Sport | 17:04 / 05.01.2019
17665
3 daqiqa o‘qiladi

Magnus Karlsenni mag‘lubiyatga uchratgan Shamsiddin Vohidov MacBook Pro bilan taqdirlandi

Foto: Shaxmat federatsiyasi

2018 yil 25-31 dekabr kunlari Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida shaxmat bo‘yicha erkaklar va ayollar o‘rtasida rapid hamda blits yo‘nalishi bo‘yicha jahon chempionati bo‘lib o‘tdi. Chempionat Xalqaro Shaxmat federatsiyasining rasmiy musobaqasi bo‘lib, mukofot jamg‘armasi jami 1 000 000 AQSh dollari miqdorida belgilangan. 

Mazkur nufuzli chempionatda o‘zbekistonlik xalqaro grossmeyster Nodirbek Abdusattorov, xalqaro toifadagi sport ustalari Shamsiddin Vohidov hamda Nodirbek Yoqubboyev, shuningdek, ayollar o‘rtasidagi bahslarda Gulruhbegim Tohirjonova ishtirok etdi.

Rapid yo‘nalishlari bo‘yicha musobaqaning 2 turida sensatsiya qayd etildi. Ushbu turda Shamsiddin Vohidov amaldagi jahon chempioni norvegiyalik xalqaro grossmeyster Magnus Karlsen bilan o‘zaro dona surdi. Partiyaning 22 yurishida xatoga yo‘l qo‘ygan jahonning mutlaq chempioni 36 yurishda 14 yoshgacha o‘smirlar o‘rtasida jahon chempioniga taslim bo‘lishga majbur bo‘ldi. Shamsiddin mazkur o‘yinda ajoyib texnikani ishga solib, raqibining xatosidan unumli foydalangan holda raqibiga hech qanday imkoniyat qoldirmadi. 

Sh.Vohidov 15 tur natijalariga ko‘ra, 5 nafar xalqaro grossmeysterni mag‘lubiyatga uchratdi, 5 nafar xalqaro grossmeyster bilan durang va 1 nafar xalqaro toifadagi sport ustasi ustidan g‘alab qozondi. 15 turdan 8,5 ochko jamg‘arib, 206 nafar sportchilar orasida 58 o‘rinni qayd etdi hamda o‘z reytingiga 123 ball qo‘shdi. 

Chempionatda ishtirok etgan Nodirbek Abdusattorov 5 nafar xalqaro grossmeyster ustidan g‘alaba, 5 nafar xalqaro grossmeyster bilan durang  qayd etib, jami 15 turdan 8 ochko jamg‘arib, 88 o‘rinni egalladi. Nodirbek Yoqubboyev xalqaro grossmeysterlarga qarshi 7 ta durang, 4 g‘alabaga erishib, 7,5 ochkoni qo‘lga kiritdi. 

5 yanvar kuni shaxmat bo‘yicha  Respublika ixtisoslashtirilgan bolalar-o‘smirlar sport maktabida jahon chempionatida muvaffaqiyatli ishtirok etib, Magnus Karlsenni mag‘lubiyatga uchratgan Shamsiddin Vohidov O‘zbekiston Shaxmat federatsiyasi prezidenti tomonidan MacBook Pro rusumli eng zamonaviy kompyuter bilan taqdirlandi. Federatsiya prezidenti sovg‘asini birinchi vitse-prezident Husan Turdialiyev topshirdi. 

Foto: Shaxmat federatsiyasi
Foto: Shaxmat federatsiyasi

 

Mavzuga oid