O‘zbekiston | 22:34 / 27.01.2019
103756
3 daqiqa o‘qiladi

Onlayn auksionda 01 571 SAV avtoraqami sotilmagan - O‘zRTXB

2019 yilning 25 yanvarida turli ijtimoy tarmoqlar va internet resurslarida 01 571 SAV avtoraqami 220,4 mln so‘mga «O‘zbekiston Respublika tovar xomashyo birjasi» AJning onlayn auksioni — avtoraqam.uzex.uz’da sotilganligi to‘g‘risida xabar tarqatilgan edi.

«O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 31.08.2017 y. 683-sonli «Avtomototransport vositalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va ularga ro‘yxatdan o‘tkazish davlat raqami belgilarini berish tartibini takomillashtirish to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq 01 571 SAV avtoraqami oshirilgan to‘lov stavkalari bo‘yicha beriladigan I, IA, III, IIIA tipidagi avtotransport vositalari uchun ro‘yxatdan o‘tkazish davlat raqami belgilarining (RO‘DRB) ro‘yxatiga kiritilmaganligi sababli tarqatilgan ma'lumotlar haqiqatga zid», deb xabar bermoqda «O‘zRTXB» AJ matbuot xizmati.

«Shu bilan birga, yuqoridagi qarorga ko‘ra jismoniy va yuridik shaxslarga avtotransport vositalari uchun xaridorgir harf va raqamlar kombinatsiyasiga ega bo‘lgan ro‘yxatdan o‘tkazish davlat raqami belgilarini oshirilgan to‘lov stavkalari bo‘yicha berilishi mumkin. Buning uchun transport vositalarining egalari doimiy propiska qilingan joyidagi hududiy DYHX organlariga ariza bilan murojaat qilishlari kerak», — deyiladi birja matbuot xizmati xabarida.

«Xaridorgir harf va raqamlar kombinatsiyasiga ega bo‘lgan RO‘DRB oshirilgan to‘lov stavkalari bo‘yicha berish stavkalari eng kam oylik ish haqining 150 baravari miqdorida belgilangan.

«O‘zRTXB» AJ OAV vakillari va blogerlarni tasdiqlanmagan ma'lumotlarni tarqatmaslikni so‘raydi», deyiladi xabar so‘ngida.

Ijtimoiy tarmoqlarda ushbu avtoraqamga oid shov-shuv ko‘tarilishiga undagi 571 raqamlari Muhammad alayhissalomning milodiy yil hisobida tug‘ilgan yilini bildirishi, SAV esa «sallollohu alayhi vasallam» so‘zlarining qisqartmasi sifatida talqin qilinishi sabab bo‘ldi.

Ilgariroq, «O‘zRTXB» AJ onlayn auksionida «chiroyli» avtoraqamlarning sotilishi budjetga 121,7 mlrd so‘m daromad keltirgani xabar qilingan edi.

Umuman, onlayn auksion faoliyat ko‘rsatayotgandan buyon eng qimmat sotilgan avtoraqam Samarqand viloyatiga tegishli bo‘lib turibdi. 30 777 AAA avtoraqami 301 million 654 ming 338 so‘mga sotilgan edi.​

Mavzuga oid