Sport | 14:42 / 05.02.2019
16417
2 daqiqa o‘qiladi

«Paxtakor» 2,5 mlrd so‘mga «Nasaf»dan Odil Hamrobekovni transfer qildi

Foto: FC Nasaf

«Nasaf» yarim himoyachisi Odil Hamrobekov faoliyatini «Paxtakor»da davom ettiradigan bo‘ldi.

PFL matbuot xizmatidan ma'lum qilishlaricha, bugun «Paxtakor» rasmiylari 22 yoshli futbolchi bilan tuzilgan shartnomani ro‘yxatdan o‘tkazish uchun olib kelishgan. PFL endilikda mazkur o‘yinchi ham kiritilgan yakuniy ro‘yxatni Osiyo Chempionlar ligasi bahslarida qatnashish uchun OFKga yuboradi.

«Championat.asia» nashri ma'lumotiga ko‘ra, «Nasaf» bilan shartnoma muddati tugashiga bir yil qolgan Hamrobekovning transfer qiymati 2,5 milliard so‘mni tashkil etgan. Kelishuvga asosan, Odilning keyingi transferlaridan 20 foiz tushum «Nasaf»ga tegishli bo‘ladi.

Ma'lumot uchun, namanganlik xavbek «Nasaf» akademiyasi tarbiyalanuvchisi sanaladi. U O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi safida 2018 yilgi Osiyo chempionatida g‘olib chiqqan, musobaqaning eng yaxshi futbolchisi deb topilgandi. Milliy terma jamoaning Osiyo Kubogi uchun yakuniy tarkibidan o‘rin olgan Hamrobekovga musobaqada debyut qilish nasib etmadi.

Ayni paytda BAAda yig‘in o‘tkazayotgan «Paxtakor» hozircha ushbu transfer haqida e'lon qilganicha yo‘q. Hamrobekov «sherlar» bilan qancha muddatga bitim tuzgani noma'lumligicha qolmoqda.

«Sherlar» kecha Shvetsiyaning «Erebru» klubi bilan o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazib, 2:2 hisobida durang qayd etishdi. «Paxtakor» safidan gollarga Akram Komilov va Jaloliddin Masharipov mualliflik qilishdi. Jamoa ertaga, 6 fevral kuni kechqurun Toshkentga qaytib keladi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston vitse-chempioni OChL-2019 saralashi ikkinchi o‘tish bosqichi doirasida 12 fevral kuni o‘z maydonida Iroqning «Eyr Fors» jamoasiga qarshi maydonga tushadi.

Mavzuga oid