Sport | 23:22 / 03.02.2019
7611
3 daqiqa o‘qiladi

Morataning «Atletiko»dagi debyuti muvaffaqiyatsiz chiqdi

Ispaniya chempionatining 22-turida «Betis» Madridning «Atletiko» klubini qabul qildi. Sevilyadagi «Benito Vilyamarin» stadionidagi uchrashuv mezbonlarning 1:0 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi.

O‘yindagi yagona gol muallifi «Betis» yarimhimoyachisi Serxio Kanales bo‘ldi, u 65-daqiqada penaltini aniq ijro etdi.

Bu o‘yinda madridliklar klubida debyut qilgan Alvaro Morata 90 daqiqa maydonda bo‘ldi, lekin o‘zini ko‘rsata olmadi.

«Atletiko» uchun bu Ispaniya chempionatidagi ikkinchi mag‘lubiyat bo‘ldi. Diyego Simeone jamoasi 18 uchrashuvdan buyon mag‘lub bo‘lmay kelayotgandi, jamoa 11 g‘alaba va 7 durang qayd etgandi.

Qayd etish kerakki, «Betis» uchun bu «Atletiko» ustidan keyingi 7 yildagi ilk g‘alaba bo‘ldi, sevilyaliklar oxirgi marta 2011 yilning dekabrida safarda madridliklarni mag‘lub etolgandi. «Betis» Madrid klubi bilan shundan keyin 12 o‘yinda g‘alaba qozonolmagan (9 mag‘lubiyat va 3 durang). Sevilliklar uy o‘yinlarida 13 yildan buyon «Atletiko»ni yenga olmayotgandi – 2006 yilning yanvaridan buyon.

Bugungi mag‘lubiyatdan keyin, Madrid klubi turnir peshqadami «Barselona» bilan oradagi farqni qisqartirib ololmadi. 2 fevral kuni, kataloniyaliklar o‘z maydonida «Valensiya»ga qarshi o‘yinda ochko yo‘qotgandi (2:2). Endi jamoalar o‘rtasidagi farq 6 ochkoni tashkil qilmoqda. «Betis» esa 32 ochko bilan oltinchi o‘rinda joylashgan.

Ispaniya chempionati
22-tur
Betis – Atletiko 1:0 (0:0, 1:0)
Gol: 1:0 – 65, penalti Kanales.
Betis – Lopes, Bartra (Sidney, 52), Feddal, Barragan, Mandi, Kanales, Gerrero (Firpo, 73), Sanches (Garsiya, 84), Kaptum, Guardado, Leon.
Atletiko – Oblak, Ximenes, Xuanfran, Aryas (Filipe Luis, 46), Lyuka Ernandes, Rodri Ernandes, Parti, Lemar (Vitolo, 63), Korrea (Kalinich, 75), Morata, Grizmann.
Ogohlantirishlar: Aryas (40), Korrea (41), Lyuka Ernandes (51), Mandi (82), Firpo (83), Leon (85), Lopes (87).

Mavzuga oid