Sport | 17:45 / 05.01.2019
45520
19 daqiqa o‘qiladi

Osiyo Kubogi. Kimda imkoniyat qanday?

Bugun, 5 yanvar kuni Birlashgan Arab Amirliklarida qit'aning eng nufuzli musobaqasi Osiyo Kubogi-2019 turniri start oladi va 2 fevral kuniga qadar davom etadi. «Tribuna» turnir arafasida unda ishtirok etuvchi jamoalarni va ularning imkoniyatlarini baholaydi.

Musobaqada ilk marotaba 24ta terma jamoa qatnashadi.

Tartibga ko‘ra, 6ta guruhda birinchi va ikkinchi o‘rinlarni egallagan jamoalardan tashqari, guruhlarda uchinchi o‘rin sohiblari bo‘lgan terma jamoalardan eng yaxshi 4tasi pley-offga chiqadi.

Bugun Toshkent vaqti bilan soat 21:00da mezbonlar BAA terma jamoasi ochilish o‘yinida Bahraynga qarshi maydonga chiqadi.

A guruhi

BAA

BAA terma jamoasining xalqaro maydondagi eng yaxshi natijasi uzoq 1990 yilda kuzatilgan. O‘shanda Amirliklar Italiya maydonlarida kechgan mundialda GFR, Yugoslaviya va Kolumbiya bilan bir guruhdan joy olib, oxirgi o‘rinni egallagandi.

1990 yildan buyon Osiyo Kubogida ishtirok etib kelayotgan (faqat 2000 yili saralashdan o‘ta olmagan) BAA eng yaxshi natijalarini 1996 (2-o‘rin) va 2015 yillarda (3-o‘rin) qayd etgan.

Ayni vaqtda jamoani italiyalik mutaxassis Alberto Dzakkeroni boshqarmoqda. Asosiy futbolchilari o‘zbekistonlik futbol muxlislari va futbolchilar uchun yaxshi tanish bo‘lgan Umar Abdulrahmon, Ahmad Halil va Ali Mabhutdir. Shuningdek, Osiyo Kubogi uchun yakuniy tarkibda faxriy futbolchi Ismoil Matar va Amir Abdulrahmon kabi futbolchilar ham o‘rin olgan. 

BAA o‘z guruhida Tailand, Hindiston va Bahrayn kabi terma jamoalarni ortda qoldirishi va birinchi o‘rinni egallashi haqiqatga yaqin. Bu holda mezbonlarni nimchorak finalda Suriya yoki Ummon kutadi. Bu bosqichdan o‘tishsa, Dzakkeroni shogirdlari katta ehtimol bilan Ektor Kuper boshchiligidagi O‘zbekistonga ro‘baru bo‘lishadi. Ko‘p ehtimol bilan mezbonlar chorak finalda turnirdagi ishtirokini yakunlaydi.

Bahrayn

Bu guruhda ikkinchi o‘rinni katta ehtimol bilan chexiyalik Miroslav Soukup boshchiligidagi Bahrayn terma jamoasi egallaydi. Birinchi turda mezbonlarga qarshi o‘ynaydigan bahraynliklar o‘z maqsadlariga erisha olishmasa, keyingi turlarda Tailand va Hindistonni mag‘lub etish orqali pley-off masalasini hal qilishlari mumkin bo‘ladi.

Tailand

Hindiston

Bahrayn nimchorak finaldan uzoqroqqa borishi imkoniyati kam. Bahraynliklar guruhdan ikkinchi o‘rin bilan chiqishsa, bu bosqichda Xitoy bilan o‘ynashi mumkin.

V guruhi

Avstraliya

2006 yildan xalqaro maydonlarda Osiyo qit'asi vakili sifatida ishtirok eta boshlagan «sokkeruz» muntazam ravishda jahon chempionatlariga yo‘llanma olib kelmoqda. Osiyo Kubogida esa avstraliyaliklar 2007 yili guruh bosqichidayoq qolib ketishgan, 2011 yili finalda yaponlarga overtaymda yutqazishgan, 2015 yili Avstraliyada o‘tgan turnirda esa mezbonlar koreyslar ustidan g‘alaba qozongandi.

