O‘zbekiston | 23:32 / 11.03.2019
14952
3 daqiqa o‘qiladi

Nima uchun O‘zbekistonda jamoaviy sport turlari yaxshi rivojlanmayapti? Vazir izohi

O‘zbekistonda jamoaviy sport turlarining sekin rivojlanayotganiga zarur mutaxassislarning yetishmasligi sabab bo‘lmoqda. Jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiyev Kun.uz muxbirining nima uchun O‘zbekistonda jamoaviy sport turlari yaxshi rivojlanmayotgani, xalqaro maydondagi g‘alabalar esa asosan yakka sport turlari bo‘yicha ekanligiga doir savoliga shunday bayonot berdi.

"Darhaqiqat, O‘zbekistonda jamoaviy sport turlari rivojlanishi sekin kechmoqda. Ochig‘ini aytadigan bo‘lsak, bu - bizni ham juda o‘ylantiradigan muammo. Jamoaviy sport turlari bo‘yicha sekin rivojlanishimizning asosiy sababi - mutaxassislarning yetishmasligi. Haqiqatan, bizda jamoaviy yondashuv, taktika, strategiyaga oid bilimlarga ega bo‘lgan mutaxassislar yetarli emas. Bugungi kunda yurtboshimizning topshiriqlariga asosan sportni rivojlantirish bo‘yicha juda katta qadamlar tashlayapmiz", - dedi vazir.

Dilmurod Nabiyevning so‘zlariga ko‘ra, 2019-2020 yilgi o‘quv yilidan boshlab Samarqand shahrida Rossiya Jismoniy tarbiya va sport universitetining filiali ochiladi. Mazkur o‘quv yilidan 150 nafar talabani qabul qilish rejasini belgilangan. U yerda aynan jamoaviy sport turlari uchun mutaxassislar tayyorlaydigan yo‘nalish ham bo‘ladi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi Rossiya, Belarus, Xitoy davlatlari bilan birgalikda mutaxassislar tayyorlashni yo‘lga qo‘yishni belgilab olgan. RF bilan birgalikda jamoaviy sport turlari, yengil atletika sport turlari bo‘yicha mutaxassis tayyorlansa, Belarus bilan, masalan, qishki sport turlari bo‘yicha kadrlar tayyorlanadi. Xitoy bilan sport psixologiyasi va sport menejmenti bo‘yicha mutaxassislarni tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi. Yaqindagina Dilmurod Nabiyev boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi Xitoyga borib, Shanxay sport universiteti va Pekin sport universiteti bilan shartnoma imzolagani ta'kidlandi.

"Filial ochib qo‘yish mumkin, lekin bu yerda mutaxassis bo‘lmasa, baribir ish yurishmaydi, shuning uchun ochgandan ochmagan yaxshi. Hozirdan to sentabr oyigacha mavjud mutaxassislarimizning malakasini oshirib, tayyorlab, auditoriyaga kirib dars o‘tadigan darajaga olib kelish kerak. Shu bilan birga, u yerdagi mutaxassislarning O‘zbekistonga kelib, bu yerda bilim berishlarini yo‘lga qo‘yishga doir ishlarni olib boryapmiz", - qo‘shimcha qiladi vazir.

Mavzuga oid