O‘zbekiston | 11:20 / 02.12.2018
74237
3 daqiqa o‘qiladi

Prezident tashrifi doirasida Xorazm viloyatida besh hokim o‘zgardi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Xorazm viloyatiga tashrifi doirasida 30 noyabr kuni Urganch shahrida Xalq deputatlari Xorazm viloyati kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tgandi.

Yig‘ilish davomida viloyat hokimi vazifasini bajaruvchisi Farhod O‘razboyevich Ermanov rasman Xorazm viloyati hokimi lavozimiga tayinlandi. Shuningdek, Xorazm viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari, viloyat prokurori, ichki ishlar va soliq boshqarmalari boshliqlari vazifalariga ham yangi rahbarlar tayinlandi.

Kun.uz muxbiri xabar berishicha, yig‘ilish davomida viloyatdagi 3ta tuman rahbari va 2 shahar hokimi ham almashtirilgan.

1 dekabr kuni Hazorasp, Yangibozor va Gurlan tumanlari, shuningdek, Urganch va Xiva shaharlarida yangi hokimlar tanishtirilgan.

Hazorasp tumani hokimi O‘ktamboy Qo‘chqorovich Qurbonov viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari lavozimiga ko‘tarilishi munosabati bilan Ravshan Jabborov ushbu tuman hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlangan.

Viloyat hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari, qishloq va suv xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘i vazifasini vaqtincha bajaruvchi bo‘lgan O‘ktam Masharipov Yangibozor tumani hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlangan. U bu lavozimda 2010 yildan buyon ishlab kelgan Ozod Saidnazarovich Madrahimov o‘rnida ish boshladi.

Viloyat hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi bo‘lib ishlayotgan Shuhrat Abdullayev esa Urganch shahri hokimi vazifasini bajaruvchi bo‘lgan. U bu lavozimda Odilbek Shonazarovich Sapayev o‘rnini egalladi.

Alisher Salayev Gurlan tumani hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlangan. U bungacha Bosh prokuratura huzuridagi Agrosanoat majmui va oziq-ovqat xavfsizligi ta'minlanishi ustidan nazorat qilish inspeksiyasining Xorazm viloyati boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlayotgandi. U tumanni 2012 yildan buyon boshqarib kelgan Qahramon Egamnazarovich Madrahimovni almashtirdi.

Shuningdek, Sobir Jumaniyazov Xiva shahar hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlangan. Jumaniyazov 2013 yildan GM Uzbekistan yopiq aksiyadorlik jamiyati Xorazm filiali boshqaruvchi direktori edi.

Mavzuga oid