Bu safargi turnirga Grem Arnold boshchiligida tashrif buyurgan avstraliyaliklarga guruhda Suriya, Iordaniya va Falastin kabi termalar jiddiy qarshilik ko‘rsatishi kutilmayapti. Shu bilan birgalikda, o‘tgan yilda Tim Keyxill va Mile Yedinak kabi futbolchilar faoliyatini yakunlashi ortidan terma jamoada katta nomlar qolmadi. 

Avstraliyaliklar guruhdan birinchi o‘rin bilan chiqishsa, dastlab Vetnam bilan o‘ynashi, agar bu bosqichdan ham o‘tishsa, chorak finalda ularga Yaponiya-Qatar juftligi duch kelishi mumkin. Yaponiya ham hozirda avlodlar almashinuvini boshdan kechirmoqda va bu holatda kim yarim finalga o‘tishini taxmin qilish qiyin. Yarim finalga chiqqan jamoani pley-offda ko‘p ehtimol bilan turnir g‘olibligi uchun asosiy favorit bo‘lib turgan Eron qarshi oladi.

Suriya

Guruhda ikkinchi o‘rinni Suriya egallashi haqiqatga yaqin. JCh-2018 turniri yo‘llanmasi uchun oxirigacha kurashgan suriyaliklar birinchi va ikkinchi turlarda Falastin va Iordaniyani kurashdan chiqarishi va muddatidan oldin yo‘llanma taqdirini hal qilishi mumkin. JCh-2018 saralashida O‘zbekistonning guruhdoshi bo‘lgan Suriya bu safar pley-offda O‘zbekiston vakillariga duch kelishi mumkin bo‘ladi. Bu qarama-qarshilikda o‘zbekistonliklarning imkoniyati yuqoriroq.

Iordaniya

Falastin

Iordaniyada esa eng yaxshi uchinchi o‘rin vakili sifatida pley-offda o‘ynash imkoni bo‘ladi. Bu variantda ular nimchorak finalda Janubiy Koreyaga qarshi o‘ynashi mumkin.

S guruhi

Janubiy Koreya

Janubiy Koreya termasining xalqaro maydondagi eng katta natijasi 2002 yili Osiyoda, Yaponiya va Janubiy Koreya mezbonligida kechgan mundialdagi yarim finaldir. 

Osiyo Kubogida esa janubiy koreyaliklar ikki marta g‘olib bo‘lishgan, ammo bu chempionliklar 1956 va 1960 yillarda qayd etilgan. 1980, 1988 va 2015 yillarda finalda o‘ynagan koreyaliklar kumush medallar bilan kifoyalanishgan. Bundan tashqari, 1964, 2000, 2008 va 2011 yillarda uchinchi o‘rin egallangan.

Rossiya mundialidagi omadsiz ishtirokdan keyin iste'foga chiqarilgan Sin Txe Yon o‘rnini portugaliyalik sobiq futbolchi Paulu Bentu egalladi. Ayni vaqtda terma jamoa yetakchisi «Tottenhem» hujumchisi Son Hyong Min hisoblanadi. Turnir arafasida «Tottenhem»ning 6 o‘yinida 12ta golda qatnashgan (7 gol va 5ta assistentlik) hujumchi terma jamoasi bilan bu safar ham finalga chiqmoqchi. Terma jamoada undan tashqari, Chon Sin Xyon, Xvan In Byom va Xvan Iydjo kabi yetakchilar ham bor.

«Tedju jangchilari» guruhda birinchi o‘rinni egallashsa, nimchorak finalda ko‘p ehtimol bilan Iordaniya bilan o‘ynaydi. Koreyaliklar yarim finalgacha yetib borsa, O‘zbekiston bilan to‘qnashishi ham mumkin. 

