Jahon | 08:24 / 28.02.2019
33049
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh va Xitoy Hindiston hamda Pokistonga chaqiriq bilan chiqdi

Foto: REUTERS / Danish Ismail

 AQSh Hindiston va Pokistonni mojarodagi keskinlikni bartaraf etish uchun haqiqiy qadamlar tashlashga chaqiradi. Bu haqda RIA «Novosti» Oq uyga asosan xabar bermoqda.

Agentlik ma'lumotlariga ko‘ra, AQSh hukumati Hindiston va Pokiston o‘rtasidagi keskinlik tobora kuchayib borayotganidan xavotirda.

Ta'kidlanishicha, Oq Uy ikki davlat o‘rtasidagi harbiy mojaro butun jahon hamjamiyati uchun yuqori darajadagi xavfni keltirib chiqaradi, deb hisoblaydi.

AQSh mudofaa vaziri vazifasini bajaruvchi Patrik Shanaxan Hindiston va Pokiston hukumatini o‘zaro mojaroning harbiy keskinlashuviga yo‘l qo‘ymaslikka chaqirdi. Bu haqda RIA «Novosti» xabar bermoqda.

Agentlik ma'lumotlariga ko‘ra, Shanaxan tomonlarni bundan keyingi harbiy harakatlardan tiyilishga chaqirgan.

Ta'kidlanishicha, Hindiston va Pokiston o‘rtasidagi keskinlikning pasayishi Pentagon rahbari v.b. diqqat markazidadir. 

Shuningdek, Xitoy tashqi ishlar vaziri Van I Hindiston va Pokiston o‘rtasida yuzaga kelgan keskinlikdan xavotirda ekanini bildirdi.

U bu haqda Pokiston tashqi ishlar vaziri Shoh Mahmud Qurayshiy bilan telefon orqali muloqot chog‘ida ma'lum qilgan.

Van Ining so‘zlariga ko‘ra, Pekin xalqaro munosabatlar tamoyillari buzilishi holatlarini ko‘rishni xohlamaydi.

Shuningdek, u Hindiston va Pokiston vazminlikni ko‘rsatishiga umid bildirdi.

Van Ining ta'kidlashicha, tomonlar vaziyatning keskinlashishiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha kelishuvlarga amal qilishi kerak.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Pokiston Hindistonning ikkita harbiy samolyotini urib tushirgandi.

Shundan so‘ng, Hindiston javob qaytarib, Pokistonning qiruvchi samolyotini urib tushirdi

Mavzuga oid