Jamiyat | 20:50 / 13.12.2018
12185
5 daqiqa o‘qiladi

«Oson ermas bu maydon ichra turmoq…» - Tuman gazetlari muammolari

Gapning lo‘ndasini aytganda, tuman gazetalari va jurnalistlari to‘g‘risida, obunalar haqida keyingi paytlarda o‘ylab-o‘ylamay aytilayotgan gaplar, haqoratomuz fikrlar, shaxsiyatga teguvchi iboralar chiqib qolyaptiki, buni hazm qilish qiyin kechyapti. So‘z erkinligi degani hamma gapni ham ommaga e'lon qilaverish, deb o‘ylayotgan ommaviy axborot vositalari mutasaddilari sal «Do‘ppini yerga qo‘yib» o‘ylab ko‘rishlari kerakmikan?

«Majburiy obuna qilib olib, yil bo‘yi yeb yotadilar» degan gapni qanday tushunish mumkin? Nima, tuman gazetalari jurnalistlari yil bo‘yi ishlamaydilarmi? Muammolarni hal qilmaydilarmi? Xalq dardiga quloq tutmaydilarmi? 

Tuman gazetalari to‘g‘risida fikr bildirishdan avval joylarga borib kishilarning fikrlarini bilishlari, gazetalarda qanday tanqidiy maqolalar yoritilayotgani, bu qanday samara berayotgani, tuman hokimliklari o‘z muassisligidagi gazetalar haqida qanday fikrda ekanliklari, o‘z gazetasiga qanday yordam berayotgani, obunasi haqida jon kuydirayotganliklari, jurnalistlarga qanday sharoit yaratib berayotganliklari haqida qiziqib ham ko‘rganlarida ehtimol boshqacha fikrda bo‘larmidilar?!

Sir emas, tuman gazetalari joylashgan binolarning aksariyati investitsiya kiritish sharti bilan (ehtimol, shoshqaloqlik bilan) tadbirkorlarga berib yuborildi. Masalan, Izboskan tumanining «Paxtakor» gazetasi binosi ham. Chunki bino tumanlararo bosmaxona balansida bo‘lgan. Bosmaxonaning 30 nafarga yaqin ishchisi bino tadbirkor qo‘liga o‘tishi bilan ishsiz qoldi.

Bosmaxonani rivojlantirish maqsadida olingan bu joyda bosmaxona rivojlantirilmadi. Boz ustiga, bosmaxonadagi ko‘p jihozlar sotilib ketdi. Nomigina «uskunalar, bosmaxona bor», deyish uchun nomiga olib qolindi.

Shu bilan kelasi yilda 90 yilligi nishonlanadigan «Paxtakor» gazetasi ko‘chada qoldi. Hali u yerda, hali bu yerda nonini halollab yeyayotgan jurnalistlar «Paxtakor» gazetasi faoliyatini to‘xtatmay, chiqarishda davom etishmoqda. Holbuki, shu kungacha muassis bo‘lgan tuman hokimligi «ahvoling qalay?» deb so‘rab ham qo‘ygani yo‘q. Obunachi ham tahririyatning o‘zi. Xalq dardini tinglab, gazetasida yoritayotgan jurnalistlar yo‘g‘ida sabr qilib, borida shukur qilib ishlashmoqda, jurnalistlik yukini tortishmoqda.

Tuman gazetalarini nazarga ilmayotganlar, bilmayotganlar bilib qo‘ysinki, tuman gazetasi jurnalistlari dalama-dala, ko‘chama-ko‘cha, tashkilotma-tashkilot yurib, bo‘layotgan jarayonlarni o‘z ko‘zi bilan ko‘rib, tahlil qilib, izchil o‘rganib yozadi. Ilg‘or tajribalarni yoritadi, muammolarni ko‘tarib chiqadi. Arzimagan maoshiga quvonib, kun ketidan kun quvaveradi. Yuqori gazetalarda, televideniyelarda, radiolarda ishlagan jurnalistlarning hech biri tuman gazetasida ishlay olmaydi. Chunki, tuman gazetasi muxbiri dalaga chiqsa dehqon, maktabga borsa o‘qituvchi, ichki ishlarga borsa tartib posboni, qo‘yingki, qayerga borsa o‘sha joyning xodimi sifatida maqola yozadi.

Bir so‘z bilan aytganda, ommaga eng yaqini — tuman gazetasi. Faoliyati tanqid qilingan rahbar yoki shaxs bilan har kuni yuzma-yuz keladi. Shu yerning o‘zida e'tiroz, bahs, munozaralar qozoni qaynaydi, asablar taranglashadi. Chunki tanqid, u qanchalik to‘g‘ri va haqqoniy bo‘lsa ham hech kimga yoqmaydi. Har kim o‘zicha haq. 

Qolaversa, tumanlar butun respublikaga oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetkazib beradigan hudud hisoblanadi. Bu hududda islohotlar jarayonida yuz berayotgan o‘zgarishlar shu yerda tuman gazetasida o‘z aksini topadi va hal qilinishi uchun targ‘ibot-tashviqotchilik amalga oshirilishida asosiy vosita bo‘lib xizmat qiladi. Shuning uchun ham tuman gazetalarining ahamiyati aynan real hayotni ochib berilishidagi ahamiyati beqiyos. Har kuni maqtab, tanqid qilib, tahlil qilib yoritib bergan tuman gazetalari jurnalistlariga bu maydonda faoliyat olib borishi oson emas. Shuning uchun ham o‘ynab gapirsang ham o‘ylab gapir, degan elimizning dono naqliga amal qilsak aslo yutqazmaymiz.

Muhammadjon Mirzaabdullayev, 
O‘zbekiston Jurnalistlar ijodiy uyushmasi a'zosi, jurnalist.

Yo‘ldoshmirza Isoqjonov,
«Oltin qalam» sohibi, jurnalist

Mavzuga oid