat'iyligini namoyish etish, bu ayniqsa AQSh tomonidan ko‘p kuzatiladi. Hattoki, sanksiyadan sezilarli natijaga erishish juda kam bo‘lsa ham, AQSh siyosiy tizimi prezidentlarni boshqa mamlakatlarning harakatlariga nisbatan munosabatni keskinlashtirishga majbur qiladi. Boshqacha aytganda, harakatsizlikdan ko‘ra sanksiya kiritgan yaxshi, chunki harakatsizlik mamlakat ichida ham, dunyoda ham AQShning kuchiga bo‘lgan ishonchni susaytiradi;

davlatning muammo paydo qilishi mumkin bo‘lgan kelgusidagi harakatlarining oldini olish;

Sanktsiyalardan maqsad

Foto: panthermedia/vostock-photo

Hafbauerning yozishicha, sanksiyalar beshta maqsaddan biriga erishish, ba'zida barchasiga erishish uchun kiritiladi:

sanksiya qo‘llanilayotgan davlatning ma'lum bir sohadagi siyosatini o‘zgartirish, masalan, inson huquqlari, matbuot va so‘z erkinligi, diniy erkinlik tamoyillari buzilganida;

sanksiya qo‘llanilayotgan davlat rejimini almashtirish orqali uning siyosatini o‘zgartirish;  

harbiy harakatlarni to‘xtatish: Bangladesh mustaqilligi uchun urush vaqtida AQSh Hindiston va Pokistonga nisbatan sanksiyalar kiritish orqali bunga erisha olgan;

mamlakatning harbiy salohiyatini parchalash;

sanksiya qo‘llanilayotgan davlat siyosatining boshqa muhim yo‘nalishlarini o‘zgartirish.

Qayd etilishicha, sanksiyalar do‘st yoki neytral davlatlarga nisbatan kiritilganida ancha samarali bo‘ladi: do‘st mamlakatlarga qarshi joriy etilganida qariyb 50 foiz, neytral mamlakatlarga nisbatan 33 foiz va dushman mamlakatlarga nisbatan kiritilganida 19 foiz muvaffaqiyat keltiradi.  

Amerikaning sanksiyalar «qamchisi»

Foto: Reuters

Sanktsiyalar AQSh tashqi siyosatining eng asosiy qurollaridan biri hisoblanadi. Uzoq 1919 yilda AQSh prezidenti Vudro Vilson shunday degandi: «Boykotga duch kelgan mamlakat taslim bo‘lishga yaqin bo‘ladi. Iqtisodiy, tinch, halokatli choralarni ko‘ring va kuch ishlatishga hojat qolmaydi. Bu dahshatli doridir. Undan boykot qilinayotgan davlat tashqarisida hech kim o‘lmaydi, ammo u birorta ham davlat dosh bera olmaydigan bosimni paydo qiladi».

Xalqaro investitsiya tashkilotining tadqiqotiga ko‘ra, hattoki AQSh mahalliy organlari ham sanksiya kiritish jarayoniga qo‘shilgan. AQShning 25 shahri boshqa davlatlarga nisbatan sanksiya kiritgan. Bunday sanksiyalar bema'nilikdek ko‘rinsa-da, ayrim ekspertlar Nyu-York va Los-Anjyeles kabi yirik megapolislarning Shveytsariya moliya tuzilmalariga qarshi sanksiyalar kiritish tahdidi shveysariyalik bankirlarni natsistlarning omonat jamg‘armalari haqidagi ma'lumotlarni berishga majbur qilgan degan fikrga kelishgan. 

Qo‘shma Shtatlar «sovuq urush» tugaganidan keyin sanksiyalar joriy etishni ko‘paytirgan. 1918 yildan 1992 yilgacha (84 yil) 64 marta sanksiya joriy etgan bo‘lsa, 1993 yildan 2002 yilgacha (9 yil) bu quroldan 61 marta foydalangan.

