Xorijga chiqish pasporti bo‘yicha bilishingiz kerak bo‘lgan muhim ma'lumotlar
Ayni vaqtda xorijga chiqish pasportining joriy etish masalasi yuzaga chiqishi bilan «fuqaroning nechta pasporti bo‘ladi», degan savol va mavzu atrofidagi mulohazalar ko‘pchilikni o‘ylantirmoqda.
2019 yil 1 yanvaridan boshlab xorijga chiqish uchun alohida pasport joriy etilishi Prezidentning 2017 yil 16 avgustdagi «O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining xorijga chiqish tartibini takomillashtirishga doir muhim chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Farmonida ta'kidlangan edi.
Unda xorijiy pasportga doir barcha savollarga aniq javob berilgan. Masalan, fuqarolar 2021 yilning 1 yanvariga qadar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq, kirish vizalarini rasmiylashtirish talab etilmaydigan davlatlar hududiga O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining amalda qo‘llanilayotgan 2011 yilgi namunadagi biometrik pasportidan foydalangan holda mamlakatdan chiqishi mumkin. Biroq, kirish vizalarini rasmiylashtirish talab etilmaydigan davlatlarda bo‘lib turgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun pasportidagi ruxsat yozuvi stikerining amal qilish muddati tugagandan so‘ng, O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq, kirish vizalarini rasmiylashtirish talab etiladigan davlatlarga kirish uchun amaldagi pasporti haqiqiy hisoblanmaydi.
Xo‘sh, xorijga chiqish uchun alohida pasportning amaliyotga kiritilishiga nima sabab bor edi?
Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i, polkovnik Sanjar Qosimovning Kun.uz'ga ma'lum qilishicha, xorijga chiqish pasporti o‘zbekistonliklarning talab va takliflari bilan joriy etildi. Xalqaro standartlarga javob beradigan pasportga ehtiyoj ham bunga sabab bo‘ldi.
«Uning amaldagi pasportdan farqi shundaki, 48 varaqdan iborat, rangi to‘q qizil bo‘ladi, chunki rivojlangan davlatlarning pasportlari aynan shu tusda. Bunda Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkiloti (IKAO)ning tavsiyalariga tayanildi. Eng qiziqarli tomoni shundaki, xorijiy pasportda yurtimizdagi qadimiy obida va qadamjolarning tasviri ham tushiriladi. Bu, mamlakatimizning turistik imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida qilinyapti. Ushbu hujjatning amal qilish muddati 10 yil», - deydi u.
Bundan avval, yangi namunadagi pasportda «millati» ustuni olib tashlanishi ham aytilgandi. Mutaxassis mavzuga oid yana bir qancha savollarga javob berib, fuqaro endi nechta pasportga ega bo‘lishiga oydinlik kiritdi.
«Amaldagi biometrik pasport o‘z kuchida qoladi. Faqat chet elga chiqmoqchi bo‘lgan fuqarolarga yangi joriy etilgan fuqarolik pasporti beriladi. Uning afzalligi o‘zida elektron ma'lumotlarni saqlaydi va boshqa ortiqcha hujjatlarni talab qilmaydi. Ko‘pchilikda savol paydo bo‘ldi: xorijiy pasport bilan chet elga chiqib ketayotganda hozirgi biometrik pasportni topshirishimiz kerakmi? Yo‘q, ikkala pasport ham shaxsning o‘zida saqlanadi», - deydi u.
Nega amaldagi pasportni xorijga chiquvchi hujjat sifatida tan olinmaydi?
«Biometrik pasport talabga javob bermaganligi uchun xorijga chiqish uchun alohida pasport joriy etildi, degan fikr noto‘g‘ri. Jahon tajribasi o‘rganilganda, ichki va tashqi foydalanish uchun ikki xil hujjat yuritiladi va bu Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkiloti (IKAO)ning talabi hamdir. Biz ham xalqaro andozalarga javob beradigan pasportni joriy etishni maqsad qilganmiz. Bu amaliyot xorijga chiqish tartibini yanada takomillashtirib, xorijga chiqish uchun hujjatlarni rasmiylashtirishda byurokratik to‘siqlar va korrupsiya holatlarining oldini oladi, harakatlanish hujjatining amal qilish muddatini uzaytiradi, fuqarolarning davlat chegarasidan o‘tkazish punktlarida pasport nazoratidan o‘tish tartib-taomillarini tubdan soddalashtiradi», - deb qo‘shimcha qiladi polkovnik Sanjar Qosimov.
Vizasiz rejim o‘rnatilgan 9 ta MDH davlatlariga ruxsat berish stikerisiz ham chiqish mumkin. Xorijiy pasport joriy etilsa, bu tartib saqlanadimi?
Farmonda belgilanganidek, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari 2021 yilning 1 yanvariga qadar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq, kirish vizalarini rasmiylashtirish talab etilmaydigan davlatlar hududiga O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining amalda qo‘llanilayotgan 2011 yilgi namunadagi biometrik pasportidan foydalangan holda O‘zbekiston Respublikasidan chiqishi mumkin.
Xorijda o‘qish, ish yuzasidan yurgan yurtdoshlarimizning pasportlaridagi stikerning muddati o‘tgan bo‘lsa, ularning xorijda yashab turishi noqonuniymi?
Yo‘q, ular O‘zbekistonga kelib, yana chet elga chiqib ketayotganlarida xorijga chiqish pasportini rasmiylashtirishlari mumkin.
Viza talab qilinadigan mamlakatlarga chiqib ketish uchun ayni chog‘da xorijiy pasport bo‘lishi shartmi?
Shart emas. Agar fuqaroning pasportida ruxsat yozuvi qayd etilgan ikki yillik stikerining muddati o‘tmagan bo‘lsa, ana shu muddat yakuniga qadar xorijga qiyinchiliksiz chiqishi mumkin.
Qaysi hollarda xorijga chiqish pasporti berilmaydi?
Fuqaro ustidan jinoiy ish ochilgan va uning sud jarayoni tugallanmagan bo‘lsa, aliment to‘lovini amalga oshirmagan bo‘lsa va qonunda belgilangan hollarda xorijga chiqish pasporti berish rad etiladi.
Mavzuga oid
18:21 / 13.08.2024
“Shoh asar” - Kanadaning yangi pasporti dizayni haqida
08:35 / 20.07.2024
Aholi punktlarining xavfsizlik pasportlari tuziladi
11:29 / 13.07.2024
Singapur pasporti – «eng kuchli», O‘zbekiston pasporti – 79-o‘rinda
11:03 / 29.04.2024