O‘zbekiston | 12:26 / 21.02.2019
9547
3 daqiqa o‘qiladi

AQSh qo‘mondoni: «Biz «Tolibon» bilan bir tomonlama muzokaralar olib bormaymiz»

AQShning Janubiy Osiyodagi strategiyasidan muddao — Afg‘oniston Islom Respublikasi hukumati va «Tolibon» harakati o‘rtasida do‘stlik aloqasini tiklash mustahkamlash va mamlakatda barqaror siyosiy muhitning paydo bo‘lishiga erishish, deb hisoblaydi AQSh Qurolli Kuchlari Markaziy qo‘mondonligi qo‘mondoni general Jozef Votel. 

21 fevral kuni poytaxtdagi «Hyatt Regency Tashkent» mehmonxonasida Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlari Bosh shtab boshliqlarining navbatdagi anjumani boshlandi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

«Ushbu yig‘ilish mintaqa tarixidagi eng dolzarb va muhim davrda yuz bermoqda. Mintaqada xavfsizlik masalasi hamon ochiq qolyapti, shu tufayli biz faoliyatimizni yanada yaxshi olib borishimiz kerak», — deydi Jozef Votel.

AQSh qo‘mondonining aytishicha, ko‘p marotaba media makonida yangrayotgan Afg‘oniston bo‘yicha bir tomonlama «tinchlik muzokaralari» mish-mishdan boshqa narsa emas. 

«Fikrimni aniqroq ifodalashga ruxsat bergaysiz: AQSh «Tolibon» bilan harbiylarni olib chiqish bo‘yicha bir tomonlama muzokaralar olib bormayapti. Bizning maqsadimiz  — Afg‘oniston va «Tolibon» o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashdan iborat. Rivojlanib borayotgan ishonchni saqlab qolishda o‘zaro o‘t ochishlarni to‘xtatish muhim vazifa hisoblanadi. Shu bilan birga, biz «Tolibon»ga nisbatan harbiy bosimni davom ettiramiz. Nimaiki qilmaylik, siyosiy barqarorlik va rivojlanish uchun xizmat qilishi zarur», — deydi u. 

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham Oliy Majlisga murojaatnomasida mamlakat tashqi siyosatida qo‘shni Afg‘oniston muhim o‘rin egallashini bildirgandi. 

«Biz xalqaro hamjamiyatni Afg‘oniston hukumati rahbarligida tinchlik muzokaralarini boshlash zaruriyatini qo‘llab-quvvatlashga da'vat etdik. 2018 yilning mart oyida Afg‘oniston bo‘yicha o‘tkazilgan yuqori darajadagi Toshkent konferensiyasi zamonaviy Afg‘oniston tarixida xalqaro miqyosda keng qamrovli anjuman bo‘lganini alohida ta'kidlash lozim. Shu konferensiyadan so‘ng Afg‘onistondagi barcha siyosiy kuchlar, jumladan, «Tolibon» harakati ishtirokida muzokaralar jarayonini boshlashga qaratilgan xalqaro harakatlar yanada faollashdi. O‘zbekiston «Tolibon» harakati vakillari bilan bir qator muhim muzokaralar o‘tkazdi», — deydi Shavkat Mirziyoyev.

21 fevral kuni tashkil etilgan yig‘ilish ishtirok etgan O‘zbekiston Mudofaa vaziri general-mayor Bahodir Qurbonov «barcha davlatlar bilan Afg‘onistonda tinchlik, birinchi navbatda, xotirjamlikni ta'minlash uchun O‘zbekiston strategik aloqalarni har tomonlama rivojlantirishga tayyor»ligini aytdi.

Mavzuga oid