1997 yilgi statistikaga ko‘ra, dunyo aholisining 42 foizi AQSh tomonidan turli ko‘rinishdagi sanksiyalar kiritilgan davlatlarda istiqomat qilgan. 

AQSh turli davrlarda quyidagi davlatlarga nisbatan sanksiyalar joriy etgan:

Belarus
Amerika Belarusga qarshi 2004 yil oktabrda, «Belarusdagi demokratiya to‘g‘risidagi akt» orqali sanksiyalar kiritgan. 2006 yilda AQSh Kongressi «Belarusdagi demokratiya to‘g‘risida aniqlashtiruvchi akt»ni qabul qildi va avvalgi sanksiyalarni yana ikki yilga uzaytirdi.

2011 yilda «Belarusdagi demokratiya va inson huquqlari to‘g‘risidagi akt» qabul qilindi. Hujjat bilan qora ro‘yxatdagi amaldorlar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari doirasi kengaytirildi, AQSh xalqaro xokkey federatsiyasini xokkey bo‘yicha Minskda bo‘lib o‘tadigan 2014 yilgi jahon chempionatiga tayyorgarlikni to‘xtatishga chaqirdi.

2012 yil boshida prezident Lukashenko, uning ikki o‘g‘li va amaldorlarga – jami 157 kishiga AQShga kirish taqiqlandi. 2013 va 2014 yillarda sanksiyalar muddati yana bir yilga uzaytirildi. 

Iroq
Eron-Iroq urushi tugaganidan so‘ng (1980-1988) AQSh Iroqqa harbiy maqsadlarda foydalanilishi mumkin bo‘lgan jihozlarni eksport qilishni taqiqladi.

1990 yilda terrorizmni qo‘llab-quvvatlovchi davlat sifatida Iroqqa qarshi savdo sanksiyalari joriy etildi. 

1992 yilda Iroqqa  qurol yetkazib berish taqiqlangan qonun qabul qilindi. 

2003 yilda AQSh prezidenti Jorj Bush Iroqqa nisbatan 1990 yilda joriy etilgan sanksiyalarni bekor qildi.

Kuba
Kubaning AQSh tomonidan iqtisodiy qamal qilinishi qariyb 60 yildan buyon davom etib kelmoqda. Kuba savdo qamaliga rasman 1962 yilda Jon Kennedi tomonidan qabul qilingan dekret asosida mahkum etilgan bo‘lsa-da, amalda bu qamal 1959 yil 1 yanvarda Kuba inqilobi g‘alaba qozonganidan keyinoq boshlangan.

Kubaga nisbatan 1917 yil 6 oktabrda qabul qilingan, AQSh fuqarolari va kompaniyalariga Qo‘shma Shtatlar bilan urush holatida bo‘lgan davlatlar bilan savdo operatsiyalari olib borishni taqiqlovchi «Dushman bilan savdo to‘g‘risidagi qonun» amal qiladi. Bu qonunning amal qilishi har yili uzaytiriladi. 

1996 yilda AQSh Kongressi Kuba bilan savdo qiluvchi xorij kompaniyalariga qarshi sanksiyalar to‘g‘risidagi «Xelms-Berton qonuni»ni qabul qildi.  

KXDR
1948 yilda Koreyaning ikkiga bo‘linishi va 1950 yilda Koreya urushi boshlanganidan so‘ng AQSh KXDR bilan eksport, savdo munosabatlarini taqiqlovchi qator qonunlarni qabul qildi. Qonunlarga muvofiq, KXDRga Amerikaning har qanday mahsuloti va texnik xizmatlarini davlat departamenti ruxsatisiz hattoki uchinchi davlatlar orqali ham eksport qilish mumkin emasdi. KXDR fuqarolarining AQShdagi mablag‘lari muzlatib qo‘yildi.

2005 yil oktabrda AQSh ommaviy qirg‘in quroli texnologiyasi tarqalishiga qarshi kurash iddaosi bilan Shimoliy Koreyaning sakkizta kompaniyasiga qarshi sanksiya kiritdi.

