O‘zbekiston | 16:18 / 28.11.2018
98395
2 daqiqa o‘qiladi

«Qamchiq»dagi vagonlarning ag‘darilib ketishiga 2 yildan so‘ng rasman izoh berildi

Arxiv surat

​«Qamchiq» dovonida yuk poyezdi bilan yuz bergan hodisaga, oradan qariyb 2 yil o‘tib, rasman izoh berildi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

2017 yil yanvarning 24-kuni «Qamchiq» dovoni orqali o‘tuvchi Pop-Angren temir yo‘l qatnovining vaqtincha bekor qilingani haqida xabar berilgandi. Ammo mutasaddilar qatnovning bekor qilinganiga nima sabab bo‘lgani haqida asosli ma'lumot berishmagan. Bundan tashqari, tegishli tashkilotlar dovonda qandaydir noxush voqea yuz bergani haqidagi mish-mishlarni rad etishgandi.

Arxiv surat

 Favqulodda vaziyatlar vazirligi  «Qamchiq» maxsus-qutqaruv boshqarmasi boshlig‘i Hasan Bobonov ushbu masala yuzasida rasmiy izoh berib, unga ko‘chki sabab bo‘lgani haqida gapirdi.

«Bu - tabiat hodisasi. Albatta, hodisalarning oldini olib, talofatlarsiz o‘tkazishimiz kerak. Bunga tayyor bo‘lishimiz kerak», - deya ta'kidlaydi u. 

Arxiv surat

Shunday qilib, yuk poyezdi bilan yuz bergan holatda yer ko‘chkisi bo‘lgani rasman oshkor etildi. Bu paytgacha Kun.uz poyezd vagonlarining ag‘darilib ketishiga qo‘shni hududda yuz bergan zilzila oqibatida kelib chiqqan ko‘chki sabab bo‘lgani haqida xabar tarqatgandi.

Arxiv surat

Favqulodda vaziyatlar vazirligi vakiliga ko‘ra, hodisadan so‘ng, noxush hodisalarni bartaraf etish bo‘yicha bajarilgan ishlarning birinchi bosqichida «Qamchiq» dovonining poyezd yo‘liga yaqin 44ta hududida muhandislik inshooti qurilgan. 

«Ikkinchi bosqichda esa 28ta qurildi, jami 72ta inshoot paydo bo‘ldi. Yo‘lovchi va yuk poyezdining xavfsiz harakatini ta'minlash bo‘yicha ishlar yana davom etmoqda», - deydi Hasan Bobonov.

Mavzuga oid