Xitoy

Bu guruhda yana bir grand jamoa bor. Xitoy futboli rivojlangandan rivojlanmoqda. Xitoyliklar o‘z tarixida faqat bir marta, 2002 yili jahon chempionatida qatnashgan. Osiyo Kubogida esa ko‘pincha muvaffaqiyatli ishtirok etgan. 1976 yili Eron mezbonligida kechgan turnirda xitoyliklar yarim finalgacha borgan va uchinchi o‘rin uchun bahsda Iroqdan ustun kelgan. 1984 yilda finalga chiqqan xitoyliklar Saudiya Arabistoniga yutqazgan. Keyin esa 1 marta uchinchi (1992) va 2 marta to‘rtinchi o‘rinni (1988, 2000) egallashgan. 2000 yili Xitoyda bo‘lib o‘tgan turnirda mezbonlar Yaponiyaga yutqazib, ikkinchi o‘rin bilan kifoyalangan.

Ayni vaqtda terma jamoani italiyalik mutaxassis Marchello Lippi boshqarmoqda. Terma jamoaning asosiy yetakchilari Gao Lin hisoblanadi. Xitoy Janubiy Koreyadan keyin ikkinchi o‘rinni olishi haqiqatga yaqin.

Filippin

Qirg‘iziston

Sven-Yoran Eriksson boshchiligidagi Filippin va Osiyo Kubogida debyut qiladigan Qirg‘iziston «ajdarlar»ga qarshilik qilishi qiyin.

D guruhi

Eron

Eron Osiyo Kubogida g‘olib bo‘lish bo‘yicha faqat Yaponiyadan (4) ortda qoladi va Saudiya Arabistoni bilan bir xil natija qayd etgan - 3 marta (1968, 1972, 1976). Bundan tashqari, eronliklar 5 marta yarim finalga chiqqan va shundan 4 martasida (1980, 1988, 1996, 2004) uchinchi o‘rin uchun bahsda g‘alaba qozongan, faqat bir safar (1984) uchinchi o‘rin uchun bahsda Kuveytga yutqazgan.

2011 yildan buyon eronliklar jamoasini boshqarib kelayotgan portugaliyalik Karlush Keyrush o‘tgan vaqt ichida terma jamoani ikki marta mundialga olib chiqdi va ikki safar ham kuchli guruhdan o‘rin olgan eronliklar munosib ishtirok etishdi. 

Serdar Azmun, Alirizo Jahonbaxsh, Karim Ansarifard kabi yetakchilar bilan turnirga kelgan eronliklar birinchi turni keyingi yillarda kuchaygan Vetnamga qarshi o‘tkazadi. Bundan tashqari, Yaman va Iroq bilan ham o‘ynaydigan Eron ko‘p ehtimol bilan guruhdan birinchi o‘rinni egallagan holda chiqadi. Bu holda ularning pley-offdagi dastlabki raqibi KXDR bo‘lishi mumkin. Eronliklar nimchorak finaldan osonlik bilan o‘tib, chorak finalda Xitoyga ro‘baru bo‘lishi, undan keyin Avstraliya bilan o‘ynashi mumkin. Agar jamoa barqaror o‘yin namoyish etishda davom etsa, sharqdagi grandlarda avlodlar almashinuvi jarayoni kechayotganidan foydalanib, Osiyo Kubogi chempionligiga erishishi hech gap emas.

Vetnam

Iroq

Bu guruhda Iroq va Vetnam ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni egallagan holda pley-offda qatnashishi mumkin.

Yaman

Yaman uchun esa bu safargi turnir ham o‘ziga xos maktab vazifasini o‘taydi.

Ye guruhi

Saudiya Arabistoni

Saudiya Arabistoni 1984, 1988 va 1996 yillarda Osiyo Kubogida tengsiz deb topilgan. Saudiyaliklar finalda eng ko‘p marta maydonga tushgan terma jamoa hisoblanadi - 6 marta (1992, 2000 va 2007 yillarda kumush medallar bilan kifoyalanilgan). Bu borada faqat Janubiy Koreya (5 marta final) eng yaqin natija qayd etgan. 

