Sport | 20:10 / 10.03.2019
13354
3 daqiqa o‘qiladi

Superliga. «So‘g‘diyona» «Bunyodkor»ni yengdi. Jizzaxliklar birinchi o‘rinda

Jizzaxda Superliga 1-turining «So‘g‘diyona» hamda «Bunyodkor» klublari o‘rtasidagi o‘yini yakunlandi. Nihoyat 1-turda biror jamoa g‘alaba qozondi.

O‘tgan mavsum Superligada zo‘rg‘a «jon saqlab qolgan» «So‘g‘diyona» yangi mavsumni g‘alaba bilan boshladi. 23-daqiqada jizzaxliklar klubi Doston Toshmatovning goli evaziga hisobda oldinga chiqib olishdi. 63-daqiqada «Bunyodkor» safida zaxiradan maydonga tushgan Sanjar Qodirqulov muvozanatni tikladi.

Biroq 90-daqiqada «qaldirg‘ochlar» himoyada xatoga yo‘l qo‘yishdi va bu xatodan foydalangan Sanjar Rashidov to‘pni olib qo‘yib, qulayroq vaziyatda turgan sherigiga uzatdi. Darvozabon bilan yakkama-yakka chiqib borgan Oybek Nurmatov esa imkoniyatni ko‘kka sovurmadi va «So‘g‘diyona»ga g‘alaba keltirdi.

Bungacha Superliganing 5 o‘yinida ham durang qayd etilgandi: «Qizilqum» – «Andijon» (1:1), «Dinamo» – «Nasaf» (1:1), OKMK – «Buxoro» (0:0), «Surxon» – «Metallurg» (1:1) hamda «Navbahor» – «Qo‘qon-1912» (1:1) o‘yinlarida ham g‘olib aniqlanmagandi.

1-turda hozircha faqat «So‘g‘diyona» g‘alaba qozondi va jizzaxliklar birinchi o‘ringa chiqib olishdi. 1-turni «Paxtakor» hamda «Lokomotiv» jamoalari o‘rtasidagi o‘yin yakunlab beradi.

Superliga-2019
1-tur
«So‘g‘diyona» – «Bunyodkor» 2:1

Gollar: Doston Toshmatov (23), Oybek Nurmatov (90) – Sanjar Qodirqulov (63).
So‘g‘diyona: Milan Mitrovich, Iskandar Shoyqulov, Elyor Orifov, Kaxi Maxaradze, Nuriddin Hasanov, Sanjar Rashidov, Siroj Meliyev, Shohruz Norxonov (Izzat Abdullayev, 72), Doston Toshmatov (Oybek Nurmatov, 69), Muhammadali Yo‘ldoshev, Shahboz Jo‘rabekov.
Bunyodkor: Murod Zuhurov, Islom Qobilov, Sergey Proxorov, Dilshod Ahmadaliyev, Jasur Jaloliddinov, Xurshid G‘iyosov, Javohir Qahramonov (Sanjar Qodirqulov, 62), Mirjahon Mirahmadov, Nurillo To‘xtasinov, Ulug‘bek Abdullayev, Abdulla Abdullayev.

Turnir jadvalidagi holat

Mavzuga oid