O‘zbekiston | 14:12 / 26.01.2019
19160
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistondagi tashkilot va idoralarda qog‘ozni tejash taklif qilindi 

Foto: iStock

“Mening fikrim” jamoaviy murojaatlar portalida tashkilot va idoralarda qog‘ozni tejash hamda elektron hujjat aylanish tizimini takomillashtirish haqida petitsiya paydo bo‘ldi.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010 yil 22 iyuldagi № 155-sonli “Respublikada qog‘ozni tejash va undan oqilona foydalanishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan. Bugungi kunda davlat idoralarida elektron hujjat aylanish borasida ko‘plab hujjatlar qabul qilinib, hayotga tatbiq etilmoqda. 

“Biroq, ayrim holatlarda kelib tushgan elektron hujjat qog‘ozga chiqarilib, ushbu qog‘oz ijrosi ta'minlangandan keyin yana qog‘ozga chop etib, tasdiqlangan holda skanerdan o‘tkazishga to‘g‘ri kelmoqda. Bitta kelib tushgan elektron hujjat agar bir varaq bo‘lsa, uning chiqarish va ijro etish uchun ikki dona qog‘oz ishlatilmoqda. Agarda kelib tushgan elektron hujjat 10 varaq bo‘lsa, buning uchun 20 dona qog‘oz ishlatilishi tabiiy”, - deyiladi murojaatda.

Respublika bo‘yicha faoliyat ko‘rsatayotgan idoralar va korxonalarda bunday qog‘oz sarfini hisoblab ko‘rilsa, qancha qog‘oz sarflanishini bilish qiyin emas. Shuningdek, printerlarga mo‘ljallangan qog‘oz chetdan mamlakatimizga import qilinishini inobatga olsak, bu taklif valuta mablag‘larini tejashga ham xizmat qiladi, deb yozadi petitsiya muallifi.

“Shu sababdan, idoralarda elektron hujjat aylanish tizimini yanada takomillashtirish, yani qog‘oz sarfini keskin kamaytirish borasida aniq tizimga o‘tish yoki qog‘oz sarfini aniq maqsadli hujjatlar uchun ishlatish, bu boradagi islohotlarni qaytadan ko‘rib chiqish lozim. Elektron hujjat aylanish tizimiga o‘tishni kechiktirayotgan tashkilotlar va idoralarga nisbatan qat'iy choralar ko‘rish kerak”, - deyilgan murojaatda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda suvni ichimlik suvi va texnik suvga ajratish taklif etilgandi.

Mavzuga oid