Chilidagi muvaffaqiyatsiz natijalardan keyin (2016-17) Xuan Antonio Pitstsi Osiyoga yo‘l oldi va unga Saudiya Arabistoni terma jamoasi boshqaruvi ishonib topshirildi. Keyingi yillarda avlodlar almashinuvini boshdan kechirgan saudiyaliklar yana qaytmoqda. Salmon al-Faraj, Nosir al-Shamroniy, Fahad al-Muvallad, Yosir al-Shahroniy, Salim al-Dossari kabi yetakchilari bilan turnirga kelgan saudiyaliklarda guruhdan chiqishda muammo yo‘q. Hozirda Qatar ham, KXDR ham, Livan ham saudiyaliklar darajasida emas. Guruhdan birinchi o‘rin bilan chiqishsa, Pitstsi shogirdlari nimchorak finalda Iroqni yengib, chorak finalga chiqishi, bu bosqichda turnirning asosiy favoritlaridan biri bo‘lmish Janubiy Koreyaga to‘qnash kelishi mumkin.

Qatar

KXDR

Guruhning boshqa ishtirokchilari Qatar va KXDRda ham ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni egallagan holda pley-offda ishtirok etish imkoniyati mavjud. Ammo nimchorak finaldan uyog‘iga o‘tish imkoniyatlari juda past.

Livan

Livanning BAAdagi sarguzashtlari uzoq davom etmaydi.

F guruhi

Yaponiya

Yaponiya turnirda eng ko‘p marta g‘olib bo‘lgan terma jamoadir. 1984, 1988, 1996 va 2011 yillarda yaponlarga teng keladigan jamoa topilmagan. Kunchiqar yurt vakillari 2007 yilda ham yarim finalga chiqqan, lekin Saudiyaga yutqazgan, uchinchi o‘rin uchun bahsda esa Janubiy Koreyadan mag‘lub bo‘lgandi. O‘sha yili turnirda kutilmaganda Iroq terma jamoasi g‘alaba qozongan.

Yaponiyalik futbolchilar doimo Yevropa chempionatlarida to‘p surib kelishgan. O‘tgan asrning 90-yillarida Xidetosi Nakata Yaponiya nomini Yevropaga tanitgan bo‘lsa, keyinroq Sunsuke Nakamura, Sindzi Kagava, Eydzi Kavasima va Keysuke Honda kabi futbolchilar yulduzga aylanishdi. Bugungi kunda ham Sindzi Okadzaki («Lester»), Yuto Nagatomo («Galatasaroy»), Makoto Xasebe («Ayntraxt» F), Mayya Yosida («Sauthempton»), Xiroki Sakai («Marsel»), Gaku Sibasaki («Xetafe»), Ritsu Doan («Groningen»), Takasi Inui («Betis»), Yuya Osako («Verder»), Yosinori Muto («Nyukasl»), Takumi Minamino («Red Bull») kabi futbolchilar ham Yevropa yashil maydonlarida muvaffaqiyat bilan to‘p surib kelishmoqda. 

O‘zbekiston bilan bir guruhdan o‘rin olgan yaponlar birinchi o‘rin bilan guruhdan chiqishi va pley-offda Qatarni mag‘lub etib, chorak finalga chiqishi mumkin. Chorak finalda esa samuraylarga Avstraliya raqib bo‘lishi mumkin bo‘ladi. 

O‘zbekiston

O‘zbekiston shu vaqtga qadar biror marta Jahon chempionatiga yo‘llanma ololmadi. Osiyo Kubogidagi eng yaxshi natija esa 2011 yili Qatar maydonlarida o‘tgan turnirda qayd etilgan. O‘shanda Vadim Abramov boshqaruvida bo‘lgan terma jamoa yarim finalgacha yetib borgandi.

