O‘zbekiston | 15:20 / 15.02.2019
13737
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda urbanizatsiya darajasining o‘sishi ma'muriy o‘zgarishga bog‘lanib qolgani aytildi

Mustaqillik yillarida O‘zbekistonda shahar aholisining salmog‘i 10 foizga oshdi. Bunday o‘sish sur'atlariga, asosan ma'muriy o‘zgarishlar, 2009 yilda mingga yaqin qishloq aholi punktlarining shahar posyolkalariga aylantirilishi hisobiga erishilgan. Bu haqda Iqtisodiyot va sanoat vazirligi tarqatgan bayonotga tayanib Kun.uz muxbiri xabar bermoqda. 

Vazirlik ma'lumotiga ko‘ra, 1991 yil O‘zbekistonda shaharliklar umumiy aholining 40,3 foizini tashkil etgan bo‘lsa, 2018 yilga kelib bu raqam 50,6 foizga o‘sdi. 

«Urbanizatsiya darajasi bo‘yicha O‘zbekistonning jahonda tutgan o‘rni past. BMT xalqaro reyting ko‘rsatkichlari bo‘yicha O‘zbekiston ushbu yo‘nalishda 233 mamlakat orasida 155-o‘rinni egalladi. Vaholanki, bu sohada dunyodagi o‘rtacha ko‘rsatkich 55,3 foizdir», - deyiladi vazirlik axborotida.

Eslatib o‘tamiz, urbanizatsiya jarayonlarini faollashtirish maqsadida Shavkat Mirziyoyevning parlamentga murojaatida urbanizatsiya darajasini 2030 yilgacha 60 foizga yetkazish vazifasini strategik maqsad sifatida belgilab berilgandi.

Mavzuga oid