Jamiyat | 20:34 / 21.02.2019
32087
6 daqiqa o‘qiladi

O‘z yurtida musofirlar. Fuqarolik orzusidagi mo‘ysafiddan ikki og‘iz so‘z

O‘zga yurtda sarson musofir yurtdoshlarimiz haqida ko‘p eshitamiz. Ularning dardini yurakdan his etamiz. Ammo, biz bilan shu yurtda birga yashab kelayotgan vatandoshlarimiz ham borki, ular insoniylik jihatidan olganda shu yurt farzandi, ammo qonuniy jihatidan sal boshqacharoq. Ya'ni, ular fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar. Bunday insonlar islohotlar natijasida birma-bir O‘zbekiston pasportiga ega bo‘lishmoqda. Biz bunday maqomdagi vatandoshlarning «ko‘p»ini ko‘rdik, biroq bizga yo‘llangan bir murojaat e'tiborimizni tortdi.

Namangan shahrida yashovchi fuqaroligi yo‘q Mahmudjon Yusupov yo‘llagan murojaati asosida uning xonadoni tomon yo‘l oldik. 78 yoshni qoralagan bu mo‘ysafid bilan bir piyola choy ustida suhbat qurdik.

Video: Mover (tas-ix)

Video: Youtube

«O‘zim shu yerda 1942 yilda tug‘ilganman. Avvallari Norin sovxozi deb ataladigan joy bo‘lar edi. 1963 yilgacha o‘sha joylarda yashadim. O‘zimizning hovli va bog‘larimiz bor edi. Qishloq xo‘jaligi mexanizatsiyasi bo‘yicha o‘qiganim uchun paxta zavodiga ishga kirganman. Ma'lum vaqt master bo‘lib ishlab yurdim. 1963 yili Qirg‘izistonga jo‘natishdi. U yerda sirtqi o‘qishga kirdim. O‘sha yerda ishlab yurdim, keyin uylandim. Yaxshi obro‘-e'tibor topdik, hech kimga yomonlik qilmadik. 6 nafar farzandli bo‘ldim. Ayolim o‘qituvchi bo‘lib ishlardi. 1989 yilda ayolim bilan vatanga qaytish masalasida tortishib qoldik. Bu yerga o‘zim qaytib keldim. Ularning holidan xabar olib turdim. Bu yerda hujjatlashtirish ishlarini qilamiz desak, «siz boshqa joyda bo‘lgansiz, shu sababli jinoyat qilganmisiz yo‘qmi tekshirishimiz kerak», deb pasportimni pasport stolda olib qolishgan. Biror joyda ishlashga haqqim yo‘qligi uchun g‘isht quyib, kun o‘tkazdim. 1992 yil 2 iyulda bir buyruq chiqqan ekan. Buyruqqa ko‘ra, 27 iyulgacha hujjatlashtirish qilinsin deyilgan ekan. Lekin meni hech kim ogohlantirmadi. Keyingi 3 yil ichida behuda urindim. Keyin qo‘limga hujjat berib «qayoqqa ketsangiz ketavering» deyishdi. Men qayoqqa boraman, axir bu yer vatanim-ku? Qo‘limga shu hujjatni berishdi (fuqaroligi yo‘q shaxs ma'lumotnomasi). Bu hujjat bilan hech qayoqqa borolmayman, saylab-saylanolmayman. Lekin, mehnat qilganim haqida mehnat daftarchalarim bor. 1999 yil pensiyaga chiqdim. O‘rtada 2000 yili bu hujjatni yangilab berishdi», deydi keksa murojaatchi.

Mo‘ysafiddan fuqaroligi bor shaxs bilan uning huquqlarida qanday farq borligi haqida so‘radik.

«Men tashqariga chiqmoqchi bo‘lsam, 400 AQSh dollariga teng to‘lov to‘layman. Qirg‘izistondagi farzandlarimni ko‘rib kelishga haqqim bormi yoki yo‘q? Bu yerdagi farzandlarim O‘zbekiston fuqarolari. Bir marta meni hamqishloqlarim mahallaga rais qilishmoqchi bo‘ldi. Lekin hujjatdagi kamchilik, ya'ni fuqaroligim yo‘qligi vaji bilan saylovga qo‘yilmadim. Shuncha vaqt, bu yer uchun mehnat qilasan. Seni hamma ma'qul ko‘rsa-yu, shunday sabablar xalaqit qilsa. Menga mansabi ham kerak emas. Shunchaki, o‘zimning yurtimda fuqaro bo‘lishni xohlayman, axir bunga haqqim bor-ku? Qayoqqa bormay bir xil gap. Nima qil desa, qilyapmiz. Bu diyorda 45 yil ishlagan bo‘lsak. Shuncha odam oldi-ku, biror gunohimiz bo‘lsa aytsin. Faqat sabr qilishimni so‘rashadi. Mening huquqim yo‘q bo‘lsa aytishsin. Bobom ham, otam ham qahramon bo‘lishgan. Necha marta televideniyedan kelishdi, o‘tgan yili aprel oyida s'yomka qilib ketishgan. Shu bo‘yi jim bo‘lib ketishdi. Ana beradi, mana beradi deyishadi. Xabar olgani borsangiz, teskari qarab ketishadi.

Bu yerda bog‘im bor. Mehnat qilib farzandlarni o‘qitdik. Nolimaymiz. Xudoga shukr qilaman. Hamma narsam yetarli. Mashina, uy-joy. Lekin odamga alam qilar ekan-da, bolam», deydi mo‘ysafid ko‘zda yosh bilan.

Mahmudjon bobo haqida mahalladoshlaridan fikr olish maqsadida «Yangihayot» mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Olimjon Bahromov bilan uchrashdik.

«Mahmudjon aka mahallamizda shuncha yil yashab, yaxshi nom orttirgan. Shu yerdan uylanganlar, bola-chaqali bo‘lgan. Bir necha bor pasport bo‘limlariga murojaat qilgan. Biz kerakli hamma hujjatlarni qilib berganmiz. U kishi mahalladagi jamoat ishlarida, to‘y va ma'rakalarda, tadbirlarda doim labbay deb qatnashadi. Shuncha vaqtdan beri bir mahalla bo‘lib yashab kelyapmiz. Rais bo‘lganimga 15 yil bo‘lgan bo‘lsa, yomonligini ko‘rmadim. Hasharlarda ham doim yoshlarga bosh bo‘lib turadi. Nega pasport berishmayapti, bunisi bizga ham qorong‘i», deydi mahalla raisi.

Namangan viloyati migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasiga ham bir kirib o‘tdik. Boshqarma rahbari, podpolkovnik Qorabayev bilan uchrashdik. Lekin Ichki ishlar tizimidagi shaffoflikka bo‘lgan ishonch o‘rniga yana yopiqlikka duch keldik.

Mo‘ysafid hamyurtimizning holati juda ta'sirli. Uning so‘zlari ta'na so‘zlari emas, bu so‘zlar chorasizlik va adolatsizlikdan norozi bo‘layotgan kishi tilidan chiqayotgan so‘zlar edi. Yurtga shuncha yil mehnati singgan inson bu vatandan ham ozgina e'tibor ilinjida murojaat qilsa-yu, javob ololmasa...

Bahodir Ahmedov

Mavzuga oid