2013 yil fevralda KXDR yadro sinovini o‘tkazganidan so‘ng AQSh Shimoliy Koreyaga nisbatan yana qator sanksiyalarni joriy etdi.

2016 yil martda Shimoliy Koreya Sony Pictures kompaniyasi saytiga kiber hujumlarni tashkil etishda ayblandi va unga qarshi yangi sanksiyalar kiritildi.  

Liviya
2011 yil 26 fevralda AQSh prezidenti Barak Obama Liviya rahbari Muammar Qazzofiy, uning hukumati va oila a'zolariga nisbatan bir tomonlama moliyaviy sanksiyalar joriy etish haqidagi farmonni imzoladi.

Sanktsiyalar Qazzofiy rejimiga qarshi to‘qqiz oyga yaqin davom etgan qurolli isyon ortidan qabul qilindi. 2011 yil oktabrda Qazzofiy o‘ldirildi.

O‘sha yil dekabrida Liviyaga nisbatan aksariyat sanksiyalar bekor qilindi. 

Myanma
Myanmaga qarshi sanksiyalar 1997 yilda kiritilgan. Amerika kompaniyalariga Myanma iqtisodiyotiga investitsiya kiritish taqiqlangan. 2003 yilda sanksiyalar kuchaytirilgan. Myanmadan import qilish butunlay taqiqlangan, hukumatning AQShdagi mablag‘lari muzlatilgan, xalqaro moliya muassasalarida AQSh vakillari bu davlatga kredit ajratishga qarshi ovoz berishlari buyurilgan.

2008 yilda prezident Bushning farmoniga muvofiq Myanma davlat kompaniyalarining AQSh bank tizimidagi mablag‘lari muzlatiladi. O‘sha yilning iyulida savdo sanksiyalarini yanada keskinlashtirish to‘g‘risidagi qonun loyihasi imzolanadi. 

2013 yilda Myanmaning KXDR bilan qurol-yarog‘ va harbiy texnika savdosida gumonlangan uchta sanoat kompaniyasi va ikki ofitseriga nisbatan sanksiyalar joriy etildi. 

2016 yilda bu davlatga nisbatan sanksiyalar rejimi muddati uzaytirildi. Qora ro‘yxatdagi kompaniya va shaxslar nomi ko‘paydi. 

Rakxayn shtatida inson huquqlari poymol qilinishi sababli (rohingyalar genotsidi) 2018 yilda Vashington Myanmaga nisbatan yangi sanksiyalar kiritdi.

Suriya
2004 yil 11 mayda AQSh prezidenti Jorj Bush «Suriyaning javobgarligi to‘g‘risidagi» qonunga muvofiq, Suriyaga qarshi qator iqtisodiy sanksiyalarni kiritdi. Bush Suriya rahbariyatini terrorizmni qo‘llab-quvvatlashda, Livanni bosib olishda, ommaviy qirg‘in qurolini yaratish dasturini amalga oshirishda, xalqaro hamjamiyatning Iroqda barqarorlik o‘rnatish bo‘yicha harakatlarini yo‘qqa chiqarishda aybladi.

2006 yil aprel-mayda AQShning Suriyaga qarshi sanksiyalari kengaytirildi. 

2008 va 2011 yillarda Suriyaning yuqori lavozimli amaldorlariga hamda prezident Bashar Asadga nisbatan sanksiyalar joriy etildi.

2012 yil aprel va iyul oylarida sanksiyalar ro‘yxati kengaytirildi.

2014 yil mayda Barak Obama Suriyaga qarshi sanksiyalarning amal qilish muddai uzaytirilishini ma'lum qilgan bo‘lsa, o‘sha yil oktabrida sanksiyalar ro‘yxati yanada kengaytirildi.

Xitoy
AQSh Xitoyga qarshi 1989 yil 3-4 iyunda Pekindagi Tyananmen maydonida talabalar namoyishi kuch bilan bostirilganidan so‘ng xalqaro sanksiyalarni kiritgan.

