O‘zbekiston | 22:16 / 18.02.2019
4351
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Vengriyaning atom energetikasi oid qonunchilik tajribasi bilan tanishdi

Foto: uzatom.uz

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari Boriy Alixonov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi atom energetikasiga oid qonunchilik bilan tanishish maqsadida Vengriyada bo‘lib qaytdi. 

"O‘zatom" agentligining xabar berishicha, tashrif davomida Vengriya parlamenti (Milliy majlis) vitse-spikeri Ishtvan Yakob bilan uchrashuv o‘tkazilgan. Yakob Vengriya hukumati O‘zbekistonni Markaziy Osiyodagi muhim strategik hamkor sifatida ko‘rishini ta'kidlagan. Shu bilan birga, 2017 yilda Toshkentda Vengriya elchixonasining ochilishi ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar rivojida muhim qadam bo‘lganini qayd etgan. 

Vengriya vitse-spikeri parlamentlararo aloqalar hamkorlikning muhim yo‘nalishi hisoblanishi va o‘zaro munosabatlarni yanada yuqori darajaga ko‘tarishini qo‘shimcha qildi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spiker o‘rinbosari Boriy Alixonov, o‘z navbatida, O‘zbekiston atom energetikasini rivojlantirish masalalarida Vengriya bilan strategik hamkorlikni chuqurlashtirishga katta e'tibor qaratishini ta'kidladi. 

Tomonlar parlamentlararo almashinuv va o‘zaro aloqalarni rivojlantirishga, shu jumladan tinchlik maqsadlarida atom energiyasidan foydalanish bo‘yicha Vengriya qonunchiligini o‘rganishga oid hamkorlikni mustahkamlashga, shuningdek ikki mamlakat vakolatli idoralari o‘rtasida tajriba almashishga kelishib olishdi.

Bundan tashqari, "Paksh-2" AES loyihasi uchun mas'ul vazir Yanosh Shuli, Vengriya innovatsiyalar va texnologiyalar vazirligi Davlat kotibi o‘rinbosari Beatriks Kadar, Vengriya atom energetikasi regulyatori bosh direktori Dyuley Fixtinger va boshqalar bilan "portfelsiz" muzokaralar bo‘lib o‘tdi. 

Ma'lumot uchun: "Paksh-2" AES loyihasi Vengriyada elektr energiyaga bo‘lgan ehtiyojning o‘sib borayotgani bilan bog‘liq. Loyiha uchun "Paksh-1" AES yonidan, Dunay daryosi bo‘yidan joy ajratilgan va u yerda "Paksh-2" joylashuvi uchun litsenziya olingan. Ayni damda loyiha AES qurilishi uchun litsenziya olish bosqichida. Mazkur loyihani amalga oshirish uchun Rossiya Federatsiyasi bilan AES qurilishiga doir hukumatlararo kelishuvga erishilgan. Vengriya tomon yuqori sifat va xavfsizlik nuqtai nazaridan "3+" avlodining "VVER-1200" dizayni tanlanganini e'tirof etdi. 

Shuningdek real reaktorlar va boshqa qurilmalar bilan jihozlangan "Paksh-1" AES o‘quv markazi faoliyati bilan yaqindan tanishildi. Mazkur markazdan Vengriyada AES va boshqa idoralar uchun personal tayyorlash, turli tajriba va tadqiqotlar o‘tkazish hamda boshqa mamlakatlar uchun kadrlar tayyorlashda foydalaniladi. 

Uchrashuvlar yakunlariga ko‘ra, tomonlar innovatsion texnologiyadani qo‘llashda hamkorlikni rivojlantirishga, tajriba almashishga va ilmiy-amaliy seminar hamda treninglar o‘tkazishga kelishishdi. O‘zbekistonlik talabalarning Vengriyada ta'lim olishi masalasi ko‘rib chiqilishi ma'lum qilindi. 

Mavzuga oid