Sport | 10:03 / 20.11.2018
9491
2 daqiqa o‘qiladi

Bundesliganing 20 yoshli to‘purariga da'vogarlar ko‘paymoqda

«Ayntraxt» hujumchisi Luka Yovich Yevropaning top-klublari e'tiborida bo‘lib turibdi.

Nemis matbuotidagi xabarlarga ko‘ra, «Barselona» skautlari Millatlar ligasi doirasidagi Serbiya – Qoratog‘ uchrashuvi (2:1) vaqtida mezbonlarning 20 yoshli a'zosini kuzatib borishgan. O‘yinda Yovich 83-daqiqada zaxiradan maydonga tushgan edi.

Shu bilan birga, Lukaga «Liverpul»ning ham qiziqishi borligi aytilmoqda. Avvalroq «Bavariya» ham 2019 yil yozida o‘z safiga qo‘shib olishga harakat qilishi ma'lum qilingan, Italiyadan esa «Napoli» da'vogar sifatida ko‘rsatilgan edi.

Frankfurt klubi 20 yoshli Yovichni 2017 yil yozida «Benfika»dan ijaraga olgan. Bitim shartida nemislar 8 million yevro to‘lab, serbiyalikning transfer huquqini qo‘lga kiritish huquqi borligi belgilangan. «Ayntraxt» katta ehtimol bilan yozda shartnomadagi ana shu banddan foydalanib, hujumchini to‘la qo‘lga kiritadi.

Bundesliganing ushbu mavsumida 9 ta o‘yinda 9 ta gol urib, 2 ta samarali pas uzatgan Luka Yovich ayni paytda chempionat to‘purarlari ro‘yxatini boshqarib turibdi.

Mavzuga oid