O‘zbekiston | 18:10 / 21.12.2018
26151
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Islom sivilizatsiyasi markazi qurilishi bilan tanishdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev joriy yil 15 iyun kuni O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi quriladigan hududga tashrif buyurib, uning poydevoriga tamal toshi qo‘ygan edi. Bugungi kunda bino konstruksiyalari qad ko‘tarib, qurilish ishlari jadal davom etmoqda, deb xabar beradi prezident matbuot xizmati.

Islom sivilizatsiyasi markazi umumbashariy sivilizatsiya rivojiga benazir hissa qo‘shgan buyuk ajdodlarning boy merosini o‘rganish, dinimizning asl insonparvarlik mohiyatini avvalambor xalqqa, dunyo hamjamiyatiga yetkazish, jamiyatda “jaholatga qarshi – ma'rifat” tamoyilini kuchaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Uch qavatli markaz qadimiy madrasalarimiz uslubida quriladi. Binoning simmetrik markaziga Usmon Qur'oni qo‘yiladi.   Ikkinchi qavatda kutubxona, anjumanlar va ko‘rgazma zallari bo‘ladi. Uchinchi qavat axborot-resurs markazi, ilmiy kafedralar va boshqa xonalarni o‘z ichiga oladi.

Prezident qurilish jarayoni bilan tanishdi. Ko‘rgazmalar zalida O‘zbekiston tarixi davrlar bo‘yicha, har bir asr, har bir allomaga oid manbalar va ashyolar asosida namoyish etilishi zarurligini ta'kidladi.

- Hamma o‘z tarixini ulug‘laydi. Lekin bizning mamlakatimizdagidek boy tarix, bobolarimizdek buyuk allomalar hech qayerda yo‘q. Bu merosni chuqur o‘rganishimiz, xalqimizga, dunyoga yetkaza bilishimiz kerak. Bu markazga kelgan odam tariximiz haqida to‘la tasavvurga ega bo‘lishi, katta ma'naviyat olib ketishi zarur, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlat rahbari markazni pardozlash va jihozlashni takomillashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar bergan.

Mavzuga oid