O‘zbekiston | 18:17 / 19.11.2018
44380
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyevning sovg‘asi Afg‘onistonga topshirildi

Kobul shahrida O‘zbekiston Respublikasi prezidenti nomidan mamlakatda ishlab chiqarilgan 25 ta avtobusni Afg‘oniston Islom Respublikasi Oliy ta'lim vazirligiga topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.

TIV xabariga ko‘ra, mamlakat rahbarining afg‘on xalqiga tuhfasini O‘zbekiston elchisi Yodgorxo‘ja Shodmonov topshirgan.

Marosimda so‘zga chiqqan vazirlik va idoralarning rasmiy vakillari barcha sohalardagi Afg‘oniston – O‘zbekiston munosabatlarining sezilarli darajada faollashganini, bu, avvalo, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan amalga oshirilayotgan ochiqlik va qo‘shni Afg‘oniston bilan do‘stlik aloqalarini mustahkamlashga qaratilgan siyosat bilan chambarchas bog‘liqligini mamnuniyat bilan qayd etdilar.

«Savdo-iqtisodiy hamkorlikni faollashtirish, Afg‘onistonga yirik infratuzilma loyihalarini amalga oshirishda ko‘maklashish va uni mintaqaviy iqtisodiy integratsiya jarayonlariga tortish orqali mamlakatimizda tinchlik va barqarorlikni o‘rnatishga qaratilgan O‘zbekistonning sa'y-harakatlari yuksak e'tirofga loyiq», – dedi transport vaziri Muhammad Hamid Tahmasiy.

Oliy ta'lim vaziri Najibulla Xo‘ja Omariy O‘zbekiston prezidentiga afg‘on xalqiga qilingan muhim sovg‘a uchun chuqur minnatdorchilik izhor etdi va ushbu hodisa O‘zbekistonning Afg‘oniston xalqiga birodarlarcha munosabatining yorqin namunasi ekanligini qayd etdi.

Moliya vaziri o‘rinbosari Abdulla Raqibiy Afg‘onistonda urush davom etayotganligiga qaramay, ikki davlat o‘rtasida kelajakda hamkorlikning sezilarli istiqbollari mavjudligini e'tirof etdi: «Biz o‘zbek xalqidan bizning ehtiyoj va orzu-umidlarimizga doimiy e'tibor qaratayotgani uchun samimiy minnatdormiz. Tinch va gullayotgan Afg‘onistonga ishonuvchi birodarlar va haqiqiy do‘stlargina shunday yo‘l tutadilar».

Mavzuga oid