Xitoyni to‘liq yakkalab qo‘yish maqsadida Vashington turkum choralarni qabul qilgan. Ular Xitoy bilan yuqori darajadagi barcha muloqotlar vaqtinchalik to‘xtatilishi, harbiy sohadagi almashuvlar bas qilinishi, XXRga har qanday qurol va harbiy texnika yetkazib berishga nisbatan moratoriy e'lon qilinishini o‘z ichiga olgandi. AQSh Kongressi Xitoyga nisbatan iqtisodiy sanksiyalar dasturini ma'qulladi. Shu bilan birga prezident Jorj Bush Amerikaning xalqaro moliya tashkilotlaridagi vakillariga Xitoyga kredit ajratishni to‘xtatib turishga erishishlari kerakligini aytdi.

1993 yildan AQSh Xitoy bilan nizolashish siyosatidan voz kechdi va munosabatlarni yaxshilashga kirishdi.

Eron
AQSh 1979 yilda Tehrondagi elchixonasi bosib olinishiga javoban Eronning Amerikadagi banklarda bo‘lgan barcha mablag‘larini muzlatib qo‘ygan. 1980 yilda AQShdan Eronga har qanday mahsulotni eksport qilish taqiqlangan.

So‘ngra Erondan AQShga har qanday mahsulot importi, amerikaliklarning Eronga borishlari taqiqlandi.

1984 yilda xalqaro moliya tashkilotlarining Eronga kredit berishi taqiqlandi. 1987 yilda AQSh va Eron o‘rtasida tovar ayirboshlash butunlay to‘xtatildi.

1996 yilda AQSh Kongressi yangi sanksiyalar haqidagi qonunni tasdiqladi, unga ko‘ra, Eron energetikasiga 20 million dollardan ortiq investitsiya kiritgan har qanday davlatga nisbatan sanksiyalar joriy etilardi.

2005 yilda atom va qurol sanoati bilan bog‘liq bo‘lgan Eron banklari, kompaniyalari va jismoniy shaxslariga nisbatan sanksiyalar kiritildi.

2014 yil dekabrda Eron hukumati bilan aloqador jismoniy va yuridik shaxslarga nisbatan sanksiyalar kiritildi.

2017 yil aprelda Donald Tramp ma'muriyati inson huquqlarini buzishda ayblab Tehron qamoqxonalar tashkilotini sanksiyalar ro‘yxatiga kiritdi, may va iyulda esa «Eronning ballistik raketa dasturini, harbiy xaridlarini yoki «islom inqilobi qo‘riqchilari» korpusini qo‘llab-quvvatlagan» qator yuridik va jismoniy shaxslarga nisbatan sanksiyalarni kengaytirdi.

O‘sha yil avgustda Eronning ballistik raketalarni ishlab chiqish dasturiga aloqador shaxslarga nisbatan cheklovlar joriy etildi.

13 oktabrda AQSh moliya vazirligi Eronning uchta tashkilotiga nisbatan sanksiya joriy etdi hamda «islom inqilobi qo‘riqchilari» korpusini «terrorizmni qo‘llab-quvvatlovchi» tashkilotlar ro‘yxatiga kiritdi.

16 noyabr kuni Tramp Eron nefti va neft mahsulotlariga nisbatan joriy etilgan embargoning amal qilish muddatini uzaytirdi.

Joriy yilning 4 yanvarida AQSh moliya vazirligi Eronning ballistik raketalar ishlab chiqarish dasturiga aloqador beshta tashkilot va Vashington fikriga ko‘ra terrorchi guruhlar bilan aloqador uch nafar jismoniy shaxsga nisbatan sanksiyalar joriy etdi. 12 yanvar kuni esa inson huquqlarini buzishga va Tehron raketa dasturiga aloqador yana besh nafar jismoniy shaxs hamda to‘qqiz tashkilotga qarshi sanksiyalar kiritildi.

