O‘zbekiston | 09:45 / 28.12.2018
151243
3 daqiqa o‘qiladi

Prezident 2019 yilni «Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili» deb e'lon qildi

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga 2018 yilgi Murojaatnomasi boshlandi. Murojaatnoma  «O‘zbekiston» va «O‘zbekiston 24» telekanallari orqali jonli efirda namoyish etilmoqda.

Yig‘ilishda parlament rahbariyati va a'zolari, O‘zbekiston hukumati, viloyatlar hokimlari, akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik korpuslar va jamoatchilik vakillari ishtirok etmoqda.

Yig‘ilishda nutq so‘zlayotgan prezident kirib kelayotgan yangi — 2019 yilni O‘zbekistonda «Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili» deb e'lon qilishni taklif etdi.

O‘zbekiston Prezidentining bu taklifi yig‘ilganlar tomonidan gulduros qarsaklar bilan qo‘llab-quvvatlandi.

«Hech qaysi davlat investitsiyani rivojlantirmasdan, hech qanday natijaga erishmaydi. Eng murakkab yo‘l, bu investitsiya jozibardorligini sarmoyadorlarga yetkazish bo‘yicha katta ishlarni qilishimiz kerak.

Muhitni yaratmas ekanmiz, oldimizga qo‘ygan yuksak marralarga erisholmaymiz. Juda katta marra olyapmiz. Qaror, qonun, farmon, kerak bo‘lsa kadrlar dunyoqarashini o‘zgartirishimiz kerak. Joylardagi to‘siqlarni olib tashlasak, investitsiya muhiti ta'minlanadi», dedi prezident.

Ma'lumot uchun, O‘zbekistonda 1997 yildan boshlab har bir yilga shu davr ichida taraqqiyotning muhim yo‘nalishlarini ifoda etadigan nom berish an'anaga aylangan. 1997—2017 yillar oralig‘ida yillarga quyidagicha nom berilgan:

2018 yil — Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili
2017 yil — «Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili»
2016 yil — Sog‘lom ona va bola yili
2015 yil — Keksalarni e'zozlash yili
2014 yil — Sog‘lom bola yili
2013 yil — Obod turmush yili
2012 yil — Mustahkam oila yili
2011 yil — Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik yili
2010 yil — Barkamol avlod yili
2009 yil — Qishloq taraqqiyoti va farovonligi yili
2008 yil — Yoshlar yili
2007 yil — Ijtimoiy himoya yili
2006 yil — Homiylar va shifokorlar yili
2005 yil — Sihat-salomatlik yili
2004 yil — Mehr va muruvvat yili
2003 yil — Obod mahalla yili
2002 yil — Qariyalarni qadrlash yili
2001 yil — Onalar va bolalar yili
2000 yil — Sog‘lom avlod yili
1999 yil — Ayollar yili
1998 yil — Oila yili
1997 yil — Inson manfaatlari yili

Mavzuga oid