Sport | 20:10 / 22.02.2019
8566
2 daqiqa o‘qiladi

Mirjalol Qosimov: «Lokomotiv»dan cho‘chiyotgan joyim yo‘q»

Ertaga, 23 fevral kuni «Paxtakor» stadionida O‘zbekiston chempioni «Lokomotiv» va kubok  sohibi OKMK jamoalari mamlakat Superkubogi uchun maydonga chiqadi.

Bugun «Samarqand darvoza» savdo-ko‘ngilochar majmuasida o‘yin oldi matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Uning dastlabki qismida olmaliqliklar klubi bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov va jamoa a'zolari ishtirok etdi.

«OChL pley-offida safarda mag‘lubiyatga uchragan bo‘lsak-da, hayot davom etadi. Men yigitlarga ishonaman, ular ertangi o‘yinda bor kuchlari bilan harakat qilishadi. Albatta, o‘yin oson bo‘lmaydi. Lekin yigitlar bitta o‘yinga kuchlarini yig‘ib, bir jamoa bo‘lib o‘ynashadi va biz natijaga erishamiz, degan umiddaman.

«Lokomotiv»ning qaysi chizig‘i cho‘chityapti? Cho‘chiyotgan joyim yo‘q. «Lokomotiv» – kuchli jamoa, O‘zbekistonning oxirgi yillardagi chempioni. Tarkibida yaxshi futbolchilar yig‘ilgan. Yangi, malakali o‘yinchilarni ham taklif qilishdi. Har bir chiziqda kuchli o‘yinchilari bor. Ammo men baribir o‘z futbolchilarimga ishonaman», – degan Qosimovning so‘zlarini keltirmoqda Tribuna.uz muxbiri.

Superkubok uchun «Lokomotiv»-OKMK o‘yini ertaga, 23 fevral kuni «Paxtakor» markaziy stadionida soat 16:00da start oladi.

Mavzuga oid