10 may kuni AQSh moliya vazirligi «islom inqilobi qo‘riqchilari» korpusining olti vakili hamda unga aloqador uchta kompaniyaga nisbatan sanksiyalar kiritilganini ma'lum qildi.

2018 yilning 5 noyabrida esa sanksiyalarning ikkinchi bosqichi kuchga kirdi.

Yaman
2014 yil noyabrda AQSh hukumati «Yamandagi tinchlik, xavfsizlik va barqarorlikka tahdid soluvchi harakatlarda» ishtirok etgan Yamanning sobiq prezidenti Ali Abdullo Solih hamda husiychilar yetakchilari Abdullo Yahyo al Hakim va Abd al Xolid al Husiylarga nisbatan sanksiyalar joriy etdi. Ularning AQShdagi ehtimoliy aktivlari muzlatildi, ularga Qo‘shma Shtatlar hududiga kirish taqiqlandi. Bundan tashqari, AQShdagi kompaniyalar va jismoniy shaxslarga ular bilan har qanday hamkorlik qilish man etildi.

Rossiya
2012 yil 14 dekabrda AQShda «Magnitskiy akti» to‘g‘risidagi qonun imzolangan bo‘lib, unda Rossiyadagi inson huquqlarini buzishga aloqador bo‘lgan shaxslarga nisbatan viza sanksiyalarini kiritish ko‘zda tutilgandi.

2013 yil aprelda AQSh moliya vazirligi Rossiya huquqni muhofaza qilish va sud organlarining 18 nafar vakiliga AQShga kirish taqiqlangani, ularning aktivlari muzlatilganini e'lon qildi. 2014 yil mayida ro‘yxat kengaytirildi va inson huquqlarini buzishda ayblangan yana 12 nafar rossiyalikka nisbatan sanksiya joriy etildi.

2014 yilda Rossiyaning Ukraina inqirozidagi harakatlaridan norozi bo‘lgan AQSh Rossiya siyosatchilariga nisbatan sanksiyalar kiritdi. 20 mart kuni qora ro‘yxatga yana 19 nafar amaldor, parlament a'zolari va tadbirkorlar kiritildi. 

11 aprelda Qrimdagi «Chernomorneftegaz» kompaniyasi va Qrim amaldorlariga nisbatan sanksiyalar joriy etildi. Yoz va kuzda Rossiyadagi qator mudofaa va xomashyo kompaniyalari, banklar sanksiyalar ro‘yxatiga kiritildi.

AQSh Rossiyaga qarshi 19ta sanksiyalar paketi kiritgan. Ulardan ayrimlari Qrim uchun, yana qaysi birlari Donbass, Minsk kelishuvlarining buzilishi, Solsberi voqeasi uchun kiritilgan.

Shuningdek, Qo‘shma Shtatlar turli yillarda Burundi, Venesuela, Zimbabve, Kongo, Kot-d`Ivuar, Liberiya, Livan, Markaziy Afrika Respublikasi,  Moldova, Serbiya, Somali, Sudan, Chernogoriya davlatlariga qarshi ham sanksiyalar joriy etgan.

Sanktsiyalarni bekor qilish osonmi?

Foto: shutterstock/vostock-photo

SSSRga qarshi sanksiyalar ko‘zda tutilgan Jyekson-Venik tuzatishi 1974 yilda kiritilgan bo‘lib, 2012 yilda, sovet ittifoqi yo‘q bo‘lib ketganidan 20 yil o‘tgach bekor qilingan.

Bu esa AQSh Rossiyaga nisbatan kiritgan sanksiyalar uzoq yillar davom etishini bildiradi.

Sanktsiyalar kiritish murakkab jarayon, ularni bekor qilish esa undan-da murakkab.

Agarda mo‘'jiza sodir bo‘lib, sanksiyalar joriy etilishiga sabab bo‘lgan omillar bir kunda yo‘qolib ketsa ham, sanksiyalar bir kunda bekor bo‘lmaydi.

Dilshod Asqarov tayyorladi

Mavzuga oid