2018 yil O‘zbekiston terma jamoasida tub burilish davri bo‘ldi. O‘tgan yil yozida terma jamoaga uzoq kutilgan xorijlik mashhur mutaxassis taklif etildi. Argentinalik tajribali murabbiy Ektor Kuper o‘tgan oylar davomida 3ta yig‘in o‘tkazdi (2 marta Toshkentda va 1 marta Avstraliyada), bu yig‘inlar doirasida O‘zbekiston milliy terma jamoasi 6ta o‘rtoqlik uchrashuvida maydonga tushdi.

Sentabr oyi boshida Toshkentda Suriya va Eronga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi. Suriya bilan o‘yinda 1:1 hisobi qayd etildi, Erondan mag‘lub bo‘lindi - 0:1.

Ikkinchi yig‘in ham 6-17 oktabr kunlarida Toshkentda o‘tkazildi. Bu yig‘in doirasida Qatar va Shimoliy Koreya terma jamoalariga qarshi o‘yinlar o‘tkazilib, Kuper jamoasi ikki o‘yinda ham bir xil hisobda - 2:0 hisoblarida g‘alaba qozondi.

Uchinchi yig‘in esa 11-22 noyabr kunlari Avstraliyaning Brisben shahrida o‘tkazildi. Bu yig‘in doirasida dastlab Livan terma jamoasi bilan o‘ynagan o‘zbekistonliklar nursiz durangga imzo chekishdi (0:0), Janubiy Koreya termasiga qarshi o‘yin esa yirik mag‘lubiyat bilan yakunlandi - 0:4.

Kuper shogirdlari turnirdagi ilk o‘yinni 9 yanvar kuni Ummonga qarshi o‘tkazadi, 13 yanvar kuni Turkmanistonga qarshi bahs bo‘lib o‘tadi. Yaponiyaga qarshi 17 yanvar kuniga belgilangan o‘yin esa guruh g‘olibi kim bo‘lishini aniqlab berishi kutilmoqda.

O‘zbekiston terma jamoasi o‘yinlarining taqvimi:
9 yanvar, Sharja, soat 18:30, O‘zbekiston – Ummon  
13 yanvar, Dubay, soat 21:00, Turkmaniston – O‘zbekiston   
17 yanvar, Al-Ayn, 18:30, Yaponiya – O‘zbekiston 

Osiyo Kubogi o‘yinlari Abu Dabi, Dubay, Al-Ayn va Sharja shaharlarida o‘tkaziladi.

O‘zbekiston terma jamoasi yetakchisi Odil Ahmedov. U Osiyo Kubogi-2011 qahramonlaridan biri bo‘lgandi. Endi yana bir bor terma jamoa bilan muvaffaqiyatni takrorlash va uni yaxshilashga urinib ko‘radi.

Ektor Kuper yig‘inlar va o‘rtoqlik uchrashuvlari vaqtida taktik sxemani o‘zgartirmadi va 4-4-2 bo‘yicha o‘ynashda davom etdi. Lekin u terma jamoaga ko‘plab yangi nomlarni taklif qildi - Azizbek Turg‘unboyev, Odil Hamrobekov, Javohir Siddiqov. Shuningdek, Nesterov, Shorahmedov, Zoteyev, Aliboyev, Bikmayev, Nagayev (u oxirgi pallalarda jarohat olib, tarkibdan tushib qoldi) va Musayev kabi futbolchilar tarkibga qaytarildi. Murabbiy o‘z o‘yin uslubini O‘zbekistonda qo‘llashda davom etmoqda - o‘yinda ikkinchi raqam ostida harakat qilish va qanotlar orqali qarshi hujumlar uyushtirish. 

Yangi futbolchilarni tarkibga jalb etish barobarida Kuper Vitaliy Denisovni turnirga olib ketmadi. Uning chap qanotdagi o‘rnini «Lokomotiv» futbolchisi Oleg Zoteyev yoki «Paxtakor» a'zosi Farrux Sayfiyev to‘ldiradi. Himoya markazida Islom To‘xtaxo‘jayev, Anzur Ismoilov, Davron Tursunov va Igor Krimets kabi futbolchilar bor, Davron Hoshimov yoki Akmal Shorahmedov o‘ng qanot uchun mas'ul bo‘ladi.

