Propiska haqida haqiqatlar
Har gal propiska haqidagi navbatdagi xabarni o‘qib, yuragim shig‘ etadi. «Propiska tartibi soddalashtirildi», «Xodimlarini Toshkent doimiy propiskasiga tavsiya etadigan tashkilotlar ro‘yxati kengaydi» va hokazo. Aslida, shu matn ichida meni quvontirib, hayotimni tubdan o‘zgartirib tashlaydigan biror qudratli «iroda» yo‘q. Shunchaki, umid so‘nmagan, o‘qiyveraman. Balki, siz ham menga o‘xshab yaxshilikni kutasiz.
Propiska bo‘yicha ikkita holatga hech tushunmayman. O‘zbekistonda pasporti bo‘lishi shart bo‘lgan fuqaroning pasportsiz yoki haqiqiy bo‘lmagan pasport bilan, vaqtincha yoki doimiy propiskasiz yoxud turgan joyi bo‘yicha hisobda turmasdan yashashi, pasportni qasddan yaroqsizlantirishi, shuningdek pasportni beparvolik bilan saqlashi va buning oqibatida pasportning yo‘qolishi holatlari bo‘yicha jarima belgilangan. Masalan, Toshkent shahrida doimiy propiskaga ega bo‘lmagan, biror viloyatda muqim yashovchi O‘zbekiston fuqarosi poytaxtga kelib qolsa-yu, u shu zahoti ichki ishlar xodimiga duch kelsa, mana shu jazoga tortilishini ko‘p uchratganman.
Lekin, uning qo‘lida haqiqiy pasporti bor, o‘sha pasportda propiska muhri ham qadalgan. Uning aybi - Toshkentda doimiy hisobda turmasdan shaharga qadam ranjida qilgani, xolos. Kodeksda aniq bayon qilingan: turgan joyi bo‘yicha hisobda turmasdan yashashi mana shunaqa jazoga sababchi bo‘ladi. Lekin, yashash joyi bo‘yicha hisobga turishga sharoit, imkon, eng asosiysi - huquqiy asos bormi?
O‘zbekiston Konstitutsiyasi 28-modda quyidagicha bitilgan: O‘zbekiston Respublikasi Fuqarosi Respublika hududida bir joydan ikkinchi joyga ko‘chish, O‘zbekiston Respublikasiga kelish va undan chiqib ketish huquqiga ega. Qonunda belgilangan cheklashlar bundan mustasnodir. Ta'kidlangan harakatlarga haqli inson huquqlaridan qanday foydalanishi, ayniqsa xorijga chiqish masalasida ham hammasi joyida, masala faqat propiskada qolgan, deya olmayman. OVIR - katta mavzu, bundan buyog‘i tong otguncha mavzu bo‘ladi.
Gap faqat «bir joydan ikkinchi joyga ko‘chish» haqida ketganda moddada keltirilgan ikkinchi gap hafsalani pir qiladi. Avvallari «qonunda belgilangan cheklashlar» jumlasi ozodlikdan mahrum etilgan kishilar, sud yo huquq-tartibot organlari qarori bilan harakatlanishi cheklangan shaxslarga qaratilgan, deb tushunardim. Mantiqan, bu qoidalar batafsil etib qonunlarda belgilangan bo‘ladi. Ammo, boshqa bir mantiq borki, u sizda kulgi uyg‘otadi. Ya'ni, Konstitutsiya o‘zidan quyi hujjatlarga havola bermoqda. Masalan, mening ismim pasportda yozilgan, ammo unda boshqa yozuvni ham tasavvur eta olasizmi: boshqa hujjatlarda yozilgan ism-shariflar bundan mustasno. Mening ismim pasportda bir, litsey bergan diplomimda boshqacha bo‘lishi mumkinmi?
Vaholanki, Konstitutsiya mamlakatning pasporti, u haqda umumiy tushunchalar taqdim etuvchi oliy qomus hisoblanadi. Qarabsizki, Toshkentga erkin kelishni Konstitutsiyamiz ham taqiqlaydimi?
Propiskaning iqtisod, ijtimoiy kayfiyat, tibbiyot, texnologik rivojimiz va genofondga qanchalar ziyon qilishi hisoblab chiqilmagan, ammo unga, taajjubki, xavfsizlik va barqarorlikning kafolati sifatida qaraydiganlar ham topiladi. Eng kamida, shunday fikr bildirganlardan biri - Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati bo‘ladi.
Nega barcha Toshkentda doimiy propiskaga ega bo‘lishni istaydi? Men bu savolga qisqa va lo‘nda javob berishni istardim: uzluksiz elektr energiya, tabiiy gaz, obro‘ va daromadli ish, oliygohda tahsil olish, sifatli davlat xizmatlari, qadr-qimmat, erkinliklar va madaniy hordiq. Ayrim «oltinboshlar» esa mana shu sharoitni izlab, xorijga ketishga majbur bo‘lgan, bo‘lyapti, bo‘lishi yana davom etadi, deb qo‘rqaman.
Alisher Ro‘zioxunov
Mavzuga oid
19:32 / 19.03.2024
Propiskadagi begonalar va kutilmagan soliq – Adliya mas’ullari izoh berdi
21:55 / 06.07.2020
Propiska tizimidagi o‘zgarishlardan so‘ng ikki oy ichida salkam 40 ming kishi Toshkent shahrida doimiy propiskali bo‘lgani ma'lum qilindi
21:45 / 03.02.2020
Propiska masalasi yaqin kelajakda uzil-kesil hal bo‘lishi kerak - Ruslanbek Davletov
19:10 / 30.01.2019