Jahon | 19:56 / 30.11.2018
19415
3 daqiqa o‘qiladi

Erkak qarmog‘i yordamida cho‘kayotgan qizlarni qutqarib qoldi

Argentinada dengiz bo‘yida baliq tutayotgan erkak qarmog‘i yordamida 3 qizni cho‘kishdan qutqarib qoldi. Ushbu voqea videosiga Clarin nashri e'tibor qaratgan.

Voqea Buenos-Ayres viloyatidagi Xeneral-Alvarado munitsipaliteti plyajlaridan birida 25 noyabrda yuz bergan. Ernan Mariya Galartsa baliq ovlash vaqtida yaqin orada toblanayotgan 3 qizcha to‘satdan yo‘qolib qolganini payqagan. U dengizga tikilib boqqanda unga suzib yurgan ryukzaklar bo‘lib tuyulgan buyumlarni ko‘rgan. Biroq Galartsa tez orada bu qizchalar ekanini va ular kuchli to‘lqin sababli sohilga chiqa olishmayotgani hamda tobora dengiz ichkarisiga kirib ketishayotganini ko‘rgan.

Shunda baliqchi qarmog‘i leskasi tarang tortilib turganini, uni qizchalardan biri to‘lqin dengizga olib ketmasligi uchun kafti atrofida o‘rab olganini payqagan. Shunda erkak qizlarga cho‘kib ketishlariga yo‘l qo‘ymasligini aytgan. U leskani ma'lum vaqt tortishda davom etib, so‘ngra ko‘mak izlashga tushib ketgan. Shunda u plyaj yaqinida 17 yoshli yigitni uchratib, undan suza olishi haqida so‘ragan. Aniqlanishicha, yigitcha suzishni yaxshi bilgan va o‘ylab o‘tirmasdan, o‘zini dengizga otgan.

Baliqchi va yigit plyajga qaytishganda, qizchalardan biri sohilga mustaqil chiqa olganini ko‘rishgan. Biroq qolgan ikki qiz sohildan taxminan 60 metrcha uzoqlashib ketgan. Yosh yigit bir qizchani qutqarib chiqqan, erkak esa qarmog‘i bilan uchinchi qizchani ushlab turgan hamda 20 daqiqa ichida uni ham chiqarib olgan. 

Qizchalar 11 yoshdan 13 yoshgacha bo‘lishgan. Erkakning aytishicha, qizlarning baxtiga leska uzilib ketmagan.

“Bu juda tang holat edi, ularning o‘lishlarini ko‘rish juda dahshatli bo‘lardi. Agar men ularga yordam berish uchun hech nima qilmaganimda, bunday manzara keyin butun qolgan hayotim ko‘z oldimdan ketmagan bo‘lardi”, deb aytgan Galartsa.

Qizchalar qutqarilishgach, birinchi yordam punktiga yetkazilganlar. Ta'kidlanishicha, voqea yuz bergan plyaj toshlar ko‘pligi va kuchli to‘lqinlar kuzatilishi sabab suzish uchun xavfli joy hisoblanadi.

Mavzuga oid