Odil Ahmedovning pozitsiyasi qanday bo‘lishini oldindan aytish qiyin. Kuper undan Misrda Abdulla Said bilan bo‘lgani kabi «aldamchi o‘nlik» sifatida foydalanishi ham, ko‘proq tayanch yarimhimoyasiga qo‘yishi ham mumkin. Agar tayanch yarimhimoyasi uchun Fozil Musayev asosiy javobgar bo‘lsa, unda Ahmedov oldinroqqa, Javohir Siddiqovga yaqinroq joylashib, yosh futbolchini qo‘llash bilan band bo‘ladi.

Qanotlarni Dostonbek Hamdamov va Sardor Rashidov egallaydi, hujum markazidan esa Eldor Shomurodov joy oladi. Bu pozitsiyalar uchun zaxira variantlari Jaloliddin Masharipov (chap qanot vingeri), Azizbek Turg‘unboyev (o‘ng qanot vingeri) va Marat Bikmayev (markaziy hujumchi) hisoblanishadi. Dekabr oyida Janubiy Koreyaning «Seul» klubi safiga borib qo‘shilgan Ikromjon Aliboyev esa Ektor Kuperning «sirli toychog‘i»ga aylanishi mumkin. Ushbu futbolchi vaziyatni o‘z qo‘liga olabilishi va natija keltira olishi bilan ajralib turadi. Murabbiy ushbu hujumkor havbekni istalgan vaqtda zaxiradan o‘yinga tushirib, o‘yin yo‘nalishiga ta'sir ko‘rsata oladi. 

Ektor Kuper tajribali mutaxassis. Terma jamoa uchun guruhda birinchi emas, ikkinchi o‘rinni egallash manfaatliroq. Agar birinchi o‘rin bilan chiqilsa, pley-offda va keyingi bosqichlarda Avstraliya, Eron, Xitoy kabi grandlarga duch kelinishi mumkin. Agar ikkinchi o‘rin bilan chiqilsa, yarim finalga qadar Janubiy Koreya bilan to‘qnash kelinmaydi.

Ummon

Guruhdan Ummon terma jamoasi ham uchinchi o‘rinni egallagan holda chiqishi mumkin. Osiyo Kubogida ishtirok etish bo‘yicha eng tajribali mutaxassislardan biri bo‘lmish Pim Verbek shogirdlari dastlab O‘zbekiston bilan o‘ynaydi, keyin Yaponiyaga qarshi maydonga tushadi, guruh bosqichini turnirga sensatsiya ko‘tarib yo‘l olgan turkmanlarga qarshi o‘yin bilan yakunlaydi. Ular nimchorak finalda ko‘p ehtimol bilan BAAga qarshi o‘ynaydi va turnirni tark etadi.

Turkmaniston

Turkmanistonning debyuti guruh bosqichidan nariyog‘iga o‘tmaydi. Turkmanlar birinchi turda Yaponiyadan ochko olishi imkoniyati deyarli nolga teng. Agar ikkinchi turda O‘zbekiston ham o‘z qo‘shnisiga ochko bermasa, debyutantlar muddatidan avval turnirni tark etib bo‘ladi.

Turnir arafasida weglobalfootball.com sayti terma jamoalarning Osiyo Kubogidagi imkoniyatlarini taxmin qildi. Prognozga ko‘ra, Avstraliya, Janubiy Koreya, Eron va Yaponiyaning imkoniyatlari yuqori baholangan. O‘zbekiston terma jamoasi esa nimchorak finalga munosib ko‘rilgan.

Turkmaniston terma jamoasi turnirning eng yomon natijasini qayd etadigan terma jamoa sifatida (24-o‘rin) taxmin qilingan.

Mavzuga oid