O‘zbekiston | 19:00 / 02.01.2019
43450
3 daqiqa o‘qiladi

Moliya vaziri: «Gaz zapravka»larda vaziyatni barqarorlashtirish uchun taklif ishlab chiqilmoqda

Foto: Ma'ruf Asqarov / KUN.UZ

2019 yilning 1 kunidan boshlab, respublikaning ayrim hududlarida avtomobillarga metan gaz quyish shoxobchalari — gaz to‘ldirish kompressor stansiyalarida xizmatlar narxi yana keskin ko‘tarildi. Bu oxirgi 3 oyda ikkinchi marta kuzatilmoqda. Bu haqda Kun.uz  muxbiri xabar bermoqda.

Ayni paytda AGTKSlarda bir kubometr metan gaz narxi o‘rtacha 300–400 so‘mga oshdi va kuzatilgan eng qimmat baho 2200 so‘m bo‘ldi. Oxirgi marta ushbu holat 2018 yil noyabr oyida, respublikaning barcha hududlarida joylashgan shoxobchalarda kuzatilgan. Xizmat narxining keskin oshib ketishiga limitdan ortiq olingan gaz sarfi uchun 2 koeffitsiyentda to‘lov amalga oshirilishi vaj qilib ko‘rsatilgandi. O‘sha payt, AGTKSda gaz tanqis bo‘lishini oldini olish maqsadida, «O‘zbekneftgaz» noyabr oyi uchun qo‘shimcha 40 million kub.m gazni realizatsiya qilishga kirishgandi

1 yanvardan boshlab, AGTKS xarajatlari orasida ijtimoiy soliq ham 55 so‘mga qimmatladi, shuningdek, limitdan ortiq gaz sarfi uchun o‘rnatilgan 2  koeffitsiyentda to‘lov masalasi hal etilmay qolmoqda. Gap shundaki, «gaz zapravka»lari talabidan kelib chiqib, resurs hech qachon to‘liq yetkazib berilmagan. Shuning uchun, ularga gaz realizatsiyasida limit qo‘yiladi. Ana shu o‘rnatilgan limitdan ham ortiq sotuv amalga oshirilsa, yetkazib berilayotgan gaz narxi 2 barobar qimmatlaydi. Tadbirkorlar esa limitgacha va undan boshqa narxda xarid qilgan gazni realizatsiya qilish uchun «oltin me'yor»dagi narxni belgilab, xizmat ko‘rsatadi. 

Agar limit tugagandan so‘ng, «gaz zapravka» ishlamasa yo majburan yopib qo‘yilsa, ahvol qanaqa bo‘lishini dekabr oyida kuzatdik. Bu vaziyat eng kamida transport-logistika narxining oshib ketishiga olib keldi. 

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorovning Kun.uz'ga aytishicha, limitdan ortiq olingan gaz sarfi uchun belgilangan 2 koeffitsiyent miqdordagi to‘lovni amalga oshirish tartibi bekor qilinishi kutilmoqda. Amalda «gaz zapravka»larda vaziyatni barqarorlashtirish uchun taklif ishlab chiqilmoqda. 

Biroq, Bosh vazir o‘rinbosari - Moliya vazirining munosabati kabi izohni vazirlikning boshqa vakili o‘tgan yili noyabrda bildirgandi. 

«Ayni paytda ushbu masala yuzasidan amaldagi tartibga qo‘shimcha va o‘zgartish kiritish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqilmoqda. Bu o‘zgarish aynan limitdan ortiq olingan gaz sarfi uchun belgilangan koeffitsiyent miqdorida aks etishi mumkin», - degandi u.

Kun.uz vaziyatni kuzatadi.

Mavzuga oid