Light | 20:54 / 15.03.2019
82453
4 daqiqa o‘qiladi

30 yoshdan keyin iste'mol qilish tavsiya qilinmaydigan mahsulotlar ma'lum qilindi 

To‘g‘ri ovqatlanish sohasidagi rossiyalik mutaxassislar 30 yoshdan oshgan odamlarga bir qator oziq-ovqat mahsulotlaridan voz kechishni tavsiya qilishmoqda. Bunday mahsulotlar ro‘yxatiga kolbasalar, shirinliklar va pishiriqlar kiritilgan. 

“30 plyus” avlodi vakillari uchun eng zararli mahsulotlar reytingida shakar va uni saqlovchi barcha mahsulotlar “yetakchilik qilmoqda”. Mutaxassislarning fikricha, shakar teri elastikligini yomonlashtiradi, ajinlar hosil bo‘lishiga olib keladi va kollagen (organizmning biriktiruvchi to‘qimasi asosini tashkil qiluvchi va uning mustahkamligini ta'minlovchi oqsil) ishlab chiqarilishini to‘xtatadi.

“Shakarning barcha turlari yetarlicha zaharlidir, ayniqsa yog‘ to‘qimalari uchun. Uning me'yoridan ortiqcha iste'mol qilinishi oqibatida yog‘ to‘qimasining surunkali yallig‘lanishi avj oladi, bu esa arterial gipertoniya, ateroskleroz va qand kasalligi kabi yosh bilan bog‘liq kasalliklarga olib keladi. Bundan tashqari, shakar elastin kabi molekulalarning bichilib ketishiga olib keladi, buning oqibatida teri so‘ladi”, deb aytmoqda tibbiyot fanlari doktori, parhezshunos Mixail Ginzburg.  

Nomaqbul mahsulotlar orasida 2-o‘rinni transyog‘lar saqlovchi mahsulotlar – fastfud va gazaklar egalladi. 30 yoshdan keyin bu mahsulotlarning barchasi organizm tomonidan o‘zlashtirilmaydi. Bu esa ortiqcha vazn va teri keksayishiga olib keladi.   

“Transyog‘lar ateroskleroz avj olishi jarayonini kuchli tarzda jadallashtiradi”, deb qo‘shimcha qildi mutaxassis.  

Antireytingning keyingi o‘rnini kolbasa mahsulotlari, ayniqsa katta miqdorda konservantlar, ta'm kuchaytirgichlari va stabilizatorga ega turlari egallagan. “Gap go‘shtni chuqur qayta ishlash bilan bog‘liq barcha mahsulotlar haqida bormoqda. Qizil go‘sht ham bu ro‘yxatga kiradi. Bunda tezroq keksayish bilan bog‘liq aloqa bor”, deb ta'kidlab o‘tgan parhezshunos. 

Mutaxassislar, shuningdek, oq undan tayyorlanadigan mahsulotlarni iste'mol qilishdan tiyilishni tavsiya qilishmoqda. Bunday mahsulotlar qondagi glyukoza miqdori oshishiga sabab bo‘ladi.

“Fikrimcha, oq un sanab o‘tilgan mahsulotlardan eng xavfsizidir. Bunda ham shakar kabi mexanizm ishlaydi: bu mahsulotlar juda tez parchalanadi. Biroq oq unga 10 foiz javdar uni yoki bug‘doy kepagidan qo‘shib, uning zararligini oson yo‘qqa chiqarish mumkin”, deb hisoblamoqda mutaxassis.

Ginzburgning aytishicha, mutaxassislar tomonidan sanab o‘tilgan mahsulotlarning barchasi qarishni tezlashtiruvchi mahsulotlar guruhiga kiradi. Agar inson ko‘proq umr ko‘rishni istasa, bu mahsulotlarni kamida ehtiyotkorlik bilan, oz miqdorda va asosiy ovqatdan keyin iste'mol qilishi kerak.

“Men bu ro‘yxatga barcha yog‘li mahsulotlarni, ayniqsa hayvon yog‘lari va palmitin kislotasiga boy mahsulotlarni ham kiritgan bo‘lardim. Kungaboqar, jo‘xori, soya yog‘lari omega-6 yog‘ kislotalariga boy. Ular omega-3ga boy bo‘lgan zaytun va zig‘ir yog‘laridan kamroq iste'mol qilinishi lozim. Siz 30 yoshdan uzoqlashganingiz sari, bu tavsiyalarga qat'iyroq amal qilishingiz lozim”, deb tavsiya berdi mutaxassis.  